2020 yil glavnaya

Ulusning ulug‘ ayyomi

Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!

Bu yil Navro‘z yurtimizga tamomila yangicha bir shukuh va tantana bilan kirib kelmoqda. Bugungi kunda jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar, yuksalishlar jarayonida yurtimizda yashayotgan barcha millatlar bilan bir tanu bir jon bo‘lib, ulusning ulug‘ ayyomi – Navro‘zga peshvoz chiqayapmiz.

Mamlakatimiz rahbari “2020 yil Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida“gi qarorida ana shu katta “to‘y”ga katta tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yana bir e’tiborimizni xalqimizning milliy qadriyatlariga, an’analariga, azaliy o‘zligimizga qaratayapti. Zero, Navro‘z bu shunchaki bayram emas, xalqimizning tarixi, madaniyati, falsafiy qarashlarini o‘zida mujassam etgan, ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan e’tirof etilgan bayramdir.

Har bir xalqning o‘ziga xos shunday qadriyat va an’analari bo‘ladiki, u millatning borligini, ulug‘ligini namoyon etib turadi. Millat bilan birga yashaydi, birga ulg‘ayadi, taraqqiy topadi. Xalqimiz tarixi va madaniyatining bir bo‘lagi bo‘lgan Navro‘z ham qadimiy bo‘lishi bilan birga, har yili biz bilan birga yangilanib, anglanib borayotgan ulug‘ va navqiron bir bayramdir.

Qarorda Navro‘zni munosib kutib olish va uni o‘tkazish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilab berilgan. Milliy yuksalish va taraqqiyotning yangi bir bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimizda Navro‘zga o‘xshagan azaliy qadriyatlarimizning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Belgilab berilayotgan vazifalardan biri respublikamizning barcha qishloq va shaharlarda bo‘lib o‘tadigan bayram tadbirlarida “Narvo‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etadigan madaniy-ma’rifiy tadbirlarda navro‘zning tarixi, u bilan bog‘liq urf-odat va an’analarning ahamiyatini keng yoritib berish masalasidir.

Yurtimizning har bir go‘shasida Navro‘z o‘ziga xos tarzda nishonlanadi. Biror go‘sha yo‘qki, ona tabiatning to‘rt fasli o‘z husni tarovatini namoyish etmagan bo‘lsin. Har to‘rt faslda ham quyosh charaqlab tursa-da, bari bir, bizda quyosh sog‘inchi yashaydi. Qurgan uyimizdan tortib, yeydigan nonimizgacha, kiygan kiyimimizdan tortib, tilimizda tugilgan so‘zlargacha, barchasida quyosh bilan bog‘liq qadim tasavvur izlarini ko‘ramiz. O‘tov, tandir, non, so‘zana, do‘ppi va hokazo. “Ko‘karmoq”, “ko‘kat” so‘zlari ham aslida quyosh sari yuzlanmoq, quyoshga talpinmoq ma’nolarini ifodalaydi. Momolarimiz, bobolarimiz sevib, erkalab aytadigan “aylanayin” so‘zida ham aslida quyoshga bo‘lgan ishonch yotadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Biz quyoshni sevgan, uni alqab turli marosimlar uyushtirgan, qo‘shiqlar kuylagan, quyoshsiz hayotini tasavvur eta olmaydigan, mehru muhabbati ham quyoshday qaynoq elning farzandlarimiz. Navro‘z ajdodlarimizning ana shunday quyoshli kunlarga bo‘lgan sog‘inchini ifoda etgan, eng ko‘hna va qadimiy bir bayramidir.

“Bu kun – farishtalar qadrlaydigan kundir, chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni payg‘ambarlar ham qadrlaydi, chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar ham qadrlaydilar, chunki bu kun yilning birinchi kunidir”, deb yozadi Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar” deb nomlangan asarida.

Navro‘z bilan bog‘liq bunday tarixiy, adabiy manbalar ko‘p. Biroq, eng muhimi – bu azaliy qadriyatning bizning kunimizgacha yashab kelayotgani, Navro‘z bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimizning ardog‘ida ekanligining o‘zi eng ishonchli va mo‘’tabar manbadir.

Navro‘z kun bilan tun teng kelgan kundir. Qadimda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvi, uning qutblarini bilish kishilar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. Ajdodlarimiz quyosh, oy, yulduz kabi osmon yoritqichlari harakatini kuzatib, ular haqida mukammal bilimga ega bo‘lganlar. Bu ularning kundalik, xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va diniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Aslida Navro‘z haqidagi mavsumiy marosimlar va qo‘shiqlar mohiyatida ana shu jarayonlar haqidagi tasavvurlar o‘z aksini topgan.

Navro‘z bayrami qadimda an’anaga ko‘ra tozarish, poklanish, yangilanish udumidan boshlangan. Odamlar o‘rtalaridagi gina-qudratlarni unutganlar, bir-birlariga mehr-muruvvatli bo‘lishib, yaxshi tilaklar bildirishgan, gullar hadya etishgan, beva-bechoralarning, bemorlarning holidan xabar olishgan, qabristonlar ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhi shod qilingan, hashar uyushtirilib uy-mahalla, yurt obod qilingan, bog‘ va dalalarga gul-ko‘chatlar ekilgan.

Bobodehqonning ilk bor dalaga qo‘sh chiqarishi ham Navro‘zdan boshlangan. Dalaga qo‘sh chiqarishdan oldin u bilan bog‘liq turli urf-odat, marosimlar o‘tkazilgan. Qurbonliklar qilinib, qo‘shga qo‘shiladigan ho‘kizlarning shoxi yog‘langan. Bu “Shox moylar” marosimidan maqsad yilning qut-barakali kelishiga, to‘kin-sochinlik bo‘lishiga umid qilingan.

Qadimda Navro‘z arafasida ajdodlarimiz yetti xil ekinning urug‘ini ekkan va uning unib chiqishiga qarab yilning qanday kelishini bashorat qilgan. Navro‘z kuni yetti xil taom tayyorlangan. Bular ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, halim, ko‘k osh, do‘lma, sumalak va hokazolar. Yetti raqamiga urg‘u berilishining o‘z asosi bor. Chunki qadimda yetti raqami muqaddas raqam hisoblangan.

Sumalak, boychechak, lola, gul sayllari ham Navro‘z bayrami tizimini tashkil etgan. Navro‘z kuni odamlar ko‘m-ko‘k qirlarga, adirlarga, tog‘larga saylga chiqqanlar, tabiat bilan yuzlashganlar, uning go‘zalligidan, betakrorligidan bahramand bo‘lganlar.

Sumalak – bahorning shifobaxsh, tansiq va shoh taomi hisoblanadi. Sumalakni asosan ayollar tayyorlab, qozon atrofida suhbat qurganlar, childirma chalib, o‘yin-kulgu, hazil-mutoyiba qilganlar, o‘z so‘zlari, kuy-qo‘shiqlari bilan bahorni – yangi yilni alqaganlar. Sumalak tayyor bo‘lgach, uni tayyorlaganlar barchani sumalakxo‘rlikka – sumalak sayliga taklif etishgan.

Navro‘z bilan bog‘liq marosimlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda asosan ikki jihat yaqqol ko‘zga tashlanib turganini ko‘ramiz. Birinchisi, ajdodlar ruhiga bo‘lgan hurmat va ehtirom, ikkinchisi, o‘lib-tiriluvchi tabiatning jonli holda tasavvur qilinishi va ulug‘lanishi.

Navro‘z payti o‘ynaladigan “Oq suyak” o‘yinida ham ajdodlar ruhiga bo‘lgan ehtiromni kuzatamiz. Bu o‘yin haqida Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida ma’lumot beradi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida bu o‘yin bugunga qadar o‘ynalib kelinmoqda. U asosan erta ko‘klam payti, kechqurun o‘ynalgan. “Oq suyak“ o‘yinining aynan Navro‘z payti va tunda o‘ynalishiga sabab, suyak-ajdodlar ruhi yordamida qish-tunni haydab, kunga, bahorga intilish bo‘lgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Aynan ko‘klam paytida fasllar almashinuvi, tabiatning qayta tirilishi, uni jonlantirish bilan bog‘liq marosimlar, tomoshalarning o‘tishi, ushbu marosimlar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali o‘tishini yaratgandan so‘rash, turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida kelayotgan yilning qanday bo‘lishini chamalab ko‘rishga xizmat qilgan.

Ko‘klam marosimining tarkibiy qismi bo‘lgan xalq o‘yinlari ko‘hna tarix bilan chambarchas bog‘liq holda asrlar osha an’ana tarzida yashab kelayotganligi xalqimizning ruhiy quvvati va ijodiy salohiyati benihoya yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Qadimiy an’anaga ko‘ra, Navro‘z asosan maxsus saylgohlarda, qir-adirlarda nishonlangan. Bayram kuni erta tongdan karnay-surnaylar chalingan, jarchilar odamlarni bayramga taklif etishgan. Chavandozlar, polvonlar, qiziqchi masxarabozlar, baxshilar, qo‘shiqchi hofizlar, o‘yinchi-raqqoslar bayram sayliga tashrif buyurganlarga o‘z tomoshalarini namoyish etishgan. Navro‘z kuni odamlar saylgohga – asosan qir-adirlarga yetib kelishgan. Erta tongdan hamma uyidan olib kelgan pishiriq va shirinliklarni dasturxon yoxud maxsus qozonga solishgan. Bu pishiriqlar asosan sumalak, ko‘k somsa, patir non, qatlama, chuchvara, keskan osh, palov, qaynatilgan go‘sht va hokazolardan iborat bo‘lgan. Bu qadimdagi “Qozon to‘ldi” marosimining shu kungacha saqlanib qolgan bir ko‘rinishidir. Qadimda bunday maxsus qozonlar muqaddas sanalgan va ular asosan tog‘lar etagida, yoxud bir ulkan daraxt ostiga qo‘yilgan bo‘lib, ko‘klam payti marosimlarda iloh-ma’budlardan hosildorlik va qut-baraka so‘ralib, ajdodlarimiz tomonidan qurbonlik qilinib, pishirib keltirilgan taom ana shu qozonlarga qo‘yib ketilgan. Tarixchi Gerodot o‘zining “Tarix” kitobida skiflarning ana shunday muqaddas qozoni bo‘lganligi haqida ma’lumotni keltiradi. Unda keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, skif hukmdorlaridan biri o‘z askarlarining sonini bilish uchun ularga kamon o‘qining uchini olib kelishni buyurgan. Keyin esa tog‘day uyulib ketgan ana shu kamon o‘qining uchlaridan ulkan qozon yasalgan. Keyinchalik esa bu ulkan qozonda tangrilarga qurbonliklar qilinib, turli xil taomlar pishirilganini yozadi. Amir Temur davrida yasatilgan ulkan qozon ham bu idishning marosimlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Bugungi kunda respublikamizning turli burchaklarida Navro‘z kuni pishiriladigan “sumalak”, “halim”, “darveshona osh” kabi maxsus taomlar ham ulkan qozonlarda pishiriladi. Qozon qancha katta va unda pishirilayotgan taom qanchalik ko‘p bo‘lsa – yil yaxshi kelib, hosildorlik, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lishidan dalolat beradi, degan tushuncha mavjud. Bu esa “Qozon to‘ldi” marosimi haqidagi qadim tasavvurlarning hali-hamon yashab kelayotganligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Navro‘z o‘zining ana shunday qadimiy an’analarini tiklagan holda xalqimizning chinakam shodiyonasi, xalq sayli sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Navro‘zning kelishi bu shunchaki tabiatning yashnashi, yangilanishi emas, inson ongi va tafakkurining ham yangilanishi deganidir. Bu yilgi Navro‘zning har bir tantanasida yurtimizda yuz berayotgan islohotlar bilan bir qatorda, xalqimizning ongi, tafakkurida yuz berayotgan evrilishlar o‘z ifodasini topadi, deb o‘ylayman.

Navro‘z aslida yangi kun, yangi fasl, yangi yil demak. Xalqimiz orasida uni Yilboshi deb ham atashadi. Navro‘zni biz qaysi nom bilan atamaylik, u haqiqatdan ham millatning ulug‘ kuni, tozarish, yasharish, yangilanish, yuksalish bayrami bo‘lib qolaveradi. Zero, Prezident qarorida ta’kidlanganidek, Navro‘z bizning o‘zligimizni, olis tarixdan to bugunga qadar qanday xalq ekanligimizni o‘zida namoyon etib, xalqimiz bilan birga yashab, yasharib, birga ulug‘lanib kelinayotgan bayramlarimizdan biridir.

UzA Jabbor EShONQULOV,

filologiya fanlari doktori.