2022 yil bosh-sahifa

Yoshlar bizning kelajagimiz

Yoshlar jamiyatimiz kelajagi, shunday ekan mamlakatimizdagi har bir yigit-qiz o‘z zimmasidagi bu mas’uliyatni chuqur anglab yetmog‘i, ilmu tafakkurda yetuk va jamiyat kelajagi uchun munosib komil inson bo‘lib voyaga yetishga harakat qilmog‘i kerak. Zero, har bir jamiyat kelajagi o‘z bag‘rida voyaga yetayotgan ilmda salohiyatli, kasbda iqtidorli va tarbiyasi yuksak bo‘lgan yoshlar bilan o‘lchanadi.

Shu maqsadda mamlakatimizda “Yoshlar oyligi” doirasida qator tadbirlar tashkil qilinmoqda. Joriy yilning 30 iyun kuni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Yoshlar bizning kelajagimiz” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mas’ullari, Respublika milliy madaniy markazlar raislari va yoshlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi faxriylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita foyesida O‘zbekiston turk va uyg‘ur milliy-madaniy markazlari tomonidan milliy hunarmandchilik asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi orkestri ijrosida kuylar yangrab turdi.

 

Tadbirning asosiy maqsadi – o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb qilishdan iborat.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qilmoqda. Yurtimizda bu ko‘rsatkich e’tirof etishga arzigulik – aholining 60 foizdan oshiq qatlami kelajagimiz davomchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli O‘zbekistonni yoshlar mamlakati desak mubolag‘a bo‘lmaydi va bu o‘rinda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Tadbirda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azamat Toshev bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, yetuk malakali mutaxassis bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tdi. U hozirgi vaqtda yosh avlodni bilimli, har tamonlama yetuk inson bo‘lib yetishmog‘i uchun hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilganiga e’tibor qaratdi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari o‘z nutqida milliy-madaniy markazlar faoliyatiga yoshlarni kengroq jalb qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan 30 iyun – yoshlar kuni bayram qilinishi belgilab berildi. Shundan keyin 26 avgustda qonun qabul qilindi. Mana bugun biz bu bayramni keng nishonlayapmiz. Bugungi bayramda turli millat vakillarining ishtirok etayotgani bu o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Sababi yurtimizda 130dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib, faoliyat yuritishadi. Bugungi kunda yurtimizda 152 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritsa, bu yerda deyarli hamma milliy madaniy markazlarimizni faollari, vakillari o‘tirishibdi. Bugungi bayram yana bir tomoni bilan yaxshi bizga o‘rnak bo‘ladigan bayramki, bu yerda bizni ustozlarimiz, iste’fodagi general-mayorlar, polkovniklar o‘tirishibdi. Bugungi kunda biz bilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan alohida bir tizim yaratildi. Bu tizim yoshlar, o‘rta bo‘g‘in, yoshlardan keyingi avlod hamda bizni ustozlarimiz, yoshi keksa bo‘lgan insonlar o‘rtasida mahallada bevosita birgalikda hamkorlik qilish tizimi yaratildi. Mana shu tizim asosida biz o‘tgan yili butun Respublikamizda juda katta bayramlarni birgalikda nishonladik. Bugungi tadbirimizning asosiy maqsadlaridan biri – yoshlarimizga mana shu ustozlarimizni hayot yo‘lini yoritib berish hamda ularning tajribasidan o‘rganib, kelajakda o‘zimizni hayotimizda foydalanishdan iborat” deya fikr bildirdi u.

 

O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi raisi Umar Salmanov bugungi yangi O‘zbekistonda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni biz har bir yoshga yetkazishimiz kerak va bu ishlarni oiladan boshlashimiz kerak dedi. U turk milliy madaniy markazi yoshlari misolida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. “O‘zimizning farzandimizdan, nabiralarimizdan yangi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishni tushuntira bilishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar uchun yo‘l ochiq. Tadbirimizda juda ko‘p yoshlar ishtirok etmoqda. Yoshlar vatanimiz kelajagi shu sababli biz bugun juda ham e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Ularni tarbiyalashdan hech qachon charchamasligimiz kerak” deya ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston uyg‘ur madaniyat markazi raisi Usen Iskenderov, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi raisi istefodagi general — mayor Erkin Norgitov, Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi azosi istefodagi general-mayor Raim Karimov, O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi “Yoshlar qanoti” raisi Rustam Ibragimov, O‘zbekiston uyg‘ur madaniyat markazi “Yoshlar qanoti” raisi, tarix fanlari nomzodi Bahrom Xaynazarov va boshqalar o‘z ma’ruzalarida bugungi murakkab davrda yoshlar tarbiyasi nafaqat davlatning balki fuqarolik jamiyatining institutlari, xususan, milliy madaniy markazlarning ham asosiy vazifasi ekanligi, yoshlarni ish bilan ta’minlash, davlat va jamiyat qurilishidagi rolini oshirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif hamda mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir yakunida vatanimizning dovrug‘ini yoyish ham, buyuk davlatimizni yaratuvchilari ham yoshlar ekanligi alohida e’tirof etilib, yurt taqdiri ular qo‘lida ekanligi qayd etildi.

 

Tadbirning badiiy qismida milliy madaniy markazlar havaskor guruhlari tomonidan o‘zbek, qirg‘iz, uyg‘ur, tojik, qozoq, ozarbayjon tillarida ijro etilgan qo‘shiq va raqslari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

Doniyor Ahmadaliyev
O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi yoshlar qanoti faoli:
“Bugun O‘zbekistonda yoshlar kuni. Bizning milliy madaniy markazda ham yoshlar kuni munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Turli millat yoshlarining chiqishlari, raqslari, kiyimlari namoyish qilinmoqda. O‘zbekistonda millatidan qat’iy nazar yoshlarning barchasiga teng sharoitlar yaratib berilgan. Masalan men Chirchiq davlat pedagogika universitetida tahsil olib kelmoqdaman. Kelajakdagi orzuyim yetuk mutaxassis bo‘lib, vatan ravnaqi yo‘liga xizmat qilish. Bugungi bayram bilan O‘zbekiston yoshlarini chin qalbimdan muborakbod etaman”.