glavnaya Популярные новости

“Oks Iskandariyasi qayerda — Eski Termizdami, Oy-xonumdami yoki Kampirtepada?”

Xabaringiz bor, joriy yilning 24-25-avgust kunlari Termiz shahrida “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” meros haftaligi doirasida “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ nomli xalqaro arxeologik forum oʻtkaziladi. 

Ushbu nufuzli forumga 80 dan ortiq mamlakatdan dunyo ilm-fani vakillari – taniqli arxeolog olimlar, muzeylar va ilmiy institutlar rahbarlari ishtirok etish istagini bildirgan, deb xabar berdi Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Forum mehmonlarini Termizda koʻplab hayratga soluvchi kashfiyotlar kutmoqda. Ulardan biri akademik Edvard Rtveladze boshchiligidagi bir guruh olimlar qadimiy grek tarixchisi va geografi Ptolemey asarlarida yodga olingan va ellinistik madaniyatning Markaziy Osiyodagi gʻaroyib yodgorligi sanalgan afsonaviy Oks Iskandariyasi Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashganligini isbotlaydilar.

Aytish kerakki, koʻp yillar davomida ilmiy jamoatchilik vakillari “Oks Iskandariyasi qayerda — Eski Termizdami, Oy-xonumdami yoki Kampirtepada?” degan savol atrofida munozara olib borishgan.

Nufuzli oʻzbek olimlari tomonidan soʻnggi yillarda olib borilgan qazishma ishlari natijasida Oks Iskandariyasi Amudaryo (qadimda Oks) sohilida miloddan avvalgi IV asr oxiri va miloddan avvalgi I asrga qadar mavjud boʻlgan port shahar – Kampirtepa xarobalari ekanligi aniqlandi va bu ilmiy dunyoda kuchli aks-sadoga sabab boʻldi.

24-25-avgust kunlari Termizda boʻlib oʻtadigan xalqaro arxeologik forumda bu shov-shuvli kashfiyot ilk marta aynan shu yerda eʼlon qilinadi, dunyo ilm-fani vakillari Kampirtepa yodgorligida boʻlib, qadimiy arxeologik obida bilan yaqindan tanishadi.

Shu kunlarda viloyatda mazkur xalqaro tadbirni yuksak saviyada, Surxondaryoga xos mehmondoʻstlik bilan oʻtkazishga puxta hozirlik koʻrilmoqda. Nufuzli forumning asosiy anjumanlari oʻtkaziladigan “Sanʼat saroyi” va Termiz arxeologiya muzeyini tayyorlash, zamonaviy usulda texnik jihozlash ishlari yakunlandi. Rang-barang konsert dasturlari, teatrlashgan chiqishlar, noyob hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmasini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Forum ishtirokchilari uchun mehmonxonalarda, shuningdek, Termiz tumanidagi “Fayoztepa”, “Qoratepa” va Muzrabot tumanidagi “Kampirtepa” singari qadimiy meʼmoriy yodgorliklarda zarur qulayliklar yaratilmoqda. Hududlar forum mavzusiga mos koʻrgazmali vositalar bilan bezatildi.

– Termiz davlat universiteti bilan hamkorlikda oʻttizdan ortiq oʻqituvchi va talabalardan iborat tarjimonlar guruhi shakllantirildi. Ularga vohaning turistik imkoniyatlarini keng targʻib qilish uchun oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi sayyohlik xaritasi hamda “Surxondaryo” nomli jurnal tayyorlandi, – deydi Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshligʻi A.Xoʻjaqulov. – Shuningdek, yigirmadan ortiq ziyorat, buddizm, tarixiy-meʼmoriy, tibbiyot, ekologik va madaniy-koʻngilochar turistik obyektlar boʻyicha maxsus bukletlar hozirlab qoʻyildi. Mehmonlarning boʻsh vaqtini mazmunli va maroqli oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi“ nomli xalqaro arxeologik forum ishtirokchilari qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasida koʻplab qiziqarli manbalar bilan yaqindan tanishib, bu goʻshaning qadimdan dunyo tamadduni beshiklaridan biri ekaniga guvoh boʻladi.