2020 yil glavnaya Мероприятия Yangi O'zbekiston

Xitoy Xalq Respublikasi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonovning Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

R.Qurbonov mehmonni qutlar ekan, Chin yurtida yangi turdagi koronavirusning tarqalishi munosabati bilan hamdardlik bildirdi va Xitoy hukumatining ushbu illatga qarshi kurashdagi harakatlarini yuqori baholadi. U XXR rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan choralar kasallik o‘choqlari aniqlangan boshqa mamlakatlarda keng qo‘llanilishiga ishonch bildirdi.

 

O‘z o‘rnida elchi Szyan Yan xonim uchrashuv tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchilardan bo‘lib Xitoy xalqi uchun og‘ir damlarda 2 insonparvarlik yuki ortilgan samalyot yuborilgani va ushbu dori vositalari Chin yurti fuqarolarining sog‘ayishi uchun ishlatilganini e’tirof etdi.

Xitoydagi ayni paytdagi vaziyat haqida gapirganda, elchi so‘nggi kun ichida faqat 8 ta koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holat qayd etilganligini, ularning 5tasi virus o‘chog‘i sanalgan Uxan shahrida qolgan 3ta holat esa turli shaharlarda xorij mamlakatlaridan kirib kelgan fuqarolarda kuzatilganini qayd etdi. Shuningdek, Szyan Yan xonim mamlakatimizdagi Xitoy madaniy markazining faoliyati, uning rivojlanishida elchixona tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yordam imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

R. Qurbonov mehmonlarga Qo‘mitaning faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, u Qo‘mita tomonidan mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar, shuningdek, dunyoning barcha mamlakatlari bilan do‘stona madaniy aloqalarni o‘rnatishdagi ulkan tizimli ishlar xususida so‘z yuritdi. Bu borada yurtimizda samarali faoliyat olib borayotgan Koreys madaniy markazlari assotsiatsiyasi, Respublika rus va qozoq milliy madaniy markazlarining milliy urf odatlari, madaniyati, tili hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashdagi rolini e’tirof etdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlkat o‘rtasidagi avvalgi do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Hurmat belgisi sifatida tomonlar esdalik sovg‘alar bilan almashishdi.