2021 yil glavnaya Популярные новости Yangi O'zbekiston

«The New York Times» o‘z o‘quvchilarining O‘zbekiston haqidagi bilimini sinab ko‘rdi

Jahondagi mashhur nashrlaridan biri — «The New York Times» gazetasi o‘z veb-sahifasida bir hafta davomida O‘zbekiston haqida interaktiv viktorina o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«The New York Times» AQSHning 1851 yildan beri nashr etib kelinayotgan eng yirik kundalik gazetalaridan biridir. Gazeta 127 marta Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan. Nashr veb-saytiga oyiga 30 million  o‘quvchi tashrif buyuradi.

«O‘zbekiston to‘g‘risida qanchalik ko‘p bilasiz?» mavzusidagi viktorinada mamlakatimiz tarixi, geografiyasi, iqtisodiyoti va ekologiyasi to‘g‘risida to‘rtta savol berilgan.

Xususan, «The New York Times» veb-sayti o‘quvchilari O‘zbekiston chorrahasi bo‘lgan 2 ming yillik savdo yo‘lining nomini topishi kerak edi. Ushbu savolga javob berar ekan, o‘quvchi mamlakatimiz Rim va Xitoyni birlashtirgan Ipak yo‘lining markazida joylashganidan xabardor bo‘ldi. Ushbu yo‘l erkin madaniyatlararo almashinuv ramzi bo‘lib, u orqali Xitoy qog‘ozi (ahamiyati jihatidan kompyuter yaratilishiga teng ixtiro) G‘arbga, O‘rta asrlar Yevropasiga yetib borgan.

Geografiya bo‘yicha savolda o‘quvchilar O‘zbekiston poytaxti haqidagi bilimini sinovdan o‘tkazdi. Nashr Toshkent nafaqat qadimiy meʼmorchilik, balki zamonaviy bunyodkorlik namunalarini ham o‘zida mujassam etganini taʼkidlagan. Xususan, 1977 yilda ochilgan Toshkent metropoliteni Markaziy Osiyodagi  ikkita yer osti transport tizimidan biri ekani qayd etilgan. Metro bekatlarining aksariyati turli mavzular aks etgan milliy mozaika va qandillar bilan bezatilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunda sayyohlar nafaqat metro meʼmorlari sanʼatidan bahramand bo‘lishi, balki stansiyalar ko‘rinishlarini suratga olishi ham mumkinligiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Navbatdagi savol O‘zbekiston iqtisodiyotiga bag‘ishlangan. Nashrda taʼkidlaganidek, bugun mamlakat hukumati inson huquqlarining eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishi — paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi izchil kurashmoqda. Ilgari paxta yig‘im-terimi paytida 1 millionga yaqin odam majburan terim mavsumiga jalb qilingani aytilgan.

Interaktiv viktorina yakunida mualliflar Orol dengizining asta-sekin qurib borayotganiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Taʼkidlanishicha, Orolning qurishi sobiq sovet tuzumi davrida, qurg‘oqchilikka qaramasdan, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytda boshlangan. Amudaryo va Sirdaryo suvlari bug‘doy va paxta dalalariga yo‘naltirilgan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi ham mintaqadagi suv tanqisligini keltirib chiqarmoqda.

Bugungi kunda dengiz qurishi oqibatida qumloqqa aylangan sobiq Mo‘ynoq porti mintaqaning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanmoqda. Sayyohlar bu yerga kemalar “qabristoni”ni ko‘rish va Instagramga selfi tushish uchun keladi. Qachonlardir dengiz suvi to‘lqinlari yuvib turgan qirg‘oqlarda bugungi kunda dinozavr suyaklarini eslatadigan, zanglagan va tashlandiq trauler va kema qoldiqlari qolgan, xolos.