2021 yil bosh-sahifa Yangi O'zbekiston

Qo‘mitada “Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi D.Bakolus bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasida “Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi D.Bakolus bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuv davomida Qo‘mita raisi R.Kurbanov Qo‘mitaning maqsad va vazifalari hamda faoliyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston dunyoning turli davlatlari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan siyosat olib borayotganligi, bu jarayonda xalq diplomatiyasidan ham unumli foydalanilayotganligi, mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun o‘z madaniyati, urf-odatini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilganligi, bugungi kunda O‘zbekistonda 150 ta milliy-madaniy markazlar va 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat olib borayotganligi aytib o‘tildi

Suhbat chog‘ida ikki mamlakatning do‘stlik aloqalarida “O‘zbekiston-Gretsiya” do‘stlik jamiyatining ham munosib o‘rni borligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan grek diasporasi faoliyati va ular tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarga davlat tomonidan katta e’tibor berilib, 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi” kuni deb e’lon qilinganligi va ushbu sanaga bag‘ishlab respublika bo‘ylab bayram tadbirlari o‘tkazilganligi ma’lum qilindi.

“Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi D.Bakolus samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda eng barqaror rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatga ega hamkor davlat sifatida ko‘rishini, keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalar, jumladan, ta’lim, ilm-fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalari yanada rivojlanayotganligini, bunda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi millatlararo munosabatlar va xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
Tadbir mobaynida “Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi D.Bakolusga Qo‘mita raisi tomonidan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni topshirildi. D.Bakolus O‘zbekiston hukumati tomonidan uning faoliyatiga qaratilayotgan e’tibor va hurmat uchun mamlakatimiz rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirib, kelgusidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston-Gretsiya” do‘stlik jamiyati va Toshkent shahar grek madaniy markazi rahbarli va faollari ishtirok etdilar.