2020 год glavnaya Популярные новости

“Ona tilim, sen borsan, shaksiz…”

Til masalasi, umuman, til muammolari hech qachon mavsumiy boʻlmagan. Negaki, unda muayyan millat hayot-mamoti, taqdiri, kelajagi mujassam.

Qolaversa, Mahmud Qoshgʻariylar, Yusuf Xos Hojiblar, oʻzbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiylar, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburlar zamonlaridan buyon til kun tartibidagi eng dolzarb masala boʻlib kelmoqda va shunday boʻlib qoladi.
Ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganligining oʻttiz yilligi nishonlanayotgan ushbu muborak kunlarda mustaqillikka erishilgungacha tilimizga boʻlgan munosabat, bu boradagi kelgusi vazifalar xususida fikr yuritish, mulohazalar bildirish juda oʻrinli, albatta.
Sobiq tuzum yillari ona tilimiz Oʻzbekistonda nomigagina davlat tili edi, xolos. Oʻqishga, ishga kirish uchun arizalardan tortib hamma-hammasi rus tilida yozilsagina qabul qilinar, ochigʻini aytganda, barcha yozuv ishlari rus tilida yuritilar edi.
Baʼzi arboblar, ayniqsa, oʻzimizdan chiqqanlari oʻzbek tilini qoʻl uchida emas, hatto oyoq uchida koʻrsatishga ham or qilishardi.
Agar vaqt topib, respublika gazeta-jurnallarining oʻsha yillardagi taxlamlarini olib, erinmay varaqlasangiz hayratdan yoqa ushlashingiz tabiiy. Soʻz, iboralar qoʻllashda, imlo qoidalariga amal qilishda ayrim matbuot nashrlari oʻziga xos “poyga” oʻynashar edi. Otaxon gazetalardan biri “Lotokdagi potoklar” degan sarlavhani qoʻyib, “uloq”ni olib ketganini tengdosh hamkasblarim yaxshi eslashadi.
Kamina hozirgi Oʻzbekiston Milliy (avvalgi Toshkent davlat) Universitetida oʻqib yurgan yillarim oʻzim guvoh boʻlgan bir voqeani taʼkidlab oʻtmoqchiman.
…Xullas, jurnalistika fakultetida navbatdagi ochiq partiya yigʻilishi boshlandi. Kun tartibidagi qaysidir masala boʻyicha ishtirokchilar oʻz munosabatlarini bildirayapti. Navbat rahmatli ustozimiz Gʻaybulloh Salomov (keyinchalik as-Salom boʻldilar)ga yetdi. Domla minbarga chiqib kulib yubordilar:
–Mana, hamma millatlarning huquqi teng boʻlgan Sovet ittifoqidagi ahvol!..
Yigʻilish qachon tugar ekan, degan xayolda mudrayotgan kishilar birdaniga sergak tortishdi. Qani, bu yogʻi qanday boʻladi?!
Ustoz davom etdilar:
–Qarang, zalda boshqa millat vakillaridan biror kishi ham yoʻq! Hammamiz oʻzbeklarmiz, lekin toʻlib-toshib, chala-chulpa boʻlsa ham rus tilida gapirib, oʻzimizni koʻrsatmoqchi boʻlayapmiz!
Rahmatli Ochil Togʻayev domla qarsak chalib yubordi. Salomovga oʻqrayib qaragan koʻzlar endi Togʻyevga qadaldi.
Til, boshqa ijtimoiy masalalar xususida bu ikki ustozning boshidan aylantirilgan tegirmon toshlari haqida salmoqli roman yozish mumkin.
Hammasi yigʻilishdan soʻng boshlandi. Kimdir boʻlib oʻtgan bu gaplar borasida tegishli kishilarga, mutasaddi tashkilotlarga yozma yoki ogʻzaki ravishda xabar berishni “siyosiy xushyorlik”, hatto, “sharaf” deb bilgani aniq.
Bular – oʻtib ketgan gaplar. Oʻtmishdan xulosa chiqaradiganlar koʻp va yoki aksincha…
Kamina bu yozganlarim bilan kimningdir koʻngliga gʻulgʻula solish yoki millatchilik qilishdek manfur tuygʻulardan juda yiroqman.
Ona tilimizni kamsitishni, bundan ham battari – millatchilikdek jirkanch illatga har qadamda guvoh boʻlar edik oʻsha yillari…
Taniqli ijodkorlar, sanʼatkorlar, umuman, ilgʻor fikrli, keng dunyoqarashli ziyolilarimizning shiddatli saʼy-harakatlari bilan 1989-yil 21-oktyabr kuni ona tilimizga Davlat tili maqomi berilgan sana sifatida tarixda qoldi.
Tilimizni oʻzbekchalashtiramiz deb ancha-muncha chalgʻishlar ham boʻlganligini inkor eta olmaymiz. Masalan, samolyotni uchoq, gazeta-jurnallarni roʻznoma, oynomayu jarida deb gapirdik, yozdik. Bu holatlarga oʻz vaqtida el suygan adib Oʻtkir Hoshimov xolisona baho bergan edi:
–Mashina karbyuratorini nima deymiz oʻzbekchaga? – deb soʻradi adib televizordagi suhbatlarining birida. Axir, mashinaning bu qismi hamma tilda bir xil aytiladi-ku!..
Ustoz yozuvchi, mehridaryo inson Neʼmat Aminovning shu mavzuda yozgan hajviyasi ichakuzdi hangomaga aylanib ketganini hammamiz yaxshi eslaymiz.
Istiqlolga erishganimizdan soʻng bunyodkor xalqimiz ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy hayotning koʻplab yoʻnalishlarida dunyoga chiqa boshladi. Masalan, polvonlarimiz musobaqalarda qoʻllaydigan “chala”, “yonbosh”, “halol” soʻzlari butun jahon sportchilari oʻrtasida ommalashib ketdi.
Bokschilarimizning yaqinda erishgan ulkan, dadil aytish mumkinki, jahonshumul yutuqlariga barchamiz guvohmiz. Bundan hammamiz gʻururlanib yuribmiz.
Endilikda zamon, muhit, sharoit butunlay oʻzgardi. Chet davlatlarining mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan elchilari, koʻplab xalqaro vakolatxonalar rahbarlari oʻzbek tilida gapirishayotgani bizni behad toʻlqinlantirib yuboradi.
Yutuqlarimiz koʻp, ammo mamlakatimizning katta shaharlaridan tortib, chekka hududlarigacha boʻlgan joylardagi xizmat koʻrsatish shahobchalari tepasidagi inglizcha yozuvlar haddan tashqari koʻpayib ketayotgani sizga erish tuyulmayaptimi?
Bu borada bahamjihat boʻlib, qoʻlni qoʻlga berib ishlashimiz, til, imlo boʻyicha amaldagi qonun-qoidalar ijrosiga masʼuliyat bilan qarasak, ona tilimiz yanada rivojlanadi, dunyodagi eng buyuk tillardan biriga aylanadi. Oʻz davrida benazir zamondoshimiz Abdulla Oripov:
Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin sheʼrga solaman.
Sen yoʻqolgan kuning, shubhasiz,
Men ham toʻti boʻlib qolaman,
– deb yozgan edi. Ilohim,toʻtilik qilish kuni aslo boshimizga tushmasin…
MILLATIM ILDIZI
…Yaratganning izni – qudrati balqqan –
Kerakli nuqtani topa olgan koʻz.
Yo Alloh, mehr, non – bilmam ne haqda –
Odam Ato aytgan eng birinchi soʻz.
 
…Millatim ildizi zamin qaʼridan
Oʻsib yorib chiqqan togʻu toshlarni.
Kamalak shuʼlasi samo bagʻridan
Sassiz yuvib tashlar gʻubor, loshlarni.
 
…Yorishgay ong-shuur, mantiq, tafakkur,
Dardlarin toʻlqini sigʻmagan ichga.
Tabassum, shukrona, hadsiz tashakkur –
Sirlar sandigʻining tilsimin yechgan.
 
…Zamharir, izgʻirin yoki saraton
Zabtidan turlanar, tuslanar olam.
Hayratdan yuragi yorilsa inson –
Tuproq ilk qogʻozdir, qamish – ilk qalam.
 
…Qaqnusday oʻzlikni tanimoq uchun
Qayrogʻin qayradi necha ming-ming yil.
Istaydi boʻlmoqni mukammal, butun
Samolarga qadar yuksalgan koʻngil.
 
…Buyuk saodatdir vaqt har oniga –
Soʻzlar obidasi – niliy qasrlar.
Navoiy boshlagan til karvoniga
Quchogʻini ochar daho asrlar.
 
…Zugʻumlar qilichin sindirgan naqlim,
Aslo xayolimga inmagay malol.
Imloni gul kabi alqagan xalqim –
Oʻzing ham, soʻzing ham OʻZBEK boʻlib qol!..
Odil HOTAMOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
Navoiy viloyati