O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi norasmiy sammitidagi nutqida, boshqa dolzarb masalalar qatori, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining transport-tranzit salohiyatini mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berildi.
Davlatimiz rahbari transport yo‘laklarini rivojlantirish va Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasida yirik logistika infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish umumiy manfaatlarga to‘la mos kelishi ta’kidlandi.
Davlatlararo tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ishonchli va taraqqiy etgan transport infratuzilmasini, ya’ni asosiy tranzit yuk oqimi amalga oshiriladigan xalqaro transport yo‘laklarini yaratish lozim.
O‘zbekistonda mavjud transport yo‘laklarini takomillashtirish va yangilarini shakllantirish orqali tovarlarni jahon bozoriga olib chiqishni ta’minlash, tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga erishish, davlatning strategik vazifalari sirasiga kiradi.
2018 yil Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasi transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro anjuman ishtirokchilariga murojaatida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan mintaqa mamlakatlarini xalqaro transport yo‘laklariga qo‘shilishi bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligi qayd etilgan edi. Asosiy masala Yevroosiyo markazida joylashgan va eng yirik xalqaro bozorni birlashtirgan Markaziy Osiyo davlatlari qulay geostrategik pozitsiyaga ega ekanligida.
Ushbu yo‘nalishda samarali ish olib borish zarurligini yaqinda Suvaysh kanalida yuz bergan favqulodda holat ham yaqqol ko‘rsatdi. Birgina konteyner kemasi harakatlanishda yo‘l qo‘yilgan xatolik va zaxira kanallari yo‘qligi butun jahon savdo yo‘lini bir muddat to‘sib qo‘ydi. Ayni jarayondagi ishtirokchilar uchun jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi.
Mintaqada o‘z transport arteriyasini rivojlantirish va xalqaro yuk tashuvchilarga sharoitlar yaratish — O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan dolzarb vazifadir.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat transport va logistika sohasi vakillariga, balki respublikamiz iqtisodiyoti uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun foydali omil bo‘lib xizmat qiladi.
Sherzod Fayziyev,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
suv-ekologiya tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i