bosh-sahifa

Xalqaro ona tili kuni

Ma’lumki, tillar insoniyatning moddiy va ma’naviy merosini asrashning eng kuchli vositasi bo’lib hisoblanadi. YuNESKOning ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda mavjud bo’lgan qariyb 6 mingta tillarning yarmi, yaqin muddatlar ichida batamom yo’q bo’lib ketishi mumkin.

Shuning uchun ham ona tillarning keng tarqalishiga qaratilgan barcha sa’i-harakatlar nafaqat tillarning turli xilligi va ko’p tillilikning shakllanishi, butun dunyo bo’ylab til hamda madaniy an’analar bilan to’laroq tanishishga, balki o’zaro tushunishga, chidamlilik va muloqotga asoslangan birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ona tillar har bir insonga tug’ilganidan boshlab qanday muhr qoldrishi bilan ham g’oyatda beqiyosdir.
Til va madaniy turli xillikka ko’maklashish maqsadida YuNESKO Bosh konferensiyasining Qaroriga asosan 2000 yildan boshlab 21 fevralь – “Xalqaro ona tili kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Shu munosabat bilan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasida xalqaro ona tili kuni munosabati bilan adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.

Adabiy-badiiy kechada Belarusь Respublikasi, Bolgariya, Isroil davlati, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Polьsha, Rossiya Federasiyasi,Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkiya, Turmaniston, Ukrainaning O’zbekistondagi elchixonalarining rahbarlari va xodimlari yurtimizda faoliyat olib borayotgan turli madaniy markazlar rahbarlari va faollari, shuningdek ommaviy axborotvositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir O’zbekiston Respublikasi mathiyasi bilan boshlanib, yig’ilganlarda bayramona kayfiyat xissini tug’dirdi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi raisining o’ribosari Kamoliddin Ishanxadjaev tadbirga kelgan barcha qatnashchilarni samimiy qutlab, bunday bayram tadbirlarini tashkil etishda Qo’mita har tomonlama yordamini ayamasligini ta’kidlab o’tdi.
So’ng mehmonlar diqqatiga Milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan dastur havola etildi. Unda o’zbek, ozarbayjon, boshqird, rus, ukrain, polyak va boshqa tillarda she’rlar o’qildi, qo’shiqlar ijro etildi.

Umar Salmonov. O’zbekiston turk madaniy markazi raisi: “Bugungi tadbirimiz Xalqaro ona tili kuniga bag’ishlanib juda qiziqarli bo’lib o’tdi. Biz ham O’zbekiston turk madaniy markazi a’zolari faol qatnashib o’zimizning madaniyatimizni yig’ilgan mehmonlarga taqdim etdik. Turk tilida she’rlar o’qildi, qo’shiqlar ijro etilib, qatnashchilarning olqishlariga sazovor bo’ldi. Buning hammasi eng avvalo O’zbekistonda butun millat vakillariga yaratilgan keng huquq va imkoniyatlar, o’z tili va madaniyatini rivojlanishi uchun sharoitlar mujassamligi tufaylidir. Buning uchun biz o’zbek xalqiga, yurtimiz rahbariyatiga o’z minnatdorchiligimizni izxor etamiz. Bizning erkin faoliyat olib borishimiz uchun shunday “do’stlik saroyi” va uning yonginasida “do’stlik bog’i”ni bizga xadya etgan hukumatimizga rahmatimizni bildiramiz. Shu imkoniyatlardan foydalanib, kelgusida o’z faoliyatimizni yanada kengaytiramiz va dunyoning ko’plab mamlakatlari bu sohada O’zbekistondan o’rnak oladi deb umid bildiraman”.

Abiba Yunusalieva. Respublika qirg’iz madaniy markazi raisi o’rinbosari: “Bugun respublikamizda katta bayram, “Xalqaro ona tili” kuni, va bu bayramga bizning qirg’iz madaniy markazi ham o’zining tuxfasi bilan qatnashmoqda. Ona tili – har bir insonning onasining tili va bugungi kunda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari o’z ona tillarida bemalol gaplashib, o’zlarining urf-odatlari, san’ati va madaniyatini rivojlantirish huquqiga egadirlar. O’zbekistonda ta’lim etti tilda olib boriladi va ana shu etti tilning bittasi qirg’iz tilidir. Respublikamizda 56ta qirg’iz tilida ta’lim oladigan maktablarimiz bor. Unda etti mingdan ortiq o’quvchilar o’z ona tillarida ta’lim olish imkoniga egalar. Maktablar uchun qirg’iz tilidagi darsliklar davlatimizning byudjeti hisobidan nashr qilinadi va o’quvchilarga tarqatiladi. Undan tashqari badiiy adabiyotlar ham chop etiladi, radio va televidenieda o’z ona tilimizdagi ko’rsatuv va eshittirishlarimiz bor. Men mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidlab o’tishni istar edim. Bunday imkoniyatlar, aminmanki, boshqa davlatlarda yo’q”.

Haqli savol tug’iladi: nega ona tillarga bunchalik e’tibor qaratiladi? Chunki tillar insoniyat ijodiyotini uning barcha xilma-xilligi bilan ifoda etadi. Tillar o’zaro muloqot, tushunish va fikrlash vositasi sifatida o’tmish, bugungi kun va kelajak o’rtasidagi bog’liqlikni aks ettiradi.