2020 yil glavnaya

TIV Tezkor shtabi Rossiyadagi fuqarolarga Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishga urinmaslik va hozirda bo‘lib turgan manzillarida qolishlarini so‘rab murojaat qildi

O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida va Orenburg viloyati Buzuluk shahrida mos ravishda 1 ming 300 va 700 nafardan ortiq vatandosh to‘plangan.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi elchixonasi tomonidan fuqarolarning “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punktiga borishga urinmasliklari, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlari va barcha karantin choralariga qatʼiy rioya etishlari to‘g‘risida berilgan ko‘p bora ogohlantirishlariga qaramay, fuqarolarning Qozog‘iston hududi orqali avtotransport vositalarida vatanga qaytish maqsadida Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi yaqinida to‘planishlari davom etmoqda.

Mintaqada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishi, Qozog‘istonda qatʼiy karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan fuqarolarning qo‘shni davlatlar hududi orqali qaytishi tashkiliy va boshqa qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda, ayniqsa fuqarolarning sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Ushbu holatni yurtdoshlarimizga tushuntirish maqsadida, mamlakatimizning Moskva shahridagi Elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi rahbarlari fuqarolar to‘plangan joyga kelishdi.

“Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizdan cheklov choralariga to‘g‘ri baho berishlarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishlarini va o‘zlarining va atrofdagilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz”, deyiladi Tezkor shtab xabarida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolari charter reyslarni tashkil qilish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan hamda muntazam “sariq” va “yashil” reyslar qayta tashkil etilishi bilan vatanga qaytariladi.

Tezkor shtab o‘z xabarida O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan charter reyslarda, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq olib chiqilishini eslatib o‘tgan.