2021 yil bosh-sahifa Yangi O'zbekiston

“Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlangan Xalqaro press-klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi

16 noyabr BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon ushbu sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. 2019 yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana O‘zbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu yil ham ushbu an’ana davom etib, “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” bo‘lib o‘tadi. 7 kun davomida haftalik doirasida brifing, davra suhbatlari, konferensiyalar, fotoko‘rgazma va boshqa madaniy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunalarini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida namuna bo‘lmoqda. O‘zbekistonning bu ko‘p asrlik tajribasi o‘zbek millatiga xos bag‘rikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi, deb ayta olamiz.


Joriy yilning 15 noyabr kuni Xalqaro press-klubning “Bag‘rikenglik haftaligi”ga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti rahbarlari, O‘zbekistondagi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalari elchixonalari xodimlari, depututlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Milliy madaniy markazlar raislari va do‘stlik jamiyatlari ijrochi direktorlari ishtirok etishdi.

Tadbirlar tashkilotchisi – Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi. Hamkorlar — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xalqaro islom akademiyasi, Tashqi ishlar, Adliya, Madaniyat, Oliy ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi Rustambek Kurbanov O‘zbekistonda yaratilgan millatlararo millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishning huquqiy asoslari, mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar faoliyati, moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida davlat tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’umot berdi. Jumladan, 2021 yil 19 mart kuni Samarqand shahrida Davlat budjeti hisobidan 5 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga 58 ta ish xonasi, 4 ta faollar zali, 3 ta muzey va kutubxonadan iborat “Do‘stlik uyi” foydalanishga topshirilgani, Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan 2020 yil avgust oyida viloyatdagi 8 ta milliy madaniy markazning har biriga bittadan DAMAS rusumli avtomobil va 62 mln so‘mdan, jami 496 mln so‘m topshirildi. Shuningdek Rishton tumanida faoliyat yuritayotgan “O‘zbek-tojik” do‘stlik jamiyati faoliyatini yanada yaxshilash, jamiyat qoshidagi “O‘zbek-tojik” madaniyat markazi binosini kerakli jihozlar bilan ta’minlash maqsadida 150 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ ularning hisob raqamlariga o‘tkazib berilgani xususida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati PAK Viktor Nikolayevich O‘zbekiston va Koreya hamkorlik aloqalarining 18 asrlarda boshlangani, 1937 yilda koreys millati vakillari O‘zbekistonga ko‘chib o‘tganlari, o‘zbek xalqi koreys millati vakillarini kutib olganligi haqida, 2022 yilda koreys millati vakillarini O‘zbekiston hududiga ko‘chib o‘tganlarini 85 yilligini nishonlash to‘g‘risida to‘lqillanib gapirib berdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tojik, turk, qozoq, qirg‘iz, ukrain, rus milliy madaniy markazlar raislari va xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar mutasaddilari yurtimizda olib borilayotgan milliy siyosat, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik o‘z fikrlarini bildirishdi.

Haftalikning asosiy maqsadi aholi, shu jumladan bolalar va yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, fuqarolik mas’uliyati, shuningdek bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati xis-tuyg‘usini mustahkamlash orqali ularning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilish.

Press-klub qatnashchilari turli etnik guruhlarga mansub kishilarning turmush tarziga, xatti-harakatiga, tuyg‘ulariga, fikriga, g‘oyalari va e’tiqodlariga keng fe’llik va sabr-toqatlilik ko‘rsatishni taqozo etuvchi asosiy demokratik prinsiplardan biri sifatada bag‘rikenglik nafaqat davlat, balki shaxsiy, kishilar guruhlari darajasida ham yanada ko‘prok qaror topayotganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Xozirgi kunda O‘zbekiston 130dan ortiq millat va elatlar vakillari uchun umumiy uy hisoblanadi, mamlakatimizda ularning ma’naviy boyishi va madaniy taraqqiyoti uchun teng sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimiz hududida an’anaviy islom dini bilan bir qatorda 16 ta diniy konfessiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo tarqoqlik to‘sig‘i bartaraf etilgan.

Shuningdek, press-klubda bag‘rikenglik qoidalari Asosiy Qonunimizda — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan bo‘lib, unda mamlakat fuqarolariga, ularning milliy, etnik va diniy mansubligidan qati nazar, teng huquqlar taqdim etilganligi ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida quyidagicha yozilgan: «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qati nazar, qonun oldida tengdirlar».

Aytish joizki, tobora globallashib, xalqlar va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan bugungi kunda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning barcha mamlakatlari uchun dolzarb masala hisoblanadi. Dunyoda qancha millat, xalq bo‘lsa, har biri o‘ziga xos fe’li, urf-odatlarga ega. Insonparvarlik, bag‘rikenglik qatorida millatlararo totuvlikka intilish azaldan xalqimizning yuksak fazilati hisoblangan.

Taassufki, hozirgi kunda tinchlik va hamjihatlikka raxna soluvchi illatlar ko‘p. Ayniqsa, mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlarni diniy, irqiy, hududiy millatchilikdan asrash juda muhimdir.

Yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, ularni respublikada istiqomat qilayotgan millatlar tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi yurtimizda keng nishonlanadigan “Bag‘rikenglik haftaligi”ning bosh maqsadi hisoblanadi.