2020 yil glavnaya Yangi O'zbekiston

Xalqimizning ardoqli bayrami

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-martdagi “2020-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan mamlakatimizda xalqimizning bu ulugʻ bayramiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Shu munosabat bilan OʻzA muxbiri filologiya fanlari doktori, folklorshunos Shomirza TURDIMOVga savollar bilan murojaat qildi:

– Shomirza aka, xalqimiz asrlar osha Yilboshi deya katta quvonchu xursandchilik bilan nishonlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Prezidentimizning qarori millatning ziyolisi, folklorshunos olim sifatida sizni ham befarq qoldirmagani shubhasiz…

– Ha, Navroʻz shunchaki bayram emas. Uning millat tarixi, falsafasi, badiiyati va sanʼati, madaniyati, mifologik, diniy va dunyoviy dunyoqarashini, ilmiy tafakkur tarzini oʻzida mujassam etgan qomusiy bir ayyom ekanligi mustaqillik sharofati bilan tiklandi.

Navroʻz hamisha barcha davrlarda ham ommaviy ravishda katta maydonlarda, saylgohlarda zoʻr tantana bilan nishonlangan. Kattayu kichik, yoshu qari, erkagu ayol – butun xalqning ezgu niyatlari, shodiyona olqishlarining quvvati qoʻshilib, borliqni onadan tugʻilganday tozartib, yashnatishga xizmat qilgan. Bayramning tantana qilinishi, unda uyushtirilgan barcha oʻyin-tomoshalar, qoʻshiq-raqslardan kutilgan muddao ham ushbu maqsadga yoʻnaltiriladi. Faqat sobiq shoʻrolar davridagina bu bayram quvgʻinga uchradi, millat hayoti va xotirasidan butkul oʻchirib tashlashga harakat qilindi. Shoʻrolarning asl maqsadi xalqning yodida muhrlangan xotiradan mosuvo etish, oʻzligini, qadr-qimmatini biluvchi avlodlarning tugʻilishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Yaratganga shukrlar boʻlsinki, mustaqillik sharofati ila bu bayram hayotda yana oʻz oʻrnini topdi, yangicha mazmun va mohiyat kashf etdi. Chinakamiga xalq shodiyonasining tantanasiga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “Navroʻz xalqimizning maʼnaviy qiyofasini va pokiza his tuygʻularini, oʻlmas ruhi va madaniyatini oʻzida yorqin namoyon etadigan eng koʻhna, eng sevimli, chinakkam milliy ayyomimizdir”.

– Ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniyning “Bu kun – farishtalar qadrlaydigan kundir, chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni paygʻambarlar ham qadrlaydi, chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar ham qadrlaydilar, chunki bu kun yilning birinchi kunidir”, deb yozgani bekor emas. Navroʻz ana shu tajribalar, bilimlarning mevasimi?

– Oqayotgan vaqtni toʻxtatib boʻlmaydi. Lekin odamizot yer yuzida bino boʻlibdiki, oʻzi yashayotgan joy, atrofini oʻrab turgan olam, osmon yoritqichlaridan ulgu olib, quyoshning chiqib botishidan kun va tunning ajralishini, oyning toʻlib kamayishidan hafta, oylarning yangilanishini, fasllarning almashinishidan yilning yakunlanganini anglagan. Kun va tun teng keluvchi dam yangi yil boshlanishidan darak ekanligini idrok etib, bayram qilgan. Xalq oʻz bilim va tajribalarini avlodlarga meros sifatida oʻtkazar ekan, marosim tarkibidagi har bir harakat, aytim, qoʻshiq, raqs, koʻpdan-koʻp obrazlar ramziy-timsoliy shaklda qandaydir fikrni, axborotni, bilim va tajribaning quyma xulosalarini ifodalab keladi.

Vaqt oqimida yoz va qishning mavsumiy oʻrin almashinishi oʻlib tiriluvchi tabiat haqidagi mifologik dunyoqarashlarda yaxlit tizim sifatida aks etadi, marosim mohiyatini tashkil qiladi. Avvalo, koʻklamda qishki uyquga ketgan tabiatning uygʻonishi, bu hodisalarning ilk darakchilari – boychechakning ochilishi, laylakning kelishi, Hulkar yulduz turkumining botib, Qambarning chiqishi, hamma-hammasi tun va kun teng keluvchi damga – Navroʻzga darakchi boʻlishgan. “Laylak keldi, yoz boʻldi”, “Boychechagim boylandi, Qazon toʻla ayrondi, Ayroningdan bermasang, Qazon-tavogʻing vayrondi…”, “Tepdim sandiq ochildi, Toʻrga bodom sochildi…” kabi aytim-qoʻshiqlar magʻzida ana shu mujdalar turibdi.

– Darvoqe, mavsumiy marosimlarning osmon yoritqichlari harakatiga uygʻunligi, yoz-koʻklamning kelishi Qambar yulduzi, qishning kelishi Hulkar yulduzining koʻrinishiga bogʻliq ekanligi haqidagi bilimlar xalq oʻrtasida keng yoyilgan naql va afsonalar orqali ham yetib kelgan. Navroʻz bilan bogʻliq marosimlar haqida ham aytib oʻtsangiz…

– Navroʻzda oʻtkaziladigan marosimlarning ham alohida mazmun-maʼnosi bor. Bahor oʻsimligi timsoli sifatida eʼzozlanuvchi boychechak haqidagi qoʻshiqlar bevosita Yilboshida oʻtuvchi Boychechak marosimining bugungi kundagi aks-sadosi deyish mumkin. Boychechak marosimi respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida, baʼzi oʻrinlarda qisqa urf-odat koʻrinishida, bir qator hududlarda faqat qoʻshiq shaklida saqlanib kelmoqda. Qadim Boychechak marosimi Jizzax, Gʻallaorol, Samarqand, Urgut, Namangan, Andijonda bolalar tomonidan uyushtiriluvchi urf-odat shaklida saqlanganligi qayd etilgan. Bunda bolalar ilk chiqqan boychechakni olib, xuddi Ramazon qoʻshigʻini aytgani kabi xonadonma-xonadon yurib, quyidagi qoʻshiqni aytishgan:

Bota-bota boychechak,

Uyingizga choch tilla,

Xudoyim oʻgʻil bersin,

Otginasi Rahmatilla…

Yoki:

Baka-baka-bot, boy tilla,

Eshigingizga oy tilla…

Xonadon egalari boychechakchilarga xuddi Ramazon aytib keluvchilarga tortiq berganidek, koʻngillaridan chiqarib hadyalar ulashishgan, bolalar qoʻlidagi boychechakni tavob etib, “Omonlik, somonlik, hech koʻrmaylik yomonlik”, deya olqishlar aytishgan.

Tortiq olganlar esa xonadon egasiga xuddi ramazonchilar aytgandek tilaklar bildirishgan. Aslida bugun urfga aylangan Ramazon aytish odati Boychechak marosimining tadrijiy, oʻzgargan shakli hisoblanadi.

Quyidagi naqlda aytilishicha: yoz vaqti Hulkar yer ostiga kirib ketar ekan. Ana shunday kunlarning birida tuya, ot, sigir, eshak, qoʻy, echki kelishib, Hulkarni yer tagidan chiqarmaslikka ahd qilishibdi. Navbat bilan Hulkar chiqadigan yerni berkitib, poylab turadigan boʻlishibdi. Echkining gali kelganida uning toqati toq boʻlib, bu qachon chiqadi, bir oʻtlab kelay deb, oʻyinga berilib, Hulkarni unutibdi. Bir payt kelib qarasa, Hulkarning boshi koʻrinib, chiqib kelayotganmish. Echki shoshib tuyogʻini teshikka bosibdi. Hulkar uning tuyogʻini teshib, osmonga uchib chiqib ketgan ekan. Agar echki vaqtida oldini olganida, Hulkar yer ostida qolib, hamisha yoz boʻlar ekan.

Nima uchun echki? Naqldagi ot, tuya yoki boshqa hayvonlar emas, aynan echki Hulkarni qoʻyib yuboradi? Aslini olganda, echki yoki uloq bizda koʻklam (yoz) timsoli hisoblanadi. Xalqning tasavvurlar tizimida turuvchi marosimlar, jumladan, folklorda ham har bir hodisotning oʻz timsoli yaratilgan. Masalan, koʻklamning zoomorfik timsoli echki boʻlsa, qish mavsuminiki boʻri obrazidir. Yoz va qish marosimlarida, naql, aytim, qoʻshiqlarida keluvchi ushbu echki va boʻri obrazlari yoz va qishning ramziy-timsoliy mazmunini anglatib keladi. Endilikda bolalar folklori namunasiga aylangan quyidagi toʻrtlikka diqqat qarataylik:

Yomgʻir yogʻaloq,

Echki chaqaloq,

Boyning qizining,

Qorni yumaloq…

“Yomgʻir yogʻaloq” degani – yomgʻir yogʻishga hozirlik koʻrmoqda mazmunini bersa, “echki chaqaloq” misrasi – hali erta koʻklam, erta koʻklam boʻlgani bilan yomgʻir nimagadir kechikmoqda, “boyning qizining” misrasidagi “boy” obrazi Bobo dehqon timsoli boʻlib, uning qizi – haydab, urugʻ qadalgan yerdir. Qoʻshiqda bu yerning “qorni yumaloq”ligi aytilmoqda. Qoʻshiq zamiridagi maʼno xalqning “qorni yumaloq”, “ikki qat” iboralari orqali bildiriluvchi homilaga ishora qilmoqda. Yaʼni yer hosil homilasiga egaligi bildirilmoqda. Ushbu qoʻshiq urugʻ tushgan yerdan ekin unib chiqishi uchun yomgʻir kerakligi haqidagi xalq istak-xohishini ifodalamoqda. Bu qoʻshiq kechikayotgan yomgʻirni chaqirish uchun oʻtkazilgan marosim qoʻshigʻining bizgacha omon qolgan bir qismi, xolos.

Bir soʻz bilan aytganda, Navroʻz bayrami xalqimizning qon-qoniga singishgan, ona sutidek aziz bayramdir. Navroʻz bilan bogʻliq udumlar, navroʻz taomlari, bayramning oʻtish tartibi, barcha-barchasi xalqimizning milliy oʻzligini namoyon etuvchi maʼnaviy hodisa, barhayot anʼana, asl qadriyat hisoblanadi.

Navroʻz nafaqat tabiatning oʻzgarishi, yasharishi, balki inson qalbi, ruhiyati va tafakkur tarzining ham yangilanishidir. Inson tabiatni anglash orqali, oʻzligi, “men”ligini kashf etadi, qalbida oʻziga ishonch, ertangi kun umidi uygʻonadi. Shuning uchun ham bu bayram hamma davrlarda ham tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbatning taronasi, har insonning oʻz xalqi, uning tarixi va madaniyatiga boʻlgan hurmatining nishonasi boʻlib kelgan. Endilikda ana shu maʼno oʻzining chinakam mazmuniga ega boʻldi.

Ozoda BEKMURODOVA

Suhbatlashdi