O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 28 aprel’ kuni “O‘zbekiston va Yaponiya hamkor shaharlari-xalq diplomatiyasining muhim ishtirokchilari” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati o‘tkazildi.
Videokonferensiyani Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Kurbanov kirish so‘zi bilan ochib, ushbu tadbir xalqlar o‘rtasida do‘stlik, tolerantlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashga ham xizmat qilib xalq diplomatiyasining rivojida muhim axamiyat kasb etishi, qolaversa, O‘zbekiston shahar va viloyatlarining birodarlashuv aloqalarini tadqiq etish “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning maqsad va vazifalariga ham to‘la mos kelishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Muvakkat vakili M.Jalilov, Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari E.Rajabov, “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi prezidenti F.Kato, Toshkent shahar sport va turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i S.Tadjiyev, “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi ijrochi direktori Y.Kavobota, “Nagoya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati rahbari S.Shamoto, “Nagoya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori B.Ibragimovlar mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi. O‘zbekiston shahar va viloyatlarining Yaponiya ma’muriy hududlari bilan birodarlashuv aloqalariga oid materiallar tahlili o‘zaro hamkorlikda bu sohada ko‘pgina ijobiy ishlar amalga oshirilgani, biroq hali ishga solinmagan ko‘pgina imkoniyatlar ham mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.
Videokonferensiya konstruktiv ruhda o‘tib, ishtirokichlar kelgusida ham bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish taklifini berishdi.