O‘ZBEKISTON ARMAN MILLIY MADANIY MARKAZI

Bizning o‘lkamizda yashagan armanlar to‘g‘risidagi birinchi ma’lumotlar III–IV asrlarda qayd etilgan. VII–VIII asrlarda qadimgi Termizda arman cherkovi me’morchiligi uslubiga mos qilib qurilgan xristianlar ibodatxonasi faoliyat ko‘rsatgan. Amir Temur zamonasida juda ko‘p arman quruvchilari, zargarlari, qurolsozlari va tosh yo‘nuvchilari Samarqandda ishlaganlar.

1989 yili Toshkentda respublikadagi birinchi arman madaniy markazi tashkil etilgan bo‘lib, bu tashkilotning asosiy vazifasi yoshlarni arman xalqining ko‘pasrlik madaniy merosi bilan tanishtirishdan iborat bo‘lgan. Keyinchalik, Samarqand va Andijonda tashkil etilgan arman markazlari 2001 yilda Toshkent arman madaniy markazi bilan birlashib, O‘zbekiston Arman milliy madaniy markazi tashkil qilindi.
Bu yerda ijtimoiy, millatlararo, madaniyma’rifiy tadbirlar va yoshlar uchun mo‘ljallangan dasturlar muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. 1993 yilda markaz qoshida lingvistika to‘garagi tashkil qilinib, unda arman xalqining 1600 yillik tarixga ega yozuvi hamda arman tili asoslari o‘rgatiladi.Ayni vaqtda Respublika baynalmilal madaniyat markazi hamkorligida dunyoda mashhur armanlar bilan uchrashuvlar tashkil etish ham yo‘lga qo‘yilgan. Taniqli artist Sharl Aznaur bilan uchrashuv “Sharq taronalari”ga Armanistondan tashrif buyurgan delegasiya vakillari ishtirokidagi davra suhbatlari shular jumlasidandir.
2006 yildan boshlab o‘zbekistonlik armanlarning “Depi Apaga” (“Kelajak sari”) jurnali chiqa boshladi.Jurnal tahririyatining tashabbusi bilan “Nash ochag” klubi shakllantirilib, klub tomonidan Tamaraxonim (Tamara Artyomovna Petrosyan) Uymuzeyida o‘tkaziladigan adabiymusiqiy kechalar poytaxt jamoatchiligi hayotidagi mashhur tadbirlar sifatida tan olingan.

Arman markazi qoshida “Arvest” tasviriy va amaliy san’at studiyasi, “Erebuni” raqs maktabi, “Dar — Vek” dramatik studiyasi ishlamoqda. Markazning sport seksiyasi milliy madaniy markazlar o‘rtasida minifutbol bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan va bu musobaqalarda “Apaga” jamoasi uch marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Markazning “Toshkentlik armanlar” deb nomlangan quvnoqlar va zukkolar jamoasi O‘zbekiston oliy ligasining chempioni sifatida tanilgan.

Samarqand va Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan arman cherkovlari Markaz bilan hamkorlikda Rojdestvo, Pasxa hamda Tearndarach, Vardavar, Muqaddas Uzum va Muqaddas tarjimonlar kunlari kabi qadimiy bayramlarni keng nishonlaydilar. Arman millatiga mansub, buyuk san’atkor, xalq artisti Tamaraxonim Petrosyan (1906–1991), madaniyat arbobi, musiqashunos Ashot Petrosyans (1910–1978), O‘zbekiston xalq rassomlari Varsham Yeremyan (1897–1963), Oganes Tatevosyan (1889–1974), Nikolay Karaxan (1900–1970) kabi namoyandalari, shuningdek, Aleksandr Melkumov kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarining rahbarlari misolida yoshlarni vatanparvarlik, o‘z xalqini sevish va o‘zini shaxs sifatida doimo rivojlantirishga intilish kabi fazilatlar o‘rgatiladi. Xalq an’analarini ardoqlash va qo‘llabquvvatlash ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirishga yordam beruvchi va katta tarbiyaviy qudratga ega bo‘lgan o‘ziga xos maktabdir.