2020 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

Qardosh xalqlar mushtarakligi

Ayni bahor kezlarida Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining bepoyon kengliklarini koʻrib, odamning koʻzi quvnaydi. Choʻlga bahor erta keladi. Qishning izgʻirinli kunlaridan toliqqan va bahorning iliq tafti yordamida koʻkka boʻy choʻzayotgan rang-barang shifobaxsh oʻsimliklar olami bizni oʻziga tortadi. Ilk bor Navroʻz sayli ana shu qirlar bagʻrida oʻtadi.

Mirishkor – koʻp millatli tuman. Bu yerda oʻzbek, tojik, turkman, arab, tatar singari 20 dan ziyod millat vakillari bir oila farzandlariday tinch-totuvlikda hayot kechirib kelmoqda. Yaratilgan keng sharoitlar bois ular asriy udum va anʼanalarining bardavomligini saqlab, ardoqlab kelishayapti. Toʻy-tadbirlar bormi, hashar bormi, hamisha yonma-yon. Quda-anda, doʻst-birodar boʻlib yashayotgan bu turli millat egalarini et bilan tirnoqqa oʻxshatish mumkin.

Arablar zich yashaydigan Qashqadaryo viloyatida 1991-yilda Arab milliy madaniy markazi tashkil etilgan boʻlib, u bugungi kunga qadar faol ishlab kelmoqda.

photo5424893778088537762.jpg

Markaz tashabbusi bilan Jeynov shaharchasida qadimgi texnologiyalar asosida mashhur arab gilamlarini toʻqish korxonasi, arab tilini oʻrgatish kurslari tashkil etilgan. Shu yerning oʻzida oʻzbekistonlik arablarning anʼanalari va urf-odatlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi etnografik muzey ham faoliyat koʻrsatadi.

Shuningdek, markaz qoshida qadimgi arab qoʻshiqlari va raqslarini ijro etuvchi “Al Arabiya” folklor ansambli faoliyat yuritadi. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” doʻstlik va madaniyat festivallarining bir necha bor gʻolibi boʻlgan etnografik jamoa oʻziga xos ijodi va sanʼati bilan ommaviy bayram tadbirlari va milliy toʻylarning bezagi hisoblanib kelmoqda.

Jamshid NORQOBILOV (surat), OʻzA