2021 yil glavnaya Популярные новости

Toshkentda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida 300 ming kishi boshpanasiz qolgan edi

Vatanimiz tarixidagi 26 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1866 yil (bundan 155 yil oldin) – 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi Toshkentda kuchli zilzila ro‘y berdi. Zilzilaning shaxsan guvohi bo‘lgan tarixchining so‘zlariga ko‘ra, yer shu qadar larzaga kelganki, ko‘plab imoratlar qulab tushgan, qanchadan-qancha odam bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, shundan keyin o‘tgan yuz yil davomida shaharda yana besh marta juda kuchli zilzila sodir bo‘lgan, 300 marta yer chayqalishi va silkinishi kuzatilgan.

1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Xiva xonligida Asfandiyorxonning islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi manifesti asosida tashkil etilgan parlament – Majlisning birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 nafar xivalik deputat va turkmanlardan 7 nafar vakil ishtirok etdi. Majlis Vazirlar kengashini sayladi. Ammo ikki oy o‘tmasdan xon boshchiligidagi konservativ kuchlar Majlisni tarqatib yubordi. Yosh xivaliklar rahnamolari hibsga olinib, ulardan bir qismi otib tashlandi.

1936 yil (bundan 85 yil oldin) – milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, zamonaviy o‘zbek madaniyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavallud topdi (vafoti 1985 yil). U o‘ta ta’sirchan tembrli, shirador ovozga ega bo‘lgan. 2000 yil 25 avgustda, vafotidan so‘ng, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Joriy yilda yurtimizda prezident farmoni asosida Botir Zokirov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyatini inobatga olib hamda tavalludining 85 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning yubileyi tantana qilinmoqda.

1954 yil (bundan 67 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topdi (vafoti 2001 yil). So‘zning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuyg‘ular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini lo‘nda va yaqqol ifodalay bilish Muhammad Yusuf she’riy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat she’rlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda.

1966 yil (bundan 55 yil oldin) – Toshkent shahrida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila o‘chog‘i shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa yo‘nalgan, u 5–10 km chuqurlikda joylashgan. Zilzilaning kuchi epitsentrda 8 ballga yetgan, markazi Qashqar mahallasi va Labzak o‘rnida bo‘lib, maksimal vayronalik zonasi 10–12 kilometr kvadratga teng bo‘lgan. 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi, 24 may va 5 iyunda kuchli (6–7 ball) silkinishlar takrorlangan. Sodir bo‘lgan tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab eski usulda qurilgan uylar, maktab, kasalxona, ma’muriy va jamoat tashkilotlari binolari qulab, shaharning katta qismi va ayniqsa, uning markazi vayronaga aylangan.

Jumladan, 2 million metr kvadratdan ziyod turarjoy, 236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, 26 ta kommunal xo‘jalik korxonasi, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 ta madaniy-maishiy muassasa, 185 ta tibbiyot va 245 ta sanoat korxonasi binolari zarar ko‘rgan, 78 ming oila yoki 300 ming kishi boshpanasiz qoldi, 8 kishi halok bo‘lib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Zilziladan zarar ko‘rgan Toshkentga qo‘shni respublikalardan g‘amxo‘rlik ko‘rsatdilar. Boshpanasiz qolganlarni joylashtirish, sanoat va savdo korxonalari ishini qayta tashkil etish va boshqa tadbirlar belgilandi. Zilzila oqibatida vayron bo‘lgan uy-joylar o‘rnida zilzilabardosh yangi binolar qad ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida shahar qiyofasi o‘zgardi. Toshkent go‘zal, zamonaviy shaharga aylandi.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Amir Temur ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.

2012 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Baxshichilik va dostonchilik san’atini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi