2021 yil glavnaya Популярные новости

O‘zbekistondan yanvar–fevral oylarida 4000 ga yaqin fuqaro ishlash uchun xorijga jo‘nab ketdi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan pandemiya sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni turli xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va BAA ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston fuqarolarini ushbu davlatlarga ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ushbu davlatlar ish beruvchilari va mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ko‘plab fuqarolar vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilmoqda.

Natijada 2021-yilning yanvar–fevral oylarida Rossiyaga 3209 nafar, Qozog‘istonga 488 nafar, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 nafar, Janubiy Koreyada ishlash vaqtida mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga kelgan fuqarolardan 101 nafari vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborildi.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli obyektlarda ish boshlaydi.

Bundan avval chet elga chiquvchi o‘zbekistonliklar uchun taqiq bor, yo‘qligini tekshirib beradigan bot ishga tushirilgani, bir hafta ichida 760 dan ortiq o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun ketgani hamda O‘zbekistondan Kanadaga mehnat migrantlari yuborilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.