2022 yil bosh-sahifa Yangi O'zbekiston

Vladimir Norov O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, unga tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish ham yuklatildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbir davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Vladimir Norov tanishtirildi, unga tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish ham yuklatilgani maʼlum qilindi.

Vladimir Norov hozirgi kunga qadar O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining Abdulaziz Komilovni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etish va uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Norov O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi qaroriga binoan TIV rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 2019-2021 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimida ishlagan.

Favqulodda va muxtor elchi diplomatik martabasiga ega.