2022 yil bosh-sahifa

Tojikiston oliy bilim yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqot o‘tkazildi

O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasida Tojikistonda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari va Uchinchi Renessans” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Tojikiston Milliy universiteti, Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston pedagogika universiteti, Rus-Tojik (Slavyan) universiteti va boshqa oliy ta’lim maskanlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Talabalarga Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va Uchinchi Renesans bunyod etish istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Yoshlarga O‘zbekistondagi bo‘layotgan o‘zgarishlar, yoshlarga chet el ta’lim muassasalarida o‘qish, malaka oshirish, xalqaro sport va boshqa musobaqalar, tanlovlar, olimpiadalarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi aytildi.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Ularga elchixona fondidan kitoblar sovg‘a qilindi.

Anjuman yakunida “O‘zbekistonni kim yaxshi biladi?” mavzusida navbatdagi davra suhbati hamda Tojikiston oliy bilim yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazishga kelishib olindi.