2022 yil bosh-sahifa

Qirg‘izistonlik yosh ijodkor vatandoshlar bilan uchrashuv

Qo‘mitada Qirg‘izistonda istiqomat va ijod qiluvchi to‘qqiz nafar o‘zbek yozuvchi, shoir va jurnalist vatandoshlar bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Qirg‘izistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati tomonidan jurnalist va ijodkorlar uchun Toshkentda tashkil qilingan seminar-trening doirasida o‘tkazildi.


Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Qo‘mita raisi maslahatchisi Z.Axmedov, bo‘lim boshlig‘i F.Bekov hamda “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Z.Isomiddinovlar, Qirg‘iziston tomonidan yozuvchi, “O‘sh” almanax jurnali bosh muharriri B.Isoqova, shoir va jurnalist H.Davron, yozuvchi va jurnalist A.Mamaraimovlar, shuningdek jurnalistlar va tadqiqotchilar A.Maripjanov, D.Nasibxanov, S.Mamirov, U.Mirzaboyeva X.Begmirzayeva, Sh.Saipovlar qatnashishdi.

Uchrashuvni Qo‘mita raisi maslahatchisi Z.Axmedov ochib, ushbu tadbir ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga va millatlararo totuvlikni ta’minlashga xizmat qilib, “xalq diplomatiyasi”ning rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi va mehmonlarga tashriflari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shu bilan birga, maslahatchi o‘z so‘zida bugungi kunda Qo‘mita O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarining 150 ta milliy madaniy markazi va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalasida 38 ta do‘stlik jamiyati hamda xorijdagi vatandoshlarning 60 dan ortiq tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelayotganligini ma’lum qildi.

O‘z o‘rnida mehmonlar ham o‘zbek va qirg‘iz xalqlari azal-azaldan do‘stlikda, inoqlikda yashagani, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarliganini e’tirof etishdi. Tadbir davomida o‘zaro fikr almashilib, hamkorlikni yanada kengaytirish borasida so‘z yuritishdi.
Anjuman yakunida mehmonlar ushbu uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kilab o‘tishdi.