2020 год glavnaya

Ona tili eʼzoz va eʼtiborda boʻlmogʻi kerak

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida 21-fevral – Xalqaro ona tili kuniga bagʻishlangan badiiy-musiqiy kecha boʻlib oʻtdi.

Qoʻmita raisi Rustambek Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda turli millat vakillarining oʻzaro hamjihatligi va ahilligini saqlash borasidagi ezgu ishlarda ona tildimizning jamiyatdagi mavqei va ahamiyatini yuksaltirishga ham jiddiy va doimiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkiladi.

Maʼlumki, til insoniyatning moddiy va maʼnaviy merosini asrashning eng kuchli vositasi sanaladi. Maʼlumotlarga koʻra, hozir dunyoda 7 mingdan ortiq til bor. Biroq shiddatli bugungi davrda ularning yarmi yoʻq boʻlib ketishi ehtimoli kuchli. Shu sababli ona tillarning keng tarqalishiga oid barcha saʼy-harakatlar nainki tillarning turli xilligi va koʻp tillilikning shakllanishi, balki butun dunyo boʻylab til va madaniy anʼanalar bilan toʻliqroq tanishishga, oʻzaro tushunishga, muloqotga asoslangan birdamlikni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Bengal tili ham oʻzbek tili kabi jozibador, – dedi Bangladesh Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan. – Bunday sanani nishonlash tashabbusi bilan koʻp yillar avval Bangladesh chiqqan edi. Ushbu bayram ona tillarini yana-da ravnaq toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Yurtingizda oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi maqomini tobora yuksaltirish borasidagi ezgu saʼy-harakatlar diqqatga sazovor. Shu bilan birga Oʻzbekistonda istiqomat etayotgan 130 dan ortiq millat vakillarining ona tillarini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar ibratlidir.

– Otam oʻzbek, onam ukrain, – dedi Rus milliy madaniyat markazi qoshidagi “Poyushiye serdsa” xor jamoasi rahbari Yuliya Mashrabova. –Aslida jonajon Vatanimizda kimning qaysi millatga mansubligini deyarli surishtirmaydilar. Bu esa oʻzbek xalqining naqadar bagʻrikeng, mehridaryo ekanining tasdigʻidir. Oʻzbekistonda oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi rolini oshirish borasidagi ezgu saʼy-harakatlar bu tilga boʻlgan eʼtiborni tobora orttirdi. Biz ijodiy jamoada rus tilidagi qoʻshiqlar bilan birga oʻzbekcha qoʻshiqlarni ham maroq bilan kuylaymiz.

– Oʻzbekiston biz uchun yagona va ahil oiladir, – dedi Oʻzbekiston koreys milliy madaniy markazlar assotsiatsiyasi vakili Alla Yugay. –Qirq yil korxonada oddiy ishchi boʻlib ishladim. Shu yerda oila qurdim. Turmush oʻrtogʻim oʻzbek tilida toʻkis soʻzlashadi. Men ham oʻzbek tiliga hurmat bilan munosabatdaman. Unda imkon qadar savodli soʻzlashishga intilaman. Ayni paytda yurtimizda barcha millatlarning tili, anʼanalarini rivojlantirishga doimiy eʼtibor qaratilayotganidan gʻoyat minnatdormiz.

Tadbirda milliy madaniy markazlar qoshidagi badiiy jamoalar ishtirokida konsert namoyish etildi. Turli tillarda sheʼrlar, badiiy asarlardan namunalar yangradi.