2020 год glavnaya Популярные новости

Sherzodxon Qudratxoʻjayev: “Saylovlar vaktida madaniyatni unutib turaylik“

Endi eski zamonlardagi singari “Deputat koʻchamizga asfalt yotqizsin, yoki gaz oʻtkazsin” – degan gaplar ortda qolib ketdi. Boʻlajak deputatlarimiz butun Oʻzbekiston rivojiga xizmat qiladigan qonun qabul qilishi kerak.

Deputatlar qanday qonun qabul qilishi kerak ekanligini, qaysi sohada huquqiy oʻzgartirishlar qilish kerak ekanligini oʻylashi kerak. Xalqimiz hozir nimani xohlayotganini biladi, shu sababli ham “Bolam Oʻzbekistonda ishlasin”, “Bolam chet elga oʻqishga ketmasin, shu yerda oʻqisin”, “Mening bolam yaxshi maosh olib ishlasin” – deb deputatlardan soʻrashmoqda. Shunday ekan Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatidagi oʻzgartirishlar emas balki deputatlar butun Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga masʼuldirlar. Oʻylaymanki, joriy yildagi saylovlarda bizni mana shu savollar qiziqtirmoqda. Raqobat chin maʼnodagi raqobatga aylanishi kerak. Siyosiy partiyalar oʻrtasidagi raqobat umumiy mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi kerak.

Hozir mendan Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayonlarida qanchalik faol boʻlishi kerak — degan savolga munosabatimni soʻrashdi. Menimcha, Markaziy saylov komissiyasi saylovlarni tashkil etib, aniq natijalarni hisoblab beradi. Shuningdek, saylovlar xolis, shaffof boʻlib oʻtishini Markaziy saylov komissiyasi taʼminlab beradi. Ammo, bu jarayonlarda faollik talab qilinadigan bosh kuch siyosiy partiyalar va ularning nomzodlaridir. Bugun nomzodlar oʻzlarining 3 ga 4, pasportga tushgan rasmlarini va qisqagina maʼlumotni saylov okrugiga ilib qoʻyaman — desalar adashadilar. Lekin, shu bilan birga saylov jarayonlarida fuqarolik jamiyati faol boʻlishi juda muhim. Agar hurmatli saylovchilar 22-dekabr saylov okruglariga kelib, yarim soatda ovoz berib ketaman – deyishsa, adashadilar. Hurmatli saylovchilar, siz ham faol boʻlishingiz, nomzodlar bilan uchrashib, oʻzingizni qiziqtirgan savollarga javob talab qilishingizni soʻragan boʻlar edim.

Bugun Oʻzbekiston siyosiy partiyalarga, siyosatchilariga nisbatan simpatiya, yaʼni siyosiy ishtiyoq shakllanishi kerak. Bilamizki, Buyuk Britaniyada asrlar davomida leyboristlarga yoki konservatorlarga ovoz berib kelayotgan oilalar mavjud. Bizda ham siyosiy partiyalarga nisbatan shunday simpatiyani shakllanadigan vaqt keldi.

Endi OAV va saylov haqida. Hozir barcha bosma nashrlardan koʻra, internet sahifalarni oʻqishmoqda. Siyosiy partiya axborot xizmatlari jurnalistikaga kirib kelgan yangi yoʻnalishlar yaʼni SMM, copywriterlarni ishga taklif qilishsa, toʻgʻri shamolni tutgan boʻlishadi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda partiya faoliyatini yoritib boradi. Chunki, barcha siyosiy partiyalar ijtimoiy tarmoqlarda, umuman internetda faol yoritishga muhtoj.

Hozir koʻpchilikning fikrini eshitdim: saylov chogʻida partiyalar madaniyat doirasida, bir-birini hurmat qilgan holda harakatlanishi kerak. Boshqacha aytganda, ular oʻzini maʼlum qolipga solishi lozim. Kechirasiz-u, gap xalq taqdiri, ertangi kuni, iqtisodiy rivojlanishi haqida ketar ekan, blogerlar ijtimoiy tarmoqlarni “yondirayotgan” paytda qanday madaniyat haqida gapirish mumkin? Xalqimizda bir gap bor, “Toʻgʻri gap kelsa, otangni ham ayama”. Mayli, partiyalar oʻrtasida tortishuv, bahslar boʻlsin. Haqoratlar boʻlsa, sud oldida javob bersin. Siyosiy partiyalar oqsuyak ayollarni tayyorlaydigan institut boʻlmasligi kerak. Saylov chogʻida madaniyatni unutib turaylik. Demokratik tamoyillar asosida oʻtadigan siyosiy kurashda nomzodlar va keng jamoatchilik (saylovchilar) yeng shimarib astoydil faol boʻlishi talab etiladi.

Shu bilan birga, nomzodning siyosiy faoliyatidagi kamchiliklarni istagancha tanqid qilish mumkin, ammo u shaxsning oʻziga qaratilmasligi lozim. Partiyalar oʻrtasida sogʻlom kurash ketishi, haqoratga aylanmasligi kerak.

Sherzodxon Qudratxoʻjayev,

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi