Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan norasmiy sammitidagi nutqini tinglab, shaxsan men boy tarixiy va ma’naviy o‘zanlarga ega shunday davlatimizning ana shu o‘zanlar qudrati va mehridan to‘yingan qalb sohibi, tarixi va ma’naviyatini teran qadrlovchi oqil va mustahkam siyosiy irodaga ega rahbari borligidan faxr tuydim.
Darvoqe, Prezidentimizning barcha olamshumul anjumanlarda, xalqaro sammitlarda ilgari surilgan taklif va tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va amaliyotga tatbiq etilmoqda.
2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks loyihasining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qabul qilinishi ham fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Buning asosiy sababi shundaki, Yangi O‘zbekiston rahbari faqat o‘z mamlakati xalqining emas, dunyo xalqlarining tinch-totuv, sog‘lom va baxtli hayotiga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surishi bilan xalqaro ko‘lamda fikrlovchi dunyoviy shaxs ekanini isbotladi.
Kuni kecha o‘tgan sammitda ilgari surilgan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, Turkiy Kengashning o‘z Investitsiyaviy jamg‘armasi hamda Taraqqiyot bankini tashkil etish, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish, Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish kabi taklif va tashabbuslar ham ko‘plab davlatlarning kun tartibida birgalashib amalga oshirishni taqozo etadigan vazifalar bo‘lib kelayotgan edi. Shubhasiz, umumiy manfaatlarga to‘la mos keladigan ushbu yo‘nalishdagi ishlar ham tez fursatlarda o‘zining samarali yechimini topadi.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil sentyabr oyida Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda o‘tkazish rejalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forum haqida to‘xtalib, ushbu anjumanga Kengashga a’zo davlatlar rahbarlarini taklif qildi.
Shuningdek, butun O‘zbekiston xalqiga g‘urur va sharaf baxsh etuvchi yana bir tashabbusning e’tirofi bayon etildiki, bu – Turkiy Kengashning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida xalqaro mukofot ta’sis etilishi va uning Mir Alisher Navoiy nomi bilan atalishidir.
“Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan, ulug‘ zot – Alisher Navoiyga yuksak ehtirom ifodasi, deb qabul qilamiz. Bu nufuzli mukofotning ta’sis etilishi turkiy birlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Ulug‘ shoir, jahonshumul merosga ega olim, yuzlab avlodlarning ustozi bo‘lgan mutafakkir va buyuk zot nomidagi xalqaro mukofot xalqlarimizning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalari vakillari o‘rtasidagi aloqalari va hamkorligining yanada kengayishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan norasmiy sammitida ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat xalqlarimizni iqtisodiy, transport-logistika hamda xalqaro taraqqiyotning boshqa yo‘nalishlarida, balki ma’naviy jihatdan ham jipslashishga chorlaydi.
Bektemir PIRNAFASOV,
jurnalist.