2020 yil glavnaya

Pandemiya sabab Qirg‘izistonda qiyin ahvolda qolgan vatandoshlarga yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi “Do‘stlik-Avto” nazorat-o‘tkazish punktida 7 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning 160, Qirg‘izistonning 30 nafar fuqarosi vatanga qaytishni kutib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qirg‘izistonda karantin choralari joriy qilingani sababli O‘zbekiston bilan davlat chegarasi yopilgan.

Mamlakatimizning Bishkekdagi elchixonasi karantin tartibi kiritilgandan buyon Tashqi ishlar vazirligi qoshida tashkil qilingan Tezkor  shtab bilan hamkorlikda 6 ming 868 nafar O‘zbekiston fuqarosining Qirg‘iziston janubiy viloyatlaridagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali mamlakatimizga o‘tkazilishiga zarur yordam ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston fuqarolarining murojaatlari bo‘yicha O‘zbekistonning tegishli davlat idoralari bilan kelishgan holda, Qirg‘izistonning 85 nafar fuqarosi, shu jumladan 87 nafar voyaga yetmagan bolalarga davlat chegarasini kesib o‘tishda ko‘maklashildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Bishkek va Dehlidagi elchixonalari, Qirg‘iziston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari bilan birgalikda 2 iyul kuni Bangladeshdan Qirg‘izistonning «Aviatraffic Company» aviakompaniyasi  samolyotida O‘zbekistonning 11 nafar fuqarosini vatanga qaytarish masalasi ijobiy hal qilindi. Ular Bishkekdagi “Manas” aeroportidan elchixona ijaraga olgan mikroavtobusda davlat chegarasini kesib o‘tish uchun “Do‘stlik-Avto” nazorat-o‘tkazish punktigacha kuzatib qo‘yildi. Fuqarolarimiz vatanga qaytgach, Andijon viloyatidagi mehmonxonalardan biriga karantin muddatini o‘tash uchun joylashtirildi.

Elchixonaning maʼlum qilishicha, o‘zbek madaniy markazlari faollari, shuningdek, ishbilarmon vatandoshlar ko‘magida koronavirus pandemiyasi tufayli Qirg‘izistonda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarga yordam berish  ishlari davom etmoqda.

Xalqaro tashkilotlar maʼlumotlariga ko‘ra, 8 iyul holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda 8 ming 486 holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. So‘nggi 24 soatda 345 insonda kasallik aniqlangan. Epidemiya boshlangandan buyon mamlakatda 2 ming 983 kishi koronavirusdan tuzaldi, 112 fuqaro esa ushbu vafot etdi.