Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston — Fransiya”, “O‘zbekiston-AQSH”, “O‘zbekiston-Latviya” do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda “Xalq diplomatiyasida ayollarning o‘rni” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zbekiston-AQSH”, “O‘zbekiston-Fransiya”, “O‘zbekiston-Latviya” do‘stlik jamiyatlari faollari, AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi, Litvadagi “O‘zbek madaniy markazi” jamiyati, Finlyandiyadagi “Yulduz-Markaziy Osiyo” jamiyati raislari hamda jamiyat a’zolari ishtirok etdilar.
Qo‘mita raisi R.Kurbanov onlayn davra suhbatni kirish so‘zi bilan ochib, unda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya, Senatda esa Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tashkil etilishi O‘zbekistonda ayol zotiga ko‘rsatilayotgan katta e’tibor mevasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Ayollarning jamiyatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘rni hamda mavqei, shuningdek, ayollarning davlat va jamiyatdagi rolini kuchaytirish borasida fikrlar bildirildi. Bular qatorida millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari rivojlantirishda ayollarning o‘rni katta ahamiyatga egadir. O‘zbekiston va jahon hamjamiyati o‘rtasida xalq diplomatiyasi, madaniy-gumanitar aloqalar, do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashda mamlakatimiz ayollarining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Bugungi kunda O‘zbekiston ayollarining xalq diplomatiyasidagi rolini 3 ta yo‘nalishda ko‘rib chiqish mumkin.
– Millatlararo munosabatlar va xalq diplomatiyasini nazariy asoslarini o‘rganish bilan shug‘ullanib kelayotgan olima ayollar;
– O‘zbekiston xalq diplomatiyasini rivojlanishiga amaliy hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlar;
– O‘zbekistonni xorijda imidjini oshishiga ko‘maklashib kelayotgan vatandosh xotin-qizlar.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda mavjud 36 ta do‘stlik jamiyatlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni O‘zbekiston xalq diplomatiyasining amaliy rivojiga qo‘shib kelayotgan hissalari ham e’tiborga loyiq. “O‘zbekiston-AQSH”, “O‘zbekiston-Fransiya”, “O‘zbekiston-Bolgariya”, “O‘zbekiston-Afg‘oniston”, “O‘zbekiston-Yaponiya”, “O‘zbekiston-Germaniya”, “O‘zbekiston-Malayziya”, “O‘zbekiston-Italiya” kabi do‘stlik jamiyatlarida xotin-qizlarning ishtiroki va o‘rni kattaligi ular tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan ishlarda ham yaqqol ko‘rinadi. “O‘zbekiston-AQSH” do‘stlik jamiyati raisi o‘rinbosari, Iqtisod fanlari doktori, professor G.Axunova O‘zbekistonda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, keng imkoniyatlar, ilmli ayollarning jamiyatdagi o‘rni, rahbar ayollar, lider ayollar faoliyati haqida aytib o‘tdi. O‘zbekiston xotin qizlarining xalq diplomatiyasida ham ishtiroki samarali bo‘layotganini “O‘zbekiston-AQSH” do‘stlik jamiyatining faoliyati misolida so‘zlab berdi.
Onlayn tadbirda ishtirok etgan AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi faoli, professor T.Aronova AQSHda ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotda roli va o‘rni, shuningdek, hokimiyat va boshqaruv sohalarida lider ayollarning ortib borayotganligini ta’kidladi. O‘zbekistonda ham shunday jarayonlar kechayotgani, O‘zbekiston hukumati tomonidan xotin-qizlarga bu borada berilayotgan imkoniyatlar ularni o‘zlarini ilm-fan, san’at, sportda yanada ko‘proq namoyish etish imkoniyatini berayotgani, mamlakatda gender tengligining muhim isboti ekanligidan darak berishi ma’lum qilindi. “O‘zbekiston-AQSH” do‘stlik jamiyatining uzoq yillar raisi (hozirgi kunda rais o‘rinbosari) bo‘lib faoliyat olib borgan professor G.Axunova tomonidan amalga oshirilgan ishlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida xalq diplomatiyasini rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelayotgani AQSHdagi vatandoshlar tomonidan mamnuniyat bilan aytib o‘tildi.
Onlayn muloqot davomida xorijdagi vatandoshlarimiz va turdosh tashkilotlar, ya’ni, Litva, Latviya, Estoniya, Finlyandiya, Germaniya, AQSH, XXR va Indonezidagi hamkor tashkilotlarimizdagi rahbar ayollarni faoliyatini ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
Onlayn muloqotga Litvada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Litvadagi “O‘zbek madaniy markazi” jamiyati raisi L.Urmanova ham qo‘shilib, ayollarning jamiyatdagi o‘rni borasida Litva tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Oxirgi yillarda Litvada ayollar xar tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi va ularga keng imkoniyatlar, sharoitlar yaratilayotganligi, ayniqsa, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekistonni bugungi kunda erishayotgan yutuqlarini, isloxatlarni xorijiy mamlakatlarda tanititish borasida do‘stlik jamiyatlarining ayollari faol ishlar olib bormoqdalar. “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, Filologiya fanlari doktori, professor R.Shirinova xalq diplomatiyasida ayollarning o‘rni muhimligi, xorijda jamiyat va davlat rivojida xotin-qizlarga berilayotgan e’tibor xususan, oxirgi yillarda Fransiyada ayollarning jamiyatdagi o‘rni, davlat idoralarida esa ayollar soninig ortib borayotganligini ta’kidladi. U O‘zbekistonda ham ayollarning jamiyatda faolligi oila, ta’lim tarbiya masalalarida ham ijobiy natijalarga olib kelishini qayd etib o‘tdi.
Finlandiyadagi “Yulduz-Markaziy Osiyo” jamiyati raisi M.Peyponen Finlandiyadagi ayollarning jamiyat hayotida faol roli, rahbar ayollar va ularning davlat idoralaridagi faoliyati borasida misollar keltirib, Finlyandiya tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llash borasida fikr bildirdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi R.Kurbanov do‘stlik jamiyatlari va madaniyat markazlari raislari hamda ijrochi direktorlari bilan kelgusida mazkur sohada amaliy ishlarni yanada kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni takomillashtirish borasida manzilli va istiqbolli ishlarni ko‘paytirish borasida kelishib oldi.