O‘zbekistonda 1 aprel sanasidan buyon 5 kun ichida 35 mingdan ortiq kishi koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani qabul qildi. Eng ko‘p emlanish holati Samarqand viloyati (1783 nafar) hamda Toshkent shahriga (1691 nafar) to‘g‘ri kelmoqda.
Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan 1 apreldan boshlab, to shu kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 35386 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV.
5 aprel kuni eng ko‘p emlanish holati qayd etilgan hududlar:
- Samarqand viloyati — 1783 nafar;
- Toshkent shahri — 1691 nafar;
- Toshkent viloyati — 1321 nafar;
- Namangan viloyati — 1171 nafar;
- Andijon viloyati — 1128 nafar.
Eslatib o‘tamiz, 1 aprel sanasidan boshlab, O‘zbekiston vaksinatsiyaning ilk bosqichi — 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlarini emlash jarayonlari boshlangan edi. Shu kuniyoq jami 5 018 nafar fuqaro ixtiyoriy ravishda emlandi. Ulardan 1871 nafarini 65 yoshdan yuqori fuqarolar va 3147 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil etgandi.
Avvalroq, «Gazeta.uz» muxbiri Toshkent shahri va viloyatidagi bir qancha emlash punktlariga tashrif buyurib, aholining vaksina bo‘yicha fikrlarini o‘rgangan edi. Kimdir xitoy-o‘zbek vaksinasi ishonchliroq desa, boshqa birovga AstraZeneca ma’qul, yana kimdir esa «Sputnik V elita qatlami uchun», deb fikr bildirgandi.