2021 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

Tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar

Tarixi va taqdiri mushtarak xalqlar yoxud O‘zbekiston va Tojikiston hamkorlik aloqalarining ohanrabosi haqida

Ko‘p asrlik tarix guvoh, o‘zbek va tojik xalqlari Markaziy Osiyoning jannatmonand hududida yelkama-yelka yashab, bir daryodan suv ichib, shu o‘lkani obod qilib, madaniyat va san’atini rivojlantirib, dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Bu xalqlarning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati mushtarakligi haqida o‘nlab misol keltirish mumkin.

Teran ildizlarimiz

O‘rta asrlarda, Ikkinchi uyg‘onish (renessans) davrida o‘z ijodi bilan butun Sharqni qoyillatgan Alisher Navoiy bilan Abdurahmon Jomiy do‘stligi o‘zbek va tojik xalqlari tarixidagi yorqin sahifalari emasmi? Bu matlabni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga tarixiy tashrifi chog‘ida ikki buyuk mutafakkir shoirning ibratomuz do‘stligiga oid kitobni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga hadya qilish asnosida alohida ta’kidlangan edi. Bu ramziy ma’noga ega. Chunki ikki mutafakkir do‘stligi bir necha asrdirki, xalqlarimiz yaqinligiga nur va shukuh bag‘ishlab kelmoqda.
Qarang, Jomiy o‘zining “Layli va Majnun” dostonida Navoiy haqida qanday olijanob fikrlarni bayon etgan:

Do‘st agar do‘stga payvandlik qilsa,
Orzu-umid daraxti unumdor bo‘lgay.
Umid xazinasining kaliti do‘stdir,
Abadiy ayshning xushxabarchisi do‘stdir.
Maqsudi umr emasmi do‘stlik,
Umr ichraki nur emasmi do‘stlik.
Ayniqsa bu bog‘i oshinodin,
Tinglansa agar navo vafodin.
Ya’ni u Navoiy lutf etkay,
Singan dilu qalbni ovutgay
(Jonibek Quvnoq tarjimasi)

O‘z navbatida Alisher Navoiy “Nasoim-ul-muhabbat”da yozadi: “Shayxul-islom mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy… Alar vasfida xoma tili lol va til xomasi shikasta maqoldur. Yillar taqrir qilsa va qarnlar tahrir sur’ati birla bitilsa, ulcha haqqi bor, vasflarining ado topmog‘i mutaassirdur, ta’riflarning bayong‘a kelmog‘i mutaazzir.”

Qardoshlik, do‘stlikka sadoqat, ma’naviyat mushtarakligi, poklik ruhiyati ikki buyuk zotning deyarli har bir asaridan ufurib turadi. Ularning sharafiga Samarqand va Dushanbe shaharlarida qad rostlagan haykallar buyuk do‘stlik qudratining tajassumidir.

Ikki xalq adabiyotining do‘stligi, ayniqsa, zullisonaynlik (ikki tilda barobar ijod qilish) an’analarida biz avvalo ellarimizning ma’naviyati mushtarakligini his etamiz. Shukrki, ajdodlar an’anasi yangi davru zamonlarida yangicha ahamiyat kasb etib kelmoqda. Bu haqda yaqin tariximiz ham so‘zlaydi. Tarix esa buyuk muallim. Shu tariqa, G‘afur G‘ulom, Oybek va Sadriddin Ayniyu Mirzo Tursunzodalar, Abdullo Oripovu Erkin Vohidov va Loiq Sheralilarning do‘stona aloqalariga ham nazar tashlash mumkin.

Atoqli adibimiz, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom taqdir taqozosi ila og‘ir yillarda (1938-1939 y.y) Dushanbeda yashab, hayoti va ijod yo‘lining har bir lahzasida do‘stlikning kuchini his qilgan va bu bebaho ne’matni o‘z asarlarida tarannum etgan. 1938 yilda Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti sho‘’basi tashkil etish jarayonini o‘z ko‘zi bilan kuzatgan H.G‘ulom “Vafoning uzun yo‘li” hujjatli qissasida uyushma raisi Mirzo Tursunzoda yig‘ilishni olib borganini eslab shunday yozgan: “Do‘stoni aziz! – deb tojik tilida so‘z boshlagan Tursunzoda darhol o‘zbek tiliga o‘tdi. – Aziz do‘stlar! Men Toshkentda Tojik pedagogika institutida tahsil ko‘rganman, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjonlar bilan ko‘p muloqotda bo‘lganman. G‘afur aka: “O‘zbek bilan tojik bir onaning qornidan talashib tushgan”, deydilar. Darhaqiqat, bizlar – bir xalqning farzandlari, bir Vatanning jigarbandlaridirmiz. Dillarimiz kabi, yerlarimiz ham tutash. Bir daryodan suv ichamiz…”.

Hamid G‘ulom G‘afur G‘ulom va Sadriddin Ayniy suhbatlarida bevosita ishtirok etib, “Yillar, yo‘llar, ustozlar” sarlavhali maqolasida “Men ikki allomaning hazil-mutoyibasini kuzatib o‘tirib, bu shonli akademiklar, adabiyotimizning barhayot klassiklari, zamon allomalarining samimiy do‘stligidan, beg‘ubor hazilkashligidan va nihoyat, ilm bobida murosasiz mehnati va kashfiyotidan faxrlandim…” deb eslab o‘tadi.

O‘zbekistonning oqil rahbari, atoqli adib Sharof Rashidov ham Mirzo Tursunzoda bilan uchrashuvlari bir umr esda qolarli bo‘lib qolganini, uning o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda ulkan hissa qo‘shganini ta’kidlab o‘tib, “u nafaqat tojiklarning Mirzosi, balki bizning – o‘zbeklarning Mirzosi ham” deydi. Ikki yil oldin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Mirzo Tursunzoda tavalludining 108 yilligi keng nishonlandi. Joriy yil esa adibning 110 yilligi yurtimizda ham shukuhli tadbirlar bilan qayd etiladi.

Aynan shunday do‘stona munosabatlar va ijodiy hamkorlikning yorqin namunalarini kino, teatr, musiqa sohasida ham yaqqol ko‘rish mumkin. O‘tgan asrning 30-yillari boshida ham “O‘zbekfilm”, ham “Tojikfilm” studiyalari shakllanishiga Komil Yormatov bosh-qosh bo‘lgan, keyinchalik esa o‘nlab tojik aktyorlari Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, ikki respublika filmlarida ajoyib rollarni muxlislarga hadya etgan.

Birgina “Maysaraning ishi”ni olaylik. Filmda Tojikiston xalq artistlari Sayram Isoyeva va Ato Muhammadjonov asosiy rollarni o‘ynagan. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Tobutdan tovush” kabi asarlari esa Tojikiston teatrlari repertuaridan mustahkam joy olgan edi. Bugun katta shuhrat qozongan tojik aktyori, Xalq artisti Hoshim Gadoyev ham ilk rollaridan birini “O‘zbekfilm”ning “Ulug‘bek yulduzi” filmida o‘ynagan. Yoki “Tojikfilm”ning “Minarxarlik ovchi” ko‘p seriyali sarguzashtli filmida Nabi Rahimov, Yodgor Sa’diyev, Rajab Adashev, Shuhrat Ergashev, Inog‘om Odilov, Abdurayim Abduvahobov kabi qariyb o‘n nafarga yaqin o‘zbek aktyorlari ishtirok etganlar. Mazkur filmda asosiy rollardan birini (qo‘rboshi Tog‘ay) gavdalantirgan O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev intervyularidan birida filmni suratga olish jarayonida ishtirok etish uchun ikki yil davomida 68 marta Toshkentdan Dushanbe shahriga samolyotda uchib borib qaytib kelganini eslagan.

Do‘stlik masofa, chegara bilmaydi. Internet bo‘lmagan zamonlarda ham xalqlarimiz hamisha adabiy va madaniy so‘zlashuvda bo‘lib kelgan, tamaddunlarimizni boyitgan. Zero bizning qalblarimiz juda yaqin!

Boburiylar sulolasi vakili shoira Zebuniso g‘azaliga Hoji Abdulaziz Rasulov tomonidan qayta bastalangan o‘lmas va jozibador “Samarqand ushshog‘i” (“Ushshoqi Samarqand”) har bir o‘zbek va tojik xonadonida bir xil yangraydi, bir xil qabul qilinadi, qo‘shiqning tilidan qat’i nazar, bunday taronalarni tinglagan kishi maroq bilan umumiy musiqiy merosimiz xususida beixtiyor suhbat va hikoyalar qiladi. Jomiyning “Ba yak karashma Zulayxovashe dili moro” misrasi boshlanadigan “Sodirxon ushshog‘i” taronasi haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

2003 yil YUNESKO tomonidan “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonasi” deb e’tirof etilib, keyinroq (2008 yil) ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan Shashmaqom ham ikki xalqning benazir mushtarak musiqiy merosi sifatida mana ko‘p asrdirki, ma’naviyatimizning ajralmas boyligiga aylangan. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yildan boshlab Shahrisabzda har ikki yil bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani tojik san’atkorlarini ham quvontirdi. 2018 yil 6 sentyabrda dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etib ochilgan birinchi san’at anjumanida Tojikiston maqom san’ati vakillari faol qatnashib, Gran-prini qo‘lga kiritgan edi.

– Darhaqiqat, O‘zbekistonda maqom san’ati targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshboy Muhabbatov. – Bu bizni ham quvontiradi. Shaxsan men O‘zbekiston telekanallari orqali yosh maqomchilar ijrosida ham Shashmaqom taronalarini ham o‘zbek, ham tojik tillarida tomosha qilib, “Axsant” degim keladi. Zero xalqlarimizning bebaho musiqiy merosimiz maqom san’ati ilohiy musiqa namunalaridir. Bugun Tojikistonda Yulduz Turdiyeva, Ilyos Arabovlardek yosh va mohir maqom ijrochilarni yaxshi bilishadi. O‘ylaymanki, ikki qardosh yurt olimlari va atoqli ijrochilar kuchi bu yo‘nalishda birlashtirilsa ayni muddao bo‘lardi.

Xullasi kalom, hayotimizning qaysi sohasini olmaylik, biz – o‘zbek va tojik xalqlarining birligi ta’sirini ko‘ramiz. Xalqlarimiz qalbidagi mehru sadoqat, ma’naviyat va ruhiyat mana shu birlikni mustahkamlash, tarannum etish yo‘lida ohanrabo va bir-birlariga tortuvchi, eltuvchi joziba kuchidir. Bu esa xalqlar do‘stligi va bugungi kunda juda muhim bo‘lgan madaniyatlararo muloqot (so‘zlashuvi)da muhim omil hisoblanadi.

“Niyatlarimiz yor bo‘lib…”

Globallashuv jarayonlari mintaqalararo va qit’alararo aloqalarni yo‘lga qo‘yishni ancha osonlashtirdi. O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda mamlakatimiz jahonning turli go‘shalarida joylashgan davlatlar bilan o‘zaro manfaatbaxsh hamkorlik aloqalarini samarali rivojlantirib kelmoqda. Birgina Janubiy Koreya bilan iqtisodiy robitalar mahsuliga nazar tashlasak, bunday hamkorlik qamrovi va dinamikasini anglash qiyin emas. O‘zbekiston rahbariyati oxirgi uch-to‘rt mobaynida eng avvalo qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida “yaxshi qo‘shnichilikni yo‘lga qo‘yish” tamoyili muhim vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan edi. Bu ezgu maqsad, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida beshinchi ustuvor yo‘nalish (Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar) sifatida belgilandi va eng muhimi izchillik bilan amalga oshirildi.

Rostini aytganda, yaqin o‘tmishda mintaqada davlatlararo munosabatlar, ayniqsa, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar mushkul ahvolga tushib qolgan edi. Natijada orada nafaqat iqtisodiy, balki gumanitar sohasida global muammolar vujudga keldi. Bir-biriga qondosh-jondosh ikki xalqning bordi-keldisi qiyinlashib, insonlar yaqinlari bilan diydor ko‘rishishni yillab orzu qilib yashaydigan davrlarni ko‘rdik. O‘sha yillari asrlar davomida shakllangan, hayotimizning doimiy mezoniga aylangan adabiy-madaniy aloqalar ham katta zarar ko‘rdi.

Beadad shukrlarki, O‘zbekiston rahbari ikki xalqning muddaolariga hamohang xayrli ishlarni amalga oshirdi. “Biz o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor bo‘lib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh. Biz do‘stlik va insoniylik nuqtai nazaridan qo‘shnilarimiz bilan hamisha do‘st va birodar, hamkor va hamjihat bo‘lamiz”, – degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan uch yil muqaddam.

O‘zbekiston Prezidenti shu niyatlar bilan 2018 yil 9-10 mart kunlari Dushanbe shahriga tashrif buyurdi. Tashrifning samarali natijalari, imzolangan muhim hujjatlar tufayli chegaralarimiz qalblarimizdek ikki mamlakat aholisi uchun ochildi. Minglab emas, balki millionlab kishilar chegara postlaridan o‘tish asnosida ikki davlat rahbarlari irodasi uchun duolar qilishdi. Ko‘zlarida quvonch yoshi, yuzlarida shukronalik tuyg‘usi bilan yo‘lini davom ettirganlarni ko‘pini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalariga to‘xtalmasak bo‘lmas. Koronavirus pandemiyasi ikki mamlakat tovar ayirboshlash jarayonlariga to‘siq bo‘lolmadi. Jumladan, 2020 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida Tojikistonning ulushi 10,2 foiz oshgan. Tovar ayirboshlash 338,8 million AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov yaqinda Tojikistonning Xo‘jand shahriga tashrif buyurib, hamkasbi Qohir Rasulzoda bilan turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha muzokaralar olib borgani har ikki mamlakat aholisiga katta umid bag‘ishladi.

Shuningdek, joriy yil 22-23 aprel kunlari Farg‘ona shahrida Farg‘ona, Tojikistonning Sug‘d, Qirg‘izistonning Botken viloyatlari rasmiylari va tadbirkorlari ishtirokida katta forum bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda o‘zbek va tojik tadbirkorlari hamkorligi qamrovi yil sayin ortib borayotgani raqamlar tili bilan ifoda etildi. Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzodaning ta’kidlashicha, pandemiyaga qaramay 2020 yilda O‘zbekistondan ushbu viloyatga tovar kirish hajmi 96 million AQSH dollarini tashkil qilgan. Joriy yilning uch oyida esa 28 million dollarga yetgan. Ayni paytda mazkur viloyat O‘zbekistonga 9 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilgan.

Biznes-forum doirasida farg‘onalik tadbirkorlar va yirik korxonalar bilan savdo-sotiq hajmini yanada kengaytirish bo‘yicha bitimlar imzolangan. Bunday hamkorlik chegaraoldi Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari bilan ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Aynan hududlararo kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berilmoqda. Chimkent-Toshkent-Xo‘jand iqtisodiy koridorini tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ham nafaqat ikki, balki ko‘p tomonlama mintaqaviy robitalarni rivojlantirishga xizmat qilishi aniq. Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin.

Madaniy-adabiy aloqalarimizning chegarasi yo‘q. Ayniqsa, o‘zbek va tojik san’at vakillarining chiqishlari barchamizga ko‘tarinki ruh va mamnuniyat bag‘ishlab kelgan. Kuni kecha O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva Dushanbe shahridan kelganini aytib qoldi.

– Uch yil muqaddam Prezidentimiz Dushanbe shahriga va Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Toshkentga tashrif buyurganida bo‘lib o‘tgan tantanali konsert marosimlarida qatnashib, haligacha o‘sha kunlar hayajonini eslab yuraman. Ikki qo‘shni davlatlar mustaqilligining 30 yilligi yaqinlashayotgan bir paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega navbatdagi tashrifi kutilmoqda. Demak, ikki mamlakat, ikki qondosh xalqning do‘stlik ko‘prigi yanada mustahkamlanadi. Esimda, Prezidentimiz Tojikiston rahbariga ramziy darvoza maketini topshirayotgan chog‘ida, “bu darvoza xalqlarimiz uchun hech qachon yopilmasin” deb ezgu niyat qilgan edilar. Men tojik millatiga mansubman. Turmush o‘rtog‘im Husan Xalilov – o‘zbek. Bir qizimizni Tojikistonga uzatganmiz. Bizdek oilalar O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham ming-minglab uchraydi. Demak, biz nafaqat qo‘shni, balki qarindoshlarmiz. Yaqinda Dushanbe shahrida yosh maqomchilarimiz bilan Tojikiston konservatoriyasi, institutlarida tojik yosh maqomchilari ishtirokida ikki xalqning merosi bo‘lmish “Shashmaqom” taronalarini birgalikda ijro etdik. Bizni, o‘zbekistonlik san’atkorlarni katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Bo‘lajak tashriflar, ijodiy safarlardan umidimiz katta, – deydi taniqli xonanda.

Xullas, O‘zbekiston va Tojikiston, o‘zbek va tojik xalqlarining taqdiri tarixidek mushtarakdir. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi, amaliy qadamlari sharofati ila nafaqat ikki davlat, balki mintaqa ellari ham nurli kelajak sari birlashib boradilar.

Shoqahhor SALIMOV,
“O‘zbekiston – Tojikiston”
do‘stlik jamiyati a’zosi