Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoda siyosiy muhit yaxshilanayotgani va iqtisodiy aloqalar faollashganiga guvoh bo‘lmoqda. Bunga O‘zbekiston rahbariyatining mintaqadagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, ishonchli sheriklik, konstruktiv, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli muloqotni kengaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlari va tashabbuslari xizmat qilmoqda.
«Dunyo» AA muxbiri Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Ibrohim Junusov bilan bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik qanday rivojlanayotgani, mamlakatlarimiz mintaqa taraqqiyoti va kelajagiga qanday hissa qo‘shayotgani to‘g‘risida suhbatlashdi.
— Janob elchi, avvalo mamlakatlarimiz o‘rtasidagi rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida bizning savollarimizga javob berayotganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Birinchi savolimizni Sizning mintaqaviy hamkorlikdagi o‘zgarishlar va tendensiyalar haqidagi fikrlaringiz bilan boshlash niyatidamiz.
— Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat munosabatlari mustahkamlanib borayapti. Hamma uchun sinovli bo‘lgan bugungi sharoitda ham davlatlarimiz bir-biridan uzoqlashmadi, balki bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatladi. Endi bizning oldimizda mintaqamizni global iqtisodiy, transport va tranzit zanjirlariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdek muhim strategik vazifa turibdi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonni yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bugun biz O‘zbekistondagi tub o‘zgarishlarning guvohi bo‘layapmiz. Mamlakatning ichki va tashqi qiyofasi o‘zgarib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z ko‘lami va jadal sur’ati bilan e’tiborni tortmoqda. O‘zgarishlar yetib kirib bormagan joy yoki sohani topish qiyin. Ular allaqachon o‘zining ijobiy natijalarini namoyon etmoqda. Agar siz biznes sohasiga nazar tashlasangiz, unda tadbirkorlar faolligi o‘sayotgani, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanayotgani va shunga mos ravishda mamlakatning investitsiya jozibadorligi oshayotganini ko‘rishingiz mumkin.
Bularning barchasiga katta qiyinchiliklar, hatto ma’lum bir iqtisodiy tavakkalchilik bilan erishiladi, degan bo‘lardim. Masalan, pul-valyuta siyosatini liberallashtirishni oling — axir, mavjud sharoitlarda bu o‘ta qat’iy va hatto tavakkalchilik qadami edi, lekin u o‘zini oqladi. Tabiiyki, bunday ta’sirchan miqyosdagi islohotlar jarayonida ba’zi qiyinchiliklar ham yuzaga keladi. Lekin, asosiysi, qat’iyatli va g‘ayratli, o‘z mamlakatini qanday ufqlarga olib borishini aniq biladigan va o‘z xalqining qo‘llab-quvvatlashidan oqilona foydalanadigan yetakchi bor. Buni O‘zbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatining asosiy kafolati, deb hisoblayman.
Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy yo‘nalishlarni samarali oldga surish mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini ta’minlash va xalqaro maydonda mamlakat obro‘sini mustahkamlashning eng muhim omilidir.
O‘zbekiston birinchi navbatda qo‘shnilari, shu jumladan, Qirg‘izistonga nisbatan ochiq va tinchliksevar tashqi siyosat olib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Chegaralararo hamkorlik kengaymoqda, o‘zaro savdo hajmi o‘smoqda, fuqarolarning o‘zaro sayohatlari, sayyohlik oqimlari va delegatsiyalar almashinuvi sezilarli darajada oshdi. Ilgari muammoli bo‘lgan barcha masalalar ijobiy hal qilindi yoki hal qilinmoqda.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston muntazam ravishda biz uchun dolzarb bo‘lgan mintaqaviy va jahon kun tartibidagi barcha mavzular bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini solishtirib kelmoqda, o‘zaro manfaatlarga taalluqli bo‘lgan masalalarni xalqaro platformalarda ko‘rib chiqishda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bunday o‘zaro hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad tinchlikni mustahkamlash, butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashdan iboratligini ta’kidlash zarur.
Qirg‘iz va o‘zbek xalqlari – bu ikki qardosh xalq bo‘lib, ular doimo bir-biriga talpinib kelgan. Bir-birimizni bog‘lab turgan ko‘zga ko‘rinmas asosiy rishtalar umumiy tarixiy-madaniy ildizlarga borib taqaladi. Savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi munosabatlarimizni yanada mustahkamlamoqda. Shu bois davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari juda porloq, deb hisoblayman. Erishilgan marralarda to‘xtab qolmaslik, o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda munosabatlarni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va qadrlash muhimdir.
— Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ham so‘nggi yillarda sezilarli darajada jonlanganini eslatib o‘tdingiz. Afsuski, pandemiya ikkala mamlakat va mintaqaning iqtisodiy rivojlanish sur’atlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shunga qaramasdan, 2020 yilda erishilgan iqtisodiy hamkorlik natijalarini qanday baholaysiz?
— Koronavirus pandemiyasi global iqtisodiyot uchun juda kuchli beqarorlashtiruvchi omil bo‘lib chiqdi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston ham uning ta’siridan chetda qolmadi. Bugun biz e’tiborimizni savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirishga qaratganmiz. O‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona protseduralarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish mamlakatlarimiz o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu maqsadlarga erishishning eng samarali usuli hisoblanadi.
Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarimizni rivojlantirishda yangi, shu jumladan, nostandart yondashuvlarni ishlab chiqish muhimdir.
2020 yil 8 dekabr kuni Farg‘ona shahrida Qirg‘iziston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov va O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirokida O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi o‘zaro bog‘liqlik darajasi va respublikalarimiz iqtisodiyotining salohiyatini hisobga olgan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, chegaraoldi hududlarda o‘zbek va qirg‘iz mahsulotlarini potensial bozorlarga yetkazib berishni ko‘paytirish va savdo tarkibini diversifikatsiya qilish imkonini beradigan chegara savdo zonalarini, ulgurji tarqatish va agrologik markazlarni yaratish istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi doirasida Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi anjumanini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Umuman olganda, aloqalarning hozirgi darajasi va savdo-iqtisodiy munosabatlarimiz salohiyati yuqori bo‘lib qolmoqda.
Shuni ta’kidlashni istardimki, jiddiy pandemiya holatida ham savdo aloqalarining o‘sishi davom etdi. Xususan, mamlakatlararo tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil 900 million dollardan oshdi, eksport esa 756,6 million dollar, import esa 146,5 million dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, o‘zaro tovar ayirboshlash va savdo hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar, savdo, logistika hamda sanoat markazlarini yaratish, transport-logistika, multimodal transport yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish va tarmoqlararo hamkorlikni chuqurlashtirish zarur.
Mavjud siyosiy muhit ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikning ochiq va izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bundan keyin ham barqarorlikni saqlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimdir.
— Xalqlarimiz tarixi va madaniyati bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu bugungi kunda yaqin do‘stlik va sheriklikni rivojlantirish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub juda ko‘p fuqarolar yashaydi. Ushbu bosqichda, so‘nggi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, xalq diplomatiyasi qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka qanday ta’sir qilmoqda?
— Ma’lumki, xalq diplomatiyasi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning barcha jabhalarini chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatlarimiz qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalari asosida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat bermoqda. O‘tkazilgan qator yirik madaniy tadbirlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirishning yorqin namunasi bo‘ldi.
Ikki mamlakatda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy, sport va yoshlar tadbirlarida faol o‘zaro ishtirok etish yaxshi an’anaga aylandi. Mamlakatlarimizda millatlararo muloqotni mustahkamlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekistonda 6 ta qirg‘iz milliy madaniy markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashkil etilgan. Ushbu markazlarning ayrim faollari «Do‘stlik» va «El-yurt hurmati» ordenlari kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Mamlakatingizda ommaviy va milliy bayramlarga bag‘ishlangan deyarli barcha tadbirlar milliy madaniy markazlar, shu jumladan, qirg‘iz madaniy markazlari ishtirokida o‘tkaziladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik mavzusini davom ettirar ekanman, shuni ham ta’kidlashni istardimki, so‘nggi paytlarda ikki mamlakat muzey muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Jumladan, joriy yil 2 mart kuni qadimiy Xiva shahridagi «Ichan-qal’a» ochiq osmon ostidagi muzey-qo‘riqxonasida O‘sh shahridagi “Sulaymon-Too” muzey majmuasining ko‘rgazmasi ochildi va hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Samarali hamkorlik, doimiy ma’lumot va tajriba almashish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ham COVID-19ga qarshi kurashishning asosiy omiliga aylandi. Shuni ta’kidlash kerakki, pandemiyaga duch kelgan mamlakatlarimiz ushbu inqirozdan chiqish uchun yuqori darajadagi hamkorlikni namoyish etmoqda. Ikki mamlakat sog‘liqni saqlash muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot mavjud, tezkor ma’lumot va tajriba almashinuvi amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan birodar O‘zbekiston tomonidan Qirg‘izistonning COVID-19ga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Bishkek shahri va Botken viloyatining Qadamjoy tumanida modulli shifoxonalar qurildi.
Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston qiyin davrda birinchilardan bo‘lib o‘zining haqiqiy do‘stligi va birligini namoyish etib, bizga yordam qo‘lini uzatdi. Bugungi sharoitda, shubhasiz, epidemiya va uning oqibatlariga qarshi kurashishda erishilgan hamkorlik darajasini saqlab qolish va yanada mustahkamlash muhim bo‘lib qolmoqda.
— Avvalgi savolga qo‘shimcha tarzda, o‘zbek tilini mukammal bilishingizni qayd etishni istardik. Siz ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, “Dunyo” AAga ham intervyularingizni odatda o‘zbek tilida berasiz. Kundalik faoliyatingizda o‘zbek tili, xalqimiz madaniyati va urf-odatlarini bilish sizga qanday yordam bermoqda?
— Bunday baho, albatta, meni mamnun qiladi. Ammo men xalqlarimiz madaniyati va urf-odatlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligiga e’tibor qaratmoqchiman. Qadim zamonlardan buyon ikki qardosh xalq bir-biri bilan yaqin muloqot qilgan, quda-anda bo‘lib yashagan, oddiy odamlar yonma-yon barcha qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, bir-biriga yordam bergan va qo‘llab-quvvatlagan. Tillarimizning yaqinligini esa alohida ta’kidlash mumkin.
Mening bolalik yillarim o‘zbek xalqi bilan yaqin aloqada va do‘stona o‘tgan. Shu bois yurtingiz mening qalbimga juda yaqinligi va o‘zbek tili ona tilimdek bo‘lib qolganida hayratlanarli joy yo‘q.
Bizning birodarligimiz hozir ham, kelajakda ham doimo samarali hamkorligimiz uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil.
— Davlatimiz rahbari birinchilardan bo‘lib Sadir Japarovni 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi. Keyin qirg‘iz ommaviy axborot vositalari Qirg‘izistonning yangi Prezidenti yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqatdi. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti yakunlari bo‘yicha nimalar kutilmoqda, bu mamlakatlarimiz va mintaqadagi boshqa sheriklar uchun qanday istiqbollarni ochishi mumkin?
— To‘g‘ri aytasiz, 11 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev birinchilardan bo‘lib Qirg‘izistonning saylangan Prezidenti Sadir Japarovni prezidentlik saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi, shuningdek, Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Telefon orqali muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning muhimligi qayd etildi.
Bu, avvalambor, davlat chegarasini delimitatsiya qilish, savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish va gumanitar almashinuv, samarali transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarning samaradorligini ta’minlash masalalariga tegishlidir.
Davlat rahbarlari hukumatlararo komissiyalar faoliyatini faollashtirish, shuningdek, hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldilar.
Yaqin va konstruktiv muloqotni davom ettirish, xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorlik bildirildi.
11-12 mart kunlari Prezident Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Ushbu tashrif samarali bo‘lib, qirg‘iz-o‘zbek do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish uchun yaxshi zamin yaratishiga ishonchim komil.
O‘zbekiston Qirg‘izistonning eng yaqin qo‘shnilaridan biridir. Mamlakatimiz uchun ikki tomonlama munosabatlarning barcha yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada izchil rivojlantirish tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Davlatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin va ishonchli aloqalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam muloqot tufayli ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda sezilarli ijobiy izchillik hukm surayotganini qayd etish lozim.
— Janob elchi, mazmunli suhbat uchun tashakkur!