2020 yil glavnaya Популярные новости

O‘zbekiston fuqarolarini BAAga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Saned”, «AS Unique Human Resourses», «Elite Employment Services» kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri vazirlik manbasiga asoslanib.

Tadbirda O‘zbekiston hududida kasb-hunar o‘quv kurslari tashkil etish, fuqarolarni BAAga ishga jalb qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda xavfsiz, uyushgan va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish, fuqarolarni kasb-hunar va chet tiliga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

BAA tomoni yil oxiriga qadar “Saned” kompaniyasi 1 ming 500 ta xorijiy fuqaroni ishga yollashni rejalashtirayotganini taʼkidladi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston fuqarolari orasidan BAAda “qo‘riqchi” ish o‘rinlariga nomzodlar tanlash va ishga yollash ekanligi maʼlum qilindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston fuqarolarini BAAga ishga yuborish bo‘yicha tanlovlar tashkil etish, nomzodlarni tanlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, BAA kompaniyalari professional o‘quv markazlarini Namangan viloyatida ham ochish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.