2020 yil glavnaya

Saxiy, bagʻri keng, qoʻli ochiq vatandoshlarimiz bor ekan, albatta, koronavirusni yenga olamiz

Butun dunyo xalqlarini larzaga solayotgan koronavirus pandemiyasi paytida millatimiz oʻzining ijobiy xislatlarini namoyon etmoqda.

Mamlakatimizda koronavirus balosiga qarshi kurash davri yurtdoshlarimizni hayotga yana-da teran qarashga, jipslashishga undamoqda.
Barcha sohada boʻlgani kabi sport, jumladan futbol sohasi vakillari ham koʻpga kelgan sinov davrida oʻz imkoniyatlari doirasida yordam qoʻlini choʻzishmoqda.
Yaqinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi, ayni paytda BAAning “Sharja” klubida toʻp surayotgan Otabek Shukurov 100 million soʻm miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzi tugʻilib oʻsgan Chiroqchi tumanidagi kam taʼminlangan oilalarga yordam sifatida taqdim etgan edi. Yaqin oʻtmishning futbol yulduzi, ayni paytda AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik“ fondiga 75 million soʻm hadya qildi. Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashining “14-Sayxun” okrugidan saylangan deputat, “Metallurg” professional futbol klubi murabbiyi Nozimjon Esanov oʻzi tugʻilib oʻsgan Bekobod shahrida istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan 20 oilaga va karantin davrida ishsiz qolgan muhtojlarga kunlik ehtiyoj uchun kerak boʻladigan bir qopdan un, 2 litrdan kungaboqar yogʻi, 20 donadan tuxum, 5 kilogrammdan makaron va tibbiy niqoblar tarqatdi.
Xayrli ishlar davom etmoqda. Kecha milliy terma jamoamizning yetakchisi, bugungi kunda Xitoyning “Shanxay SIP” klubi futbolchisi Odil Ahmedov mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasining Pekindagi elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi koʻmagida tibbiyot muassasalar uchun zarur vositalarni taqdim qildi. Odilning oilasi, shuningdek, yaqinda oʻzi tugʻilib oʻsgan Namangan viloyatidagi kam taʼminlangan oilalar uchun 600 million soʻm moddiy yordam koʻrsatgan edi.
Saxiy, bagʻri keng, qoʻli ochiq vatandoshlarimiz bor ekan biz, albatta, koronavirusni yenga olamiz.

 

Oybek YUNUSOV, OʻzA