2021 yil 30 aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkilotchiligida “O‘zbekistonning Turkiy kengash davlatlari bilan hamkorligi” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya ishida Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, O‘zbekiston va Vengriya rasmiy doiralari, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari, xalqaro ekspertlar, olimlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, davlat arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilot vakillari qatnashdi. Anjumanda jahon siyosatida kuzatilayotgan hozirgi o‘zgarishlar sharoitida turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar tashqi siyosati va xalqaro munosabatlarining konseptual jihatlari, mazkur davlatlar tashqi siyosatidagi yangi tendensiyalar hamda ularni o‘rganish muammolari va istiqbollari, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkilotining xalqaro munosabatlardagi, xususan, “Sharq va G‘arb” muloqoti kontekstidagi o‘rni va ahamiyati, shuningdek, xalqaro loyihalar doirasidagi o‘zaro aloqalari muhokama qilindi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev “Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 31 mart kuni Turkiy Kengashning norasmiy sammitida ilgari surgan tashabbuslariga alohida e’tiborni qaratdi. Shuningdek, Turkiy Kengashga a’zo davlatlar o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, tashkilot doirasida madaniy-ma’naviy sohadagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan amaliy takliflar berdi. Ma’ruzachi 30 iyul – O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” etib belgilanganligi munosabati bilan Toshkentda tashkil etilayotgan “Do‘stlik haftaligi” va uning doirasida “Do‘stlik” xalqaro forum-festivali hamda “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga barcha hamkorlarimizni chorladi.
Ma’lumot uchun: Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash)ning halqaro integratsion tashkilot sifatida obro‘si va nufuzi jahonda tobora ortib bormoqda. Tashkilotga Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. Shuningdek, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega. Turkiy Kengash davlatlarining umumiy maydoni 4,5 mln. kv.km.dan ortiqni va aholisi soni 150 mln. nafarni tashkil etadi. Tashkilotga a’zo davlatlarning yalpi ichki mahsulotining umumiy miqdori 2,1 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha, shartli ravishda, jahonda 13 o‘rinni egallaydi. Yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sish sur’atlari jahon yalpi ichki mahsulotining o‘rtacha yillik ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Qo‘mita matbuot xizmati