Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Guliston MFY hududida joylashgan Millatlar do‘stligi madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatalararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini qo‘z qorachig‘idek asraylik” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qo‘mita rahbariyati va mutasaddi xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari turli milliy madaniy markazlari rahbarlari va faollari, mehnat faxriylari, uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, tinchligi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan keksa, o‘rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Bosh maydonda milliy madaniy markazlarning madaniyati, urf-odati, milliy liboslari va taomlari ko‘rgazmalari tadbir mehmonlari va ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov bayram tantanalarining ochilish marosimida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:
“Hurmatli uch avlod, hammangiz bilasiz Respublikamizda bir qancha tumanlarida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarimizda O‘zbekiston Respublikasidagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston Respublikalarining elchilari faol qatnashib kelmoqdalar. Toshkent viloyati o‘zining ulkan salohiyati bilan mamlakatimiz hududlari orasida alohida o‘rin tutadi. Birinchidan moddiy va ma’naviy resurslarga ega. Barcha sanoat sohalari rivojlangan ko‘p millatli viloyatda qozoq, tojik, turkman, ukrain, rus, tatar, belarus, koreys va boshqa millatlar yashaydi. Bugungi kunda tumanda 10 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda va ularning vakillari ushbu tadbirimizda ishtirok etmoqda. Bugun tadbirimiz o‘tayotgan joy sovet davridagi Pravda kolxozi edi va unda mashhur kolxoz raisi Ivan Soy faoliyat olib borgan. Sobiq kolxoz nafaqat Toshkent viloyatida balki butun O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan. Buni yoshlar bilishi kerak. Uch avlod uchrashuvining ma’no mag‘zi ham shu. Bu yerda qurilgan Madaniyat saroyini ilk bor o‘z davrining yirik davlat arbobi Sharof Rashidov ochgan. Yoshlar mana shunday tarixiy joyda o‘tiribdi. 2019 yil muhtaram Prezidentimizning topshirig‘i bilan shu madaniyat saroyini ta’mirlab unga “Millatlar do‘stligi madaniyat saroyi” nomi berildi”.
Tadbir jarayonida bo‘lib o‘tgan suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi. Tadbirda qatnashgan mehmonlar ham o‘z fikrlarini bildirishdi:
Abdujabbor Rahmonzoda
Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Biz uch avlod vakillarini ko‘rganimizdan juda xursand bo‘ldik. O‘z bilim va tajribasini yosh avlodga yetkazayotgan keksalar mamlakat faxri. Bu yerda O‘zbekistonda yashayotgan turli millat vakillarini ko‘rish ham quvonchli. Hammamiz ularning yuzlarida quvonch va ertangi kunga ishonchni ko‘ramiz. Mamlakat rahbariyati bu ulug‘ zaminda barcha millat va elatlarning tinch-totuv yashashi, ajoyib hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berganidan mamnunman. Darhaqiqat, bu sohada qishloqni obodonlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Barcha zamonaviy talablarga javob beradigan go‘zal millatlar saroyi viloyat aholisi uchun o‘z eshiklarini ochgan. Ishonchim komilki, hozirgi avlod ular uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni hech qachon unutmaydi. Biz bu erga kelganimizda yoshlarni tarbiyalash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy maktablarni, ajoyib madaniyat markazlarini, asfalt yo‘llarni ko‘rdik. Biz bu o‘zgarishlardan juda xursand bo‘ldik.”
Ibragim Junusov
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Uch avlod uchrashuvi, har doimgidek, odamlarning a’lo kayfiyatida o‘tadi. Bunday uchrashuvlar birinchi navbatda yoshlar uchun muhim. Xalq o‘z qahramonlari va faxriylarini bilishi kerak. Bu uchrashuvlar yoshlar uchun katta motivatsiya beradi. Ular undan ilhom olishadi. Ko‘rgazmada turli millat vakillari o‘zlarining madaniyati, san’ati, turmush tarzi, urf-odatlari, milliy taomlarini namoyish etishdi. Bu xilma-xillik xalqlarning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi va mamlakatning umumiy madaniyatini to‘ldiradi va boyitadi. Biz Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida ketayotganini ko‘rayapmiz va men bunda barcha rejalar amalga oshishini tilayman.”
Darxan Satibaldi
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Bugungi tadbir jamiyat va millatlar birligiga xizmat qiladigan juda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Qozog‘iston kabi ko‘p millatli mamlakat. Bilaman, bir paytlar mamlakatni tark etgan ko‘p odamlar bu yerga qaytib kelishmoqdalar. Bu O‘zbekistonda mamlakatning har bir fuqarosiga tinchlik va osoyishtalik kafolatlanganidan dalolatdir. Bunda millatlararo totuvlik muhim rol o‘ynaydi. Biz yaxshi bilamizki, tinchlik o‘z-o‘zidan sodir etilmaydigan hol, bu mamlakat rahbariyati tomonidan chuqur o‘ylangan milliy siyosatdir. Yurtingizga tinchlik va farovonlik tilayman.”
Viktor Pak
O‘zbekiston koreys milliy madaniy markazlari assotsiatsiyasi rahbari
“So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda barcha sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘layapti. Bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmayapti. Bularning bari bizning xalqimiz farovonligi va kelajagi uchun. O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Bu tumanda koreys millatiga mansub aholi yashagan va ular o‘z mehnatlari bilan mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shgan. Toshkent viloyatida oxirgi yillarda juda o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bugungi tadbirimizda uch avlod vakillari birga suhbatlashib o‘tiribdi. Bunday e’tibor faqat O‘zbekistonda bor va bunday uchrashuvlar bizning o‘sib kelayotgan yoshlarimizga ibrat bo‘ladi. Kelajakda aynan shu bolalar bizning o‘rnimizga katta hayotga keladi. Ularga omad tilayman.”
Yazgul Mamedov
Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi:
Bugun biz uch avlod uchrashuvida qatnashmoqdamiz. Yuqorichirchiq tumanida men ko‘p millatli aholining ahil inoqlikda yashayotganinig guvohi bo‘ldim. Hozirgina turkman, qozoq, qirg‘iz, boshqird va boshqa millatlarning yurtalarini ko‘rdik. Bu erda chinakam do‘stlik va birlik muhiti hukm surayotgani sezilmoqda. Bu tabdir aholini qo‘llab -quvvatlash borasidagi davlat siyosatini o‘zida ifoda etmoqda.”
Millatlar do‘stligi saroyining markaziy maydonida taniqli san’atkorlar tomonidan go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi. Shuniningdek turli milliy madaniy markazlari faollari va havaskor guruhlari tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar, raqslar va laparlar yig‘ilganlarga bayram shukuhini hadya etdi.