2021 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

ShHT MATT Kengashi: 2021 yilda Tashkilotga a’zo davlatlarning vakolatli organlari ishtirokida «Pabbi — Antiterror — 2021» aksilterror mashg‘ulotlari o‘tkaziladi

Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) kengashining o‘ttiz oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Unda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston vakolatli organlari va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi delegasiyalari ishtirok etdi.

Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik holatini ko‘rib chiqdi, ShHT makonida terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi bugungi vaziyatni muhokama qildi, ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik darajasi to‘g‘risida fikr almashdi, zamonaviy tahdidlar va xalqaro terrorchi tashkilotlarning xavfsizlikka rahnalariga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar belgilab oldi.

Majlisda Kengashning ShHT Davlat rahbarlari kengashiga taqdim etiladigan 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risida hisoboti ma’qullandi.

Tashkilotga a’zo davlatlarning 2020 yilda 2019-2021 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi, Aksilterror tuzilma Kengashining qarorlarini bajarish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rib chiqildi.

ShHTga a’zo davlatlarning 2022-2024 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi loyihasi ma’qullandi. Tuzilma Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.

2021 yilda ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlarining navbatdagi «Pabbi — Antiterror — 2021» antiterror mashg‘ulotlari, a’zo davlatlarning vakolatli organlari chegara xizmatlari rahbarlarining sakkizinchi uchrashuvi va ShHT MATT sakkizinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida terroristik faoliyatni moliyalashtirish kanallarini aniqlash va to‘xtatish bo‘yicha hamkorlikni takomillashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

BMT Xavfsizlik Kengashining xalqaro terrorchi jangarilar harakatining oldini olishga qaratilgan 2178 va 2396-sonli qarorlari talablarini amalga oshirish doirasida yo‘lovchilar to‘g‘risida oldindan ma’lumot taqdim qilish va yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish yozuvlariga oid tizimlarni joriy qilish va ulardan foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi.

ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari xodimlarining bir guruhi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari ShHT MATT faoliyatini rivojlantirish va a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Kengash diplomi va esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Qirg‘iziston, Pokiston va Rossiya vakillariga “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatning ShHT MATT kengashidagi faxriy vakili» unvoni berildi.

ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy ta’minlash masalalariga oid qarorlar qabul qilindi.

Kengashning navbatdagi majlisini joriy yil sentyabr’ oyida O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

ShHT MATT kengashining 35-yig‘ilishi 2019 yil 12 sentyabr’ kuni Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan. 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli Kengash yig‘ilishi qoldirilgan.