2021 yil glavnaya Популярные новости Yangi O'zbekiston

O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatulla Jabborov: O‘zbek va qirg‘iz bir daryodan suv ichgan

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Prezident Sadir Japarovning joriy yil 11-12 mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelayotgani o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik aloqalari tarixida katta voqea bo‘ladi.

O‘zbekiston  qirg‘iz  milliy  madaniy  markazi  raisi  Rahmatulla  Jabborov  «Dunyo» AA muxbiriga bergan intervyusida shu haqda o‘z fikrlarini bildirdi.

— Tarixga  nazar  soladigan  bo‘lsak, O‘zbekiston  va  Qirg‘iziston  xalqlari asli ildizi bir  xalqlardir, — dedi R.Jabborov. — Ular  azaldan  yon  qo‘shni bo‘lib yashab, bir  daryodan  suv  ichgan, bir-bir bilan quda-anda, do‘st-birodar bo‘lgan, to‘y-tomoshasi ham, bozori ham, mozori ham bir bo‘lgan. Ko‘z tegmasin, bugungi kunda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida do‘stlik aloqalari barcha sohalarda yanada rivoj topmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tish postlari yana faoliyat yurita boshlab, odamlarning bir-biriga bordi-keldisi qayta tiklandi. Qisqacha  qilib aytadigan  bo‘lsak, turli sabablarga ko‘ra qotib  qolgan  muzlar  eridi. Bundan,  albatta,  ikki  xalq  vakillari mamnundir.

O‘zbekistonda qariyb 300 ming nafar  qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ular, asosan, Toshkent  shahri, Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent  viloyatlarida yashaydi.

Bugun O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda. Bu markazlarda qirg‘iz madaniyati, an’analari, urf-odatlari va tilini rivojlantirish  maqsadida xalq og‘zaki ijodiyoti, milliy  va jahon madaniyatining gavhari bo‘lmish “Manas” dostoniga katta e’tibor qaratilmoqda. Markaz muntazam ravishda madaniy tadbirlar, O‘zbekiston  va  Qirg‘izistonning  taniqli  fan  va  san’at  arboblari  bilan  uchrashuvlar, kitob taqdimotlarini uyushtirib kelmoqda.

Markazimiz  tashabbusi  va faol ishtiroki  bilan  mamlakatimizda  har  yili qirg‘iz tili o‘qituvchilarining qirg‘iz tili fani bo‘yicha tanlovi tashkil etiladi. Shuningdek o‘zbek-qirg‘iz do‘stlik kechalari, oqinlar aytishuvlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy  teleradiokompaniyasida “Aychurek” va “Yagona  oilada” teleloyihalari, “Elaman” va “Minqiyal” radiodasturlari, mamlakatimizda yashovchi qirg‘izlarning hayoti, ular erishayotgan yutuqlar va davlatimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida boshqa maxsus ko‘rsatuv va eshittirilishlar muntazam tarzda efirga uzatib boriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida respublikada birinchi bo‘lib Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi qirg‘iz  millatiga mansub aholi istiqomat qiladigan “Manas” qishlog‘i atigi 45 kun ichida qayta ta’mirlanib, barcha infratuzilmaga ega go‘zal maskanga aylantirildi. Bu yerda madaniyat saroyi qad rostlab, uning qoshida O‘zbekiston  Respublikasi  madaniyat vazirining buyrug‘iga binoan “Marjon” qirg‘iz milliy xalq havaskorlik ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekiston  Respublikasi  Vazirlar  mahkamasi  huzurida Millatlararo  munosabatlar  va  xorijiy  mamlakatlar  bilan  do‘stlik  aloqalari  qo‘mitasi tashkil etildi. Ushbu qo‘mita ham milliy madaniy markazlar faoliyatini yanada rivojlanishida  katta  ahamiyat kasb  etmoqda.

Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda o‘tkaziladigan har bir bayram tadbirida markazlarimiz faollari ishtirokida qirg‘iz milliy o‘tovlari o‘rnatilib, kuy-qo‘shiqlar yangrashi xalqimizga bayramona kayfiyat baxsh etib keladi. “Oq-so‘yilmak”, “arqon tortdi”, “ko‘kbari” va boshqa xalq o‘yinlari milliy an’anana va qadriyatlarni saqlab kelishda alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, milliy hunarmandchilik buyumlari va taomlari ko‘rgazmalari ham har bir bayramning betakror bezagi bo‘lib keladi.

Qirg‘iz madaniy markazi birinchilardan bo‘lib 1992 yilda Jizzax  viloyatida viloyatlararo qirg‘iz madaniy markazi maqomida tuzilgan. 1995 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston qirg‘iz madaniy  markazi 2019  yilga  kelib  O‘zbekiston  qirg‘iz  milliy  madaniy markazi, deb qayta nomlangan. Markazning asosiy maqsadi yurtimizda yashayotgan qirg‘iz millati vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishdan iborat. Yurtimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari bilan birgalikda hamjihatlik, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni  ta’minlashga munosib hissa qo‘shish ham bizning asosiy maqsadlarimizdan biridir.

Bu yil oldimizga qo‘ygan rejalarimiz katta. Xususan, Jizzax viloyati Baxmal tumani maktablarida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida turli millat vakillari, faxriylar va yoshlar ishtirokida do‘stlik festivallari va bayramlarini o‘tkazishni niyat qilganmiz. Shuningdek, Do‘stlik tumanidagi “Manas” qishlog‘ida Mirzacho‘lda xizmat ko‘rsatgan faxriylarning xotira kechalarini o‘tkazish, kam ta’minlangan oilalarga, urush qatnashchilariga muruvvat yordami ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. “Marjon” xalq havaskorlik ansambli jamoasining 2021-2022  yillarda qo‘shni Qirg‘izistonga gastrolini uyushtirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda  turli  millat  va  elat  vakillari emin-erkin hayot kechirib kelmoqda. Ular uchun millatidan, dinidan, irqidan va egallab turgan mavqeidan  qat’iy nazar teng sharoit yaratilgan.

So‘nggi to‘rt yil  ichida  Markaziy  Osiyo  davlatlari  bilan  o‘zaro  aloqalar yuqori darajaga ko‘tarildi. Jumladan, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston  o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarning rivoj topganini yuqori baholayman. Bundan, albatta, ikki mamlakat xalqlari  manfaatdor bo‘lmoqda. Ikki qo‘shni birodar xalq o‘rtasidagi bordi-keldilar yanada faollashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati Parkent tumanida adibning xotirasiga bag‘ishlab katta ijodiy kecha o‘tkazildi. Poytaximiz markazida Chingiz Aytmatovga memorial yodgorligi o‘rnatildi. Bularning hammasi qardosh xalq vakiliga ko‘rsatilgan ehtirom, yurtimizda millatlararo munosabatlar sohasida olib borilayotgan siyosatning yorqin namunasidir. Chingiz Aytmatov o‘zining chiqishlaridan birida shunday degan ekan: “Men Qirg‘izistonimga borsam mehnat qilaman, Moskvaga borsam hurmat qozonaman, O‘zbekistonga kelsam yayrab yashnayman”. Chunki uning O‘zbekistonda qadrdon do‘stlari va yaqinlari ko‘p bo‘lgan.

Bugungi  kunda  O‘zbekistonda ta’lim  yetti til, ya’ni o‘zbek, qirg‘iz, rus, qozoq, qoraqalpoq, turkman va tojik tillarida olib borilmoqda. Qirg‘iz tilida  56 ta  maktab faoliyat yuritmoqda. Maktab o‘quvchilari uchun darsliklar “O‘zbekiston”  nashriyotida chop etilib, ta’minlanib kelinmoqda. Mamlakat oliy bilim yurtlarida ham qirg‘iz  tili  va  adabiyoti  yo‘nalishi kafedralari mavjud. Andijon davlat pedagogika universitetida ko‘p  yillardan buyon qirg‘iz tili  filologiyasi  bo‘limi  ishlab  turibdi.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, qirg‘iz millatiga mansub vatandoshlarimizning kamtarona mehnati mamlakatimiz rahbariyati tomonidan munosib baholanib, yuksak davlat mukofotlariga munosib ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining farmonlariga binoan, Andijon viloyati  milliy madaniy markazi sobiq raisi Qodirjon Mamatov, Toshkent viloyatidan jurnalist Ma’mur Bozoraliyev, Sirdaryo viloyati qirg‘iz milliy madaniy  markazining sobiq raisi va markaz faxriysi Abdusalom Jonibekov, Andijon viloyati Jalaquduq tumani maktab direktori Umudaxon Mamataliyeva “Do‘stlik” ordeni, Namangan viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Ma’firatxon Istamqulova “Mehnat shuhrati” ordeni, Jizzax viloyatidan mehnat fahriysi Xidir Shukurov “El-yurt  hurmati” ordeni va Farg‘ona viloyatidan maktab o‘qituvchisi Nortoji Xalibayeva “Shuhrat”  medali  bilan  taqdirlangan.

Davlat idoralarida uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan Xidir Shukurov, Rahmatulla Jabborov, fan doktori Mahbuba Temirova, Rustam Nuriddinov, Abdusalom Jonibekov, Karim Almatov, Bahrom Izbosarov, yosh mutaxassislar Normuhammad Qo‘shnazarov, Shahriddin Jabborov, Mirkomil  Qulmatov va boshqalar ham turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganini ta’kidlashni istayman.

2019  yilda  O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy  Majlisi  quyi  palatasi  deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra Sirdaryo  viloyati  qirg‘iz  milliy  madaniy  markazi raisi Nodira Jonibekova ilk  marotaba Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lib saylandi.

Respublikada istiqomat qilayotgan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar bundan keyin ham yurtimizning gullab-yashnashi, ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda aloqalarning rivojlanishiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishda davom etadi.