2021 yil bosh-sahifa Dolzarb xabarlar Tadbirlar

«O‘zbekiston Respublikasida Durban deklaratsiyasi va harakatlar dasturini amalga oshirish» mavzusidagi davra suhbati

Joriy yilning 29 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida Durban deklaratsiyasi va harakatlar dasturini amalga oshirish» mavzusidagi onlayn va oflayn davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Milliy universitet va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi rahbariyati va mas’ul xodimlari, professor o‘qituvchilar hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, mamlakatimizdagi turli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturiga bag‘ishlangan davra suhbati O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilib, undan maqsad irqchilik, irqiy diskriminatsiya, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq toqatsizlik bilan kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga bag‘ishlangan Durban Deklaratsiyasi va Harakatlar Dasturini tavsiyalarini O‘zbekistonda amalga oshirilishi hamda millatlararo munosabatlar masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

 

 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Tyan bugungi kunda mamlakatimizda turli millat va elat vakillariga davlatimiz tomonidan berilgan keng imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar va g‘amxo‘rlik hamda e’tibor ko‘rsatilayotgani xususida ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi xalqaro hamjamiyatni milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda irqchilikka qarshi kurashishga chaqiradigan xalqaro hujjatlardan biri ekanligi va uni o‘rganish jamiyatga tadbiq etish “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning maqsad va vazifalariga ham to‘la mos kelishi ta’kidlandi. Deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi Qo‘mita tomonidan batafsil o‘rganilib, bu bo‘yicha xalqaro va milliy tajriba soha ekspertlari bilan birgalikda ko‘rib chiqilayotganligi ma’lum qilindi.

 

 

YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori janob Per fon Arks O‘zbekiston tarixan turli xil konfessiyalar va etnik guruhlar birgalikda tinch-totuv faoliyat olib borayotgan dunyodagi sanoqli mamlakatlardan biri ekanligini va mamlakatning hozirgi rahbariyati buni yanada yuqori darajada ta’minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etayotganligidan mamnunligini bildirdi.

Per Fon Arks
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori:
“Durban deklaratsiyasi bu umumjahon hujjatlaridan biri hisoblanadi va bu hujjat aynan millatlararo do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga olib keladi. Deklaratsiyada qatnashayotgan har bir mamlakat ayniqsa Markaziy Osiyodagi mamlakatlar o‘ziga xos madaniyatga tarixga ega. Masalan O‘zbekistonda ham bir necha millatlar va elatlar yashaydi. Ularning tillari va madaniyatlari har xil bo‘lgani uchun bu davlatlar o‘zaro bilimi va tajribasi bilan almashishda aynan Durban deklaratsiyasi orqali bu aloqalarni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu munosabatlar har bir mamlakatda tinchlik-totuvlikka xizmat qiladi. Bundan tashqari har bir mamlakatning fuqarolari o‘zlarining millati, dini va irqidan qat’iy nazar barchani birdek hurmat qilishga olib keladi. “

 

 

Davra suhbatida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimi O.Bobamatov “O‘zbekistonda irqiy kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik masalalari” bunda prokuratura organlarining o‘rni va ishtiroki bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi. BMTning Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasi unga a’zo davlatlarni Durban deklaratsiyasi va irqchilikka, irqiy kamsitish, ksenofobiya va u bilan bog‘liq toqatsizliklarga qarshi kurash bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Harakatlar dasturi O‘zbekistonda huquq organlari tomonidan ham amalda ijrosi ta’minlanib kelinayotganligi e’tirof etildi.

Davra suhbati do‘stona ruhda o‘tib, ishtirokchilar kelgusida ham bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish taklifini berishdi.

Otabek Alimardonov
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bosh mutaxassisi:
“Bugungi kunda globallashuv jarayonida butun dunyoda millatlararo munosabatlar, o‘zaro do‘stlik rishtalarini bog‘lash, davlatlarda tinchlik va totuvlikni a’minlash kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda tarixan millatlar o‘rtasida, dinlar o‘rtasida bag‘rikenglik siyosati o‘zining haqiqiy ma’nodagi aksini topganligi tadbirda ishtirok etgan Per fon Arks janoblari ham ta’kidlab o‘tganidek, O‘zbekiston bag‘rikeng davlat va bu davlatda yoshlarni aynan millatlar o‘rtasida tinchlikka, bag‘rikenglikka chaqirish davlat siyosatining asosiy mezoni hisoblanadi. Bu borada O‘zbekistonning o‘zini milliy tajribasi mavjud va bu milliy tajriba o‘zaro Durban deklaratsiyasi harakatlar dasturi bilan uyg‘unlashib dunyoga o‘rnak bo‘ladigan darajaga kelmoqda. Bugungi konferensiyada aynan shu masalalar eng muhim ustuvor vazifa qilib olindi va Durban deklaratsiyasining tamoyillari birinchi marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib yaqin orada soha mutaxassislariga, yoshlarga va oliy ta’lim muassasalariga tarqatiladi. “