2020 год glavnaya

Samarqanddagi yahudiylar mahallasida “Sharqiy mavze” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda

Samarqand shahridagi yahudiylar mahallasining 20 gektar maydonda “Sharqiy mavze” loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaning maqsadi shahardagi madaniy merosni saqlash hisoblanadi. Bunday tashabbus “Turon fanlar akademiyasi” nodavlat-notijorat tashkiloti ekspertlari tomonidan ilgari surildi, deb yozmoqda “Novosti Uzbekistana”.

“Turon fanlar akademiyasi”ning Samarqand hududiy bo‘limi vitse-prezidenti Farhod Ahmadjonovning ma’lum qilishicha, loyihaning dolzarbligi bugungi kunda Samarqand shahrining tarixiy qismida olib borilayotgan qayta ta’mirlash va buzish ishlari bilan bog‘liq. Bu ishlar jarayonida tijoriy maqsadlar ustun qo‘yilib, obyektlarining ahamiyati hisobga olinmayapti.

”Sharqiy mavze” loyihasi hudud tarixiy qiyofasining me’moriy jozibadorligini oshirishni, shuningdek mahalliy aholi uchun qulay sharoitlar yaratishni ko‘zda tutgan. G‘oya mualliflarining rejalari qatoridan piyodalar yo‘laklarini, transport kommunikatsiyalarini, muhandislik qurilmalarini rivojlantirish va takomillashtirish o‘rin olgan.

Loyihani ishlab chiqishga tajribali dizaynerlar, arxitektorlar, shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislar, shu jumladan ayni paytda AQSh, Isroil va boshqa davlatlarda yashovchi samarqandliklar jalb qilingan.

Yahudiylar mahallasi Samarqand shahri tarixiy markazining sharqiy qismida joylashgan. Avval bu hududda Markaziy Osiyo yahudiylarining yirik diasporasi yashagan. Shaharning boshqa obyektlari va yodgorliklari bilan birga mazkur hudud UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

“Turon fanlar akademiyasi” 2017-yilning aprel oyida tuzilgan. Uning tarkibiga o‘nlab akademik va ilmiy xodimlar kiradi.