2020 год glavnaya

Samarqandga 7 oyda 2 million nafar sayyoh keldi

Samarqandda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosi o‘z samarasini bermoqda.

Viloyat turizmni rivojlantirish departamentining ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda Samarqand viloyatida 551 ta turistik ob’ekt, 5 ming 823 o‘rinli 138 ta mehmonxona, 1 ming 45 o‘rinli 118 ta oilaviy uy-mehmonxonalar, 100 ga yaqin milliy va yevropa taomlari tayyorlanadigan restoran, milliy uslubdagi choyxonalar hamda 164 ta turoperatorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi.
Shuningdek, 230 ta turistik sinfga mansub avtotransport vositalari, hamroh-tarjimonlar sayyohlarga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Sohani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida viloyatga jami 2 million nafar atrofida turist tashrif buyurgan. Shundan 359 ming nafarini 157 mamlakat fuqarolari tashkil etadi. Sayyohlar oqimi o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshgan bo‘lib, turizm sohasida eksport hajmi 111,1 million AQSh dollarini tashkil qilgan.
Ma’lumki, Samarqandga tashrif buyurayotgan sayyohlarga yanada keng qulayliklar yaratish maqsadida 2018 yilning 1 yanvaridan Samarqand aeroportida “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy etilgan edi. 2019 yil yanvar-avgust oylari davomida “yashil” yo‘lak orqali 97,4 foiz va “qizil” yo‘lakdan 2,6 foiz yo‘lovchilar harakatlangan. Yangi tizim joriy etilgunga qadar Samarqand xalqaro aeroporti orqali mamlakatimizga kirib kelgan (1 ta reysda 150-190 kishi) turistlar o‘z bagajlarini qabul qilib, chegara va bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatgacha vaqt sarflagan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu jarayon o‘rtacha 30-45 daqiqani tashkil etmoqda.
photo5456159778498783984.jpg
Yana bir yangilik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, mamlakatimiz hududidagi aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum maskanlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun maxsus planshetlar ijarasi yo‘lga qo‘yildi. Planshetlar aeroport va vokzallarning kutish zallarida sayyohlarning murojaatlariga ko‘ra berilmoqda. Ushbu planshetlarga O‘zbekistonga sayohat qilayotgan turistlar uchun zarur bo‘lgan barcha mobil ilovalar yuklangan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2018 yilda O‘zbekistonga kelgan mehmonlarga qulay bo‘lishi uchun aeroport, vokzal va sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda maxsus sim-kartalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan edi. Rouming xizmati muqobili sifatida ishlab chiqarilgan bu sim-kartalarni faqat xorijiy fuqaro pasporti bilan xarid qilishi mumkin.
Kelgusida sayyohlarga telefon apparati va mobil router ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga Samarqand shahriga kirib kelayotgan xorijlik sayyohlar, qo‘shni davlat fuqarolarining mamlakatimiz turistik salohiyati, sohadagi muammo va kamchiliklar hamda tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflari ham o‘rganilmoqda.

Abdulaziz YO‘LDOShEV, O‘zA