2021 yil glavnaya Популярные новости

O‘zbekiston Prezidentining yangi matbuot kotibi davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlar haqida ma’lumot berdi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari — O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun dastlabki brifingi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Davlat organlarining ochiqligi va jamiyatimizda so‘z erkinligini ta’minlash Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, — dedi Sherzod Asadov. – Davlatimiz rahbarining ana shu ochiqlik siyosatidan kelib chiqib, endi sizlar bilan shu formatda tez-tez uchrashib turamiz”.

U shu haftada O‘zbekiston Prezidenti ishtirokida o‘tadigan rasmiy xalqaro tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Xususan, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban 29-31 mart kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Bugun Toshkentda O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Bundan tashqari, Vengriyadan kelgan yuqori malakali ekspertlar guruhi ishtirokida Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini qo‘llash mo‘ljallangan.

Yaqin kunlarda bo‘ladigan yana bir xalqaro tadbir — bu Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti o‘tkaziladi.

Butun dunyodagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda ushbu anjumanni 31 mart kuni videokonferensiya shaklida o‘tkazishga qaror qilingan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.

“Sammitda davlat rahbarlari Turkiy kengashning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va boshqa hujjatlarni muhokama qiladi, — dedi Sherzod Asadov. – Sammit yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Turkiston deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda”.