2020 год glavnaya Популярные новости Мероприятия

Turli millat vakillari yurtimizga qanday sabablar bilan kelib qolganliklari tarixiga nazar

Insoniyatning ongli yashash tarzi, kishilik jamiyati shakllanib, muhim etnik jarayonlar vujudga keldi.

Qadimgi Sharq, sharqiy va g‘arbiy Eron, ellada hind, turkiy va Xitoy madaniyatlarining o‘zaro ta’siri faol kechdi. Buyuk Ipak yo‘li vositasida turli mamlakatlararo savdo aloqalari keng ko‘lamda olib borildi, diplomatik shartnomalar va harbiy uyushmalar tuzildi.

Bu yo‘lning tarixi miloddan avvalgi II asrning ikkinchi yarmiga Xitoy diplomati va sayyohi Chjan-Szyan O‘rta Osiyo mamlakatlarini xitoyliklar uchun ilk bor kashf etgan davrga borib taqaladi.

Ayni mana shu yo‘l vositasida avval noma’lum bo‘lgan yerlarga olib boruvchi ikki buyuk oqim go‘yo bir-biri bilan tutashgandek bo‘ldi.

Bulardan biri G‘arbdan, O‘rta dengiz mamlakatlaridan O‘rta Osiyoga olib boruvchi yo‘llar edi. G‘arbdan Sharqqa tomon Mesopatamiya tekisligidan Hind vodiysigacha va shimoldan janubga tomon O‘rta Osiyo dashtlaridan Arab dengizigacha yastangan keng mintaqadagi bir-biridan juda olis bo‘lgan madaniyatlar hamda sivilizatsiyalarni o‘zaro bog‘lagan, qorishtirib boyitgan quruqlikdagi va dengiz yo‘llari tizimi shu tariqa yuzaga kelgan.

Dunyodagi eng qadimiy sivilizatsiyalardan biri mana shu mintaqada paydo bo‘lgan. Jahon madaniyatini rivojlantirishda yorqin iz qoldirgan, qadimiy Turon, Movarounnahr, Turkiston hududida ulug‘vor memoriy obidalarga boy tarixga ega bo‘lgan Buxoro, Samarqand, Xiva kabi durdona shaharlar aynan mana shu zaminda bunyod etilgan.

Olis asrlar osha ortga qarab, hozirgi O‘zbekistonning etnik tarkibi shakllanishi tarixiga nazar tashlasak, uning ko‘p millatliligiga hayron qolmasa ham bo‘ladi.

1897 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi O‘zbekiston hududida 70 ga yaqin, 1989 yilgi aholi ro‘yxati ma’lumotlariga ko‘ra esa 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilgan.

Bugungi kunda respublika aholisining qariyb 80% o‘zbeklar, 20% ortiqrog‘ini qoraqalpoqlar, tojiklar, ruslar, qozoqlar, tatarlar, qirg‘izlar, koreyslar, turkmanlar va boshqa millat hamda elat vakillari tashkil qiladi.

Agar urf-odatlari, an’analari, tili o‘xshash bo‘lgan qirg‘iz, qozoq, tojik, turkmanlar azal-azaldan o‘zbeklar bilan yonma-yon yashab kelgan bo‘lsalar, boshqa millat vakillari turli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar oqibatida bu diyorda o‘troq bo‘lib qolishgan.

Masalan, Birinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston hududida Polsha va Boltiqbo‘yi mintaqasidan kelgan qochoqlar paydo bo‘ldi. 1917 yildagi oktabr to‘ntarishidan keyingi davrda esa O‘zbekiston xalq xo‘jaligini rivojlantirish bahonasida sobiq ittifoqning turli hududlaridan har yili yuzlab mutaxassislar yuborilar, ular yangi joyda doimiy yashab qolardilar.

XX asrning 30-40 yillaridagi deportatsiya oqibatida minglab koreyslar, qrim-tatarlar, greklar, mesxeti turklar, kurdlar, balqorlar, chechenlar, ingushlar, qalmiqlar O‘zbekistonga ko‘chirildi. Urush yillarida O‘zbekiston front oldi hududidan evakuatsiya qilingan 1 mln.dan ortiq kishini qabul qildi, ularga yordam, mehr-muruvvat ko‘rsatdi. 1966 yilda Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish uchun sobiq sho‘ro davlatining turli burchaklaridan kelganlarning ham aksariyati respublikamizda doimiy yashab qoldi.

Yuqorida 19 asr oxiridan 20 asr boshlarigacha yurtimizda turli millat vakillarining qanday sabablar bilan kelib qolganliklarini yoritishga harakat qildim. Biroq, tarixiy ma’lumotlarda yozilishicha eramizdan oldingi 6 asrdayoq O‘rta Osiyodagi boshqa millat vakillari yashaganligi aniqlangan.

Eramizdan oldingiIV asrda Aleksandr Makedonskiyning yurishi natijasida bir necha ming elenlar (greklar) yurtimizga kelib qolgan, keyinchalik o‘troq xolda yashay boshlaganlar.

Quyida O‘zbekistonda yashovchi etnoslar tarixidan, shunga o‘xshash faktlarga asoslangan holda ko‘pgina misollar keltirmoqchimiz.

Tarixiy manbalarga asoslanib tayyorlangan bu ma’lumotlarda eramizdan oldingi IV asrdan, to XIX asr oxirigacha bo‘lgan davr ichida qaysi millat vakillari yurtimizga nima sababdan kelib qolganliklari va qaysi davrdan boshlab o‘troq holda yashay boshlaganliklari qayd qilingan.

O‘ZBEKISTONDA YaShOVChI ETNOSLAR

Eramizdan oldingi IV asr – Aleksandr Makedonskiyning O‘rta Osiyoga yurishi natijasida bir necha ming elenlar (greklar) yurtimizga kelib, keyinchalik o‘troq holda yashay boshlaganlar.

Eramizdan oldingi II asr – arxeologik qazilmalar natijasida mana shu davrga oid bo‘lgan qadimgi xitoylarga tegishli topilmalar, O‘zbekiston hududida aniqlangan.

Eramizning I asri – Taxminlarga ko‘ra IV asrda Shimoliy Kavkazda va Kavkaz ortida istiqomat qilgan bolgarlarning ko‘p qismi O‘rta Osiyodan ko‘chib borishgan.

VI asr – Tarixiy manbalarda yozilishicha Kushon davlatida armanlar shahriga asos solingan.

VI asrning ikkinchi yarmi – Buyuk Ipak Yo‘li Samarqanddan, Kavkaz va Vizantiyagacha Buxoro, Xorazm, va Kaspiy dengizining shimoliy qirg‘og‘i bo‘ylab o‘tuvchi Buyuk Ipak Yo‘li yo‘nalishi olingan.

VII asr – O‘rta Osiyoda koreyslar haqidagi dastlabki ilk ma’lumotlar – hozirgi zamon olimlarining taxminicha Afrosiyob saroy kompleksining monumental kompozitsiyalarning birida Koreya vakili aks ettirilgan.

VIII-XII – Ozarbayjon savdogarlari Buxoro, Samarqand, Shosh orqali O‘rta Osiyo bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan.

922 – yil – Arab diplomati Ahmad ibn Fadlan Orol va Kasbiy dengizi o‘rtasida istiqomat qiluvchi turklar, ug‘uzlar va chechenlardan tashqari yana boshqirdlar ham yashashini qayd etgan.

986 – yil – Kiev Rusi knyazi Vladimir tomonidan Xorazm hukmdoriga elchilar jo‘natilgan.

X asr – Hujjatlarda Farg‘ona vodiysida yahudiylik aholi punkti bo‘lgan va u yerda zich yahudiy millatiga mansub aholi istiqomat qilgan.

XIII asr – O‘rta Osiyoda ilk bor polyak millati vakillarining paydo bo‘lishi hujjatlarda qayd qilingan: Vatikan ishlari bo‘yicha Vroslov monaxi Polyak Sirdaryo vodiysi bo‘ylab, Orol dengizidan Qozog‘istondagi balxash ko‘ligacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan va ma’lumotlar yozib qoldirilgan.

XIV asr – Movarounnahr aholisi va Rossiyalik tatarlar o‘rtasida mustahkam savdo-sotiq aloqalari o‘rnatilgan.

XIX asr – Bolgarlar Toshkentda, keyinchalik shaharliklar tomonidan “Bolgarskie ogorodы”nomi bilan ataladigan alohida hududda yashay boshlaganlar. Bu nom va “Bolgarka” iboralarini hozirgi kunda eshitish mumkin. Bu joy shimoliy vokzalning orqa tomonida joylashgan.

XIX asrning 70-80 yillari – Andijonda ilk bora dung‘ay ko‘chmanchilarining paydo bo‘lishi.

1820 – yil – Buxoro amirligiga A.F.Negrining diplomatik tashrifi vaqtida Buxoroda 500 dan ortiq rus millatiga mansub aholi borligi qayd qilingan.

XIX asrning 90-yillari – yer tanqisligi natijasida o‘z yurtlarini tashlab chiqqan ko‘pgina belaruslar, Samarqand viloyati, Mirzacho‘l, Farg‘ona vodiysi shuningdek, Samarqand, Qo‘qon shaharlarida qo‘noq topishdi.

XIX asr oxiri – Toshkent, Samarqand va Farg‘ona vodiysi shaharlarida mingdan ortiq litvaliklar yashashi aniqlangan.

“Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan Respublika Baynalmilal madaniy markazi hamkorligida milliy markazlar raislari va vakillari o‘rtasida 1998 yilning 14-18 noyabr kunlari sotsiologik so‘rov o‘tkazildi. Unda o‘z faoliyati bilan 150 mingdan ko‘proq kishini va yirik milliy guruhlarni qamrab olgan 24 ta milliy-madaniy markazlar ishtirok etgan.

Sotsiologik so‘rov yakunlari so‘rovda qatnashgan tup millatga mansub bo‘lmagan vakillarining 60% dan ko‘prog‘i O‘zbekistonda tug‘ilganligini ko‘rsatdi. Undan tashqari, 7.8 % respondentlar o‘zlarini tup yashovchilar hisoblaydi. Sababi ular O‘zbekistonda tug‘ilgan kishilarning qariyb uchinchi avlodidir.

So‘rov yakunlarining tahlili O‘zbekistonda tug‘ilganlarning ota-onalari asosan qaysi sabablarga ko‘ra Respublikamizga ko‘chib kelganligini ko‘rsatdi.

Javoblar quyidagicha bo‘ldi:

18.1% o‘qish yoki ishga yuborilganlar;

11.8% urush oqibatlarida kelib qolganlar;

10.3% iqtisodiy sabablarga ko‘ra;

9.0% qatag‘on qilingan xalqlar vakillari;

5.3% oilasi bilan birlashishga kelganlar.

Ko‘rinib turibdiki, so‘ralganlarning qariyb yarmini (45.5%) tashkil etuvchi ko‘chmanchilarning bu kategoriyasi uchun O‘zbekiston ko‘p yillar davomida sobiq sovetlar hududida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning ifodasi , boshpana, ish va quvg‘in dahshatlaridan xoli makon bo‘lib qoldi.

O‘zbek millatiga mansub bo‘lmagan so‘ralganlardan 75.5% MDX da 38.8% esa xorijda o‘z qarindoshlariga ega. Ular bilan tegishli ravishda 88.6% va 87.7% aloqa qilishadi yoki chegaralar bo‘linishi bilan qarindosh urug‘lar o‘rtasidagi aloqa uzilmagan.

So‘rov yakunlari O‘zbekistonda yashovchi xalqlar boshqalardan ajralib yashashni istamasliklari va integratsiya jarayonlarini rivojlantirish zarur deb hisoblashlarini ko‘rsatadi. Bu haqida tub millatga mansub bo‘lmagan respondentlar 61.2% elatlar aro nigohlarga ijobiy, 29.0% nikohga kiruvchilarning millatlarga befarq qarashidan dalolat beradi. Faqat 9.6% respondentlargina bir millatga mansub odamlar o‘rtasidagi nikohni ma’qullaydilar.

O‘zbek millatiga mansub respondentlarning 55.3% elatlararo nikohga ijobiy, 38.3% — befarq, 6.4% — salbiy munosabatda bo‘lishgan.

Natijalardan ko‘rinib turibdiki, nikoh, oila, bolalar tushunchalari milliy tushunchalardan yuqoriroq bo‘lib, ular respublikamizdagi elatlararo munosabatlarning mutanosib tarzda rivojlanayotganligini tasdiqlaydi.

Muqaddas Karimova,

Toshkent ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi,

Oliy toifali o‘qituvchi