2021 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar – boshqa mamlakatlar uchun yaxshi qo‘shnichilik namunasidir

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston haqida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29 aprel kuni Turkmanistonga amaliy tashrifi haqida xalqaro siyosiy va tahliliy doiralar tomonidan qizg‘in fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Ilgar Valizoda, «Janubiy Kavkaz» siyosatchilar klubi rahbari (Ozarbayjon):

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi Toshkent va Ashxobod o‘rtasidagi aloqalar va birodarlik munosabatlari doimiy o‘sib borayotganidan dalolatdir. Ushbu ikki davlat ham Ozarbayjon uchun do‘st sanaladi. Bokuda O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari dinamikasini diqqat bilan kuzatishmoqda. Chunki ular Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon bilan bog‘langan muhim mintaqaviy transport arteriyalarining shaklanish dinamikasiga ta’sir qiladi.

O‘zbekiston yetakchi mintaqaviy transport xabi sifatida ishtirok etgan holda, magistral kommunikatsiyalarini faol rivojlantirmoqda. Shu bilan birga ushbu kommunikatsiyalarning bir qismi Turkmanistonning yagona Turkmanboshi porti bilan bog‘lanadi. Shu tariqa, ikki mamlakatning tranzit salohiyati oshib bormoqda.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining uchrashuvi turkiy mamlakatlarning muloqoti va hamkorligiga muhim hissa qo‘shdi. Toshkent va Ashxobod o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, 2020 yil yakunlariga ko‘ra, Turkmaniston O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy sheriklari orasida 10-, MDH mamlakatlari ichida esa 4-o‘rinni egalladi. Bu ikki mamlakat hamkorligining yuksak salohiyatga ega ekanidan dalolatdir.

Antonio Alonso, San-Pablo universiteti huzuridagi gumanitar tadqiqotlar instituti huquq fakulteti professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis (Ispaniya):

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi to‘rt yilda mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, ikki tomonlama hamkorlikning muhim masalalarini birgalikda konstruktiv hal qilish uchun asos yaratdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi bugungi munosabatlar haqida so‘z borganda, ushbu mamlakat mintaqadagi barcha davlatlarni siyosiy va savdo-iqtisodiy jihatdan yaqinlashuvi tashabbuskori sifatida yetakchilikni qo‘lga olganini ta’kidlash joiz.

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yuz bergan qurolli nizoga o‘z vaqtida va qat’iy javob qaytardi, to‘qnashuvlarni darhol to‘xtatish va vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rishga chaqirdi. Butun dunyo og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan bir paytda, O‘zbekistonning Qirg‘iziston – Tojikiston davlat chegarasidagi butun vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq xavotirga tushishi juda o‘rinli va adolatlidir. Haqiqatan ham, mintaqa iqtisodiyotining lokomativiga aylangan O‘zbekiston uchun qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi har qanday to‘qnashuvlarning yuzaga kelishi kerak emas. Men Toshkentning Dushanbe va Bishkekni vaziyatni barqarorlashtirishga va ziddiyatning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirganini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

Viktor Zelenskiy, “Aviaz” noshirlik uyi direktori (Ukraina):

– O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining uchrashuvi har ikki mamlakat uchun ham inkor etib bo‘lmaydigan darajada muhim voqeadir. Unda oldin boshlangan kelishuvlar tasdiqlandi, o‘zaro aloqalarning yangi marralari belgilandi. O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning rivojlanishi, har tomonlama aloqalar va o‘zaro strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari – boshqa mamlakatlar uchun ham yaxshi qo‘shnichilik namunasidir.

O‘z navbatida shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston va Turkmanistondagi sheriklar bilan hamkorlikning katta tajribasi ularning nafaqat biznes yuritish qobiliyati, balki o‘z madaniyatlari va boshqa xalqlarning madaniy an’analariga nechog‘li hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kishini hayratga soladi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlabgina qolmay, balki uzoq yillar davomida o‘zaro hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini rivojlantirish kafolatiga aylanadi, degan umiddaman.

Simada Takao, Sidzuoki prefektura universiteti professori (Yaponiya):

– Men Rossiya va MDH mamlakatlari bo‘yicha ekspert sifatida qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlardan juda ta’sirlandim. Agar aloqalar O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari uchrashuvlari singari yuqori darajada amalga oshirilsa, u holda, biz ikki tomonlama hamkorlikning buyuk kelajagi haqida ishonch bilan gapirishimiz mumkin. Bundan tashqari, ushbu tadbir miqyosi va unda ishtirok etganlarning ko‘pligini hisobga olgan holda, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning barcha sohalariga turtki beradi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Dunyoda koronavirus tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab iqtisodiy vaziyatni hisobga olib, albatta, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbarining Turkmanistonga pandemiyaning og‘ir paytida hamda muqaddas Ramazon oyida tashrif buyurishi ikki xalq o‘rtasida kuchli ma’naviy-madaniy yaqinlik mavjudligidan darak beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan buyon so‘nggi bir necha yil davomida shunday tendensiya kuzatilmoqda. Uning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol siyosati, yillar davomida hal etilmagan muammolarni yechishga qat’iy munosabati, mintaqani integratsiyalashga intilishi, ayrim mintaqalarda keskinlik kuchayib borayotgan hozirgi kunda ayniqsa dolzarbdir.