ARAB MILLIY MADANIYAT MARKAZI

Ko‘p asrlardan buyon arablar O‘zbekiston hududida totuv xlqimizning bir millat sifatida yashab kelmoqda. Arablar zich yashaydigan Qashqadaryo viloyatida 1991 yili Arab milliy madaniy markazi tashkil etilgan bo‘lib, u bugungi kunga qadar faol ishlab kelmoqda.

Ushbu markaz tashabbusi va“O‘zbekfilm” studiyasi ko‘magida o‘zbekistonlik arablar tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi “Asrlar qo‘ynidan”, “Jeynovliklar” va “O‘zbekiston arablari” deb nomlangan hujjatli filmlar suratga olindi.

Markaz tashabbusi bilan Jeynov shaharchasida qadimgi texnologiyalar asosida mashhur arab gilamlarini to‘qish korxonasi tashkil etilgan, arab tilini o‘rgatish kurslari ochilgan. Shu yerning o‘zida o‘zbekistonlik arablarning an’analari va urfodatlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi etnografik muzey ham faoliyat ko‘rsatadi. Markaz faoliyatidagi eng yorqin sahifalar taniqli paxtakor, O‘zbekiston Qahramoni Murodullo Saidov (1935–2009) bilan bog‘liqdir.Mirishkor tumanidagi “Jeynov” shirkat xo‘jaligiga rahbarlik qilgan Murodullo Saidov o‘z jamoasini respublikaning eng ilg‘or xo‘jaliklari darajasiga olib chiqqan, shuningdek, Arab milliy madaniyat markazining birinchi raisi sifatida markazning muvaffaqiyatli rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan edi. Davlat va xalq oldidagi xizmatlari yuksak baholanib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra M/Saidov 2002 yil “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Bugungi kunda markazda qadimgi arab qo‘shiqlari va raqslarini ijro etuvchi “AlArabiya” folklor ansambli faoliyat ko‘rsatadi. “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” do‘stlik va madaniyat festivallarining bir necha bor g‘olibi bo‘lgan etnografik jamoaning o‘ziga xos ijodi va san’ati ommaviy bayram tadbirlari va milliy to‘ylarning bezagi hisoblanib, tomoshabinlar tomonidan doimo iliq qabul qilinadi.

Jeynov shaharchasi yaqinidagi Kahlak va Po‘lati qishloqlarida mamlakatimizda yashovchi turli millat va xalqlarning, jumladan arab xalqining atoqli adiblari, fan va madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Qarshi davlat universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Tarix instituti, Qarshi shahar Pedagogika kolleji tadqiqotchilari markaz ko‘magida bir necha yildan beri o‘zbekistonlik arablar tarixi va madaniyati bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Taniqli olim Poyon Ravshanovning tadqiqot materiallariga asoslangan “Jeynov tarixi” deb nomlangan monografiyasi keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.

Arab milliy madaniy markazi Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan rus, tatarboshqird, turkman, tojik milliy madaniy markazlari bilan birgalikda milliy madaniyatlarning o‘zaro boyitilishi va xalqlar do‘stligini mustahkamlashga qaratilgan madaniyma’rifiy tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda.