2021 yil bosh-sahifa

Polshadan munosabat: “Vatandoshlar” fondining tashkil etilishi davlatimiz rahbarining xorijda yashab kelayotgan vatandoshlar taqdiriga befarq emasligining yaqqol tasdig‘idir

Polshada istiqomat qilayotgan va vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz vakillari “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyulari chog‘ida yaqinda tuzilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Bahodir Qodirov, Varshava shahridagi «Lider Food Sp.z o.o» kompaniyasi menejeri:

— Men 2015 yildan beri Varshava shahridagi «Lider Food Sp.z o.o» kompaniyasi menejeri sifatida ishlab kelmoqdaman.

Mamlakatimizda tashkil qilingan “Vatandoshlar” jamoat fondi chet elda yashab, ish faoliyatini olib borayotgan men singari o‘zbekistonliklar uchun juda quvonchli voqea bo‘ldi. Bu mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan juda katta sovg‘a bo‘ldi, desam sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu quvonchli voqea o‘zbek diasporasini qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini vatanimiz taraqqiyoti uchun jalb qilish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Biz yoshlar chet eldagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan “Vatandoshlar” fondi faoliyatiga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyormiz.

Otabek  Rahmatov, vatandosh:

— Joriy yil 11 avgust kuni Prezidentimizning “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori eʼlon qilingani mamlakatimiz rahbariyatining xorijda yashab kelayotgan vatandoshlar haqida qayg‘urayotganini hamda bizlarning taqdirimizga befarq emasligini yaqqol tasdiqlaydi.

Chet ellarda istiqomat qilayotgan har bir o‘zbekistonlik o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish yuzasidan baholi qudrat ish olib borishi kerak, deb o‘ylayman. Yurtimizning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini xorijda katta qiziqish uyg‘otishiga sira shubha yo‘q.

Polshada vatandoshlarimiz tomonidan xalqimizning milliy bayramlari – Mustaqillik ayyomi, Navro‘z, Konstitutsiya kuni hamda Alisher Navoiy, Bobur va boshqa buyuk bobokalonlarimiz ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan turli tadbirlar tashkil etilishi anʼana tusiga kirgan.

Tashkil etilgan Fond faoliyatida faol ishtirok etishga va shu orqali xorijda O‘zbekiston madaniyati, urf-odatlari va tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilish va meʼmoriy yodgorliklarimiz bilan tanishtirishga barcha yurtdoshlarimni daʼvat etaman.