2019 yil bosh-sahifa Dolzarb xabarlar

“Tashkent City”dagi eng baland inshoot zilzilabardosh boʻladimi?

“Shahar ichra shahar” deya taʼriflanayotgan “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazida Markaziy Osiyodagi eng baland bino quriladi. Mahalliy “Murad Buildings” hamda Turkiyaning “Ozguven” quruvchilik kompaniyasi tomonidan bunyod etiladigan mazkur noyob loyihaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Markazning bir yarim gektar maydonini egallaydigan mazkur 50 qavatli inshootning balandligi 215 metrdan oshadi. Bu Nur-Sulton shahridagi osmonoʻpar binodan ham yuksak, deganidir.

Xoʻsh, Oʻzbekiston quruvchilik tarixida eng baland inshoot boʻlishi kutilayotgan majmuaning xavfsizligi, zilzilabardoshligi qanday boʻladi?

“Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi va rahbari Murod Nazarovning aytishicha, masalaning shu tomonini hisobga olib, dunyoning 100 dan ziyod kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, turkiyalik quruvchilar bilan kelishuvga erishgan. Ular birgalikda qurilish maydonidan 100 metr chuqurlikkacha tuproqdan namuna olib oʻrganilgan va shu asosda oʻta mustahkam loyiha ishlab chiqilgan. Bu jarayonda 500 dan ziyod mutaxassislar ishtirok etgan.

— Uch blokdan iborat mazkur inshoot loyihasi ustida oʻz nou-xaularimizni qoʻllashdan tashqari, Turkiyaning yirik universitetlaridan professor-oʻqituvchilarni ishga taklif qildik va koʻplab mutaxassislardan maslahat oldik, — deydi “Ozguven” boshqaruv kengashi raisi Ozgur Ozguven. — Natijada arxitektura va muhandislik nuqtai nazaridan juda batafsil tadqiqot va loyihalashtirish ishlari olib borildi. Qurilishda ham eng sifatli mahsulotlardan foydalanamiz. Bu uning oʻta mustahkam boʻlishini taʼminlaydi.