2020 yil glavnaya Мероприятия Yangi O'zbekiston

Ona yer qiziga yuksak ehtirom

Bayram arafasida O‘zbekiston Qahramoni, senator Lolaxon Murotova Prezidentimizning ehtirom tabrigini qabul qildi.

Jasoratli o‘zbek ayolining chinakam timsoli — Lolaxon Murotovaning uzoq yillik mehnatlari qadr topgan kunlariga guvoh bo‘lish uning yelkadoshlari uchun ham sharaf. Qahramonning dalalarida ko‘klam nafasi kezib, bahorning mo‘’jizaviy hislati aks etayotgan bayramona kunlarda unga Prezidentimizning otashin salomi yo‘g‘rilgan ehtirom tabrigi va sovg‘asi keldi.

O‘sha daqiqalarda yurtimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Lolaxon Murotovani kirib kelayotgan 8 mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Opaning xonadoni Yurtboshining yuksak ehtirom ziyosi bilan nurlandi. Xonadonga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev va viloyat faollari O‘zbekiston Qahramoni bilan diydorlashib, Prezident e’tibori zamirida xalqimizning mehri va e’zozi mujassam ekanini e’tirof etishdi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

O‘z navbatida qahramon ayol mamlakat Prezidentiga bunday hurmat va e’tibor uchun tashakkur bildirarkan, bundan buyon ham elimiz farovonligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi yo‘lida fidoiylik bilan mehnat qilishga, azmu shijoatini Ona Vatan istiqboliga baxsh etishga so‘z berdi. Tuproqsevar ko‘ngilga, jasoratli ayol qalbiga ming ta’zim!