O‘ZBEKISTON “AXISXA” TURK MILLIY MADANIY MARKAZI

Turklarning O‘zbekistonga ommaviy tarzda ko‘chirilishi 1944 yili ro‘y bergan. Respublikadagi birinchi turk milliy madaniy markazi 1991 yili Buxoro viloyatida, O‘zbekiston “Axisxa” turk milliy madaniy markazi esa 1997 yilda Toshkent shahrida tashkil qilingan. Hozirgi kunda markaz tuzilmasiga Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi bo‘linmalar kiradi.

Turk xalqining milliy an’analari, urfodatlari, san’atini tiklash maqsadida markaz qoshida “Sevinch”, “AnaDulu”, “Axisxa”, “Arzu” kabi badiiy havaskorlik jamoalari, qo‘g‘irchoq teatri, “MIKO” komediya teatri, “Nazimmedia” va “Gunesh” xalq cholg‘u asboblari ansambllari tashkil etilgan.

“O‘zbekiston — umumiy uyimiz” festivalining g‘oliblik unvoni bilan taqdirlangan markaz ansambllari hamda “MIKO” teatrining aktyorlari nafaqat O‘zbekiston sahnalarida, balki xorijiy mamlakatlarda ham katta obro‘e’tibor qozonganlar. Doul do‘mbirasi, soz va zurna jo‘rligida ijro etiladigan “tello”, “kaklik”, “lezginka” kabi o‘zbekistonlik turklar sahnalashtirgan xalq raqslari Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Ukraina, Ozarbayjon, AQSh mamlakatlaridagi turk diasporasi va Turkiyaning o‘zidagi tomoshabinlarni rom etib, ularning qizg‘in olqishlariga sazovor bo‘lgan.
Markaz va uning viloyatlardagi bo‘linmalarida Mustaqillik kuni, Navro‘z bayrami, Qurbon, Ro‘za hayitlari nishonlanadi, o‘zbekturk do‘stligi kechalari va Turk kinosi kunlari o‘tkaziladi.

Markaz tomonidan muntazam ravishda adabiy uchrashuvlar, milliy liboslar va milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Markaz faollari boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda turli yangi loyihalarda qatnashadilar. Qadimgi xalq urfodatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan jozibali va nihoyatda go‘zal nikoh to‘ylari markaz hayotidagi eng yorqin voqealardan hisoblanadi.
Xalq bayramlari va sayillarida respublikamizning taniqli sportchilari, jumladan taekvondoning ITF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionlari samarqandlik Alijon, Jamil va Ramil Yusupovlar tomonidan tashkil etiladigan sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Markazning asosiy loyihalari doirasida urush va mehnat faxriylarini qutlash va taqdirlash, jismoniy imkoniyatlari chegaralangan fuqarolar uchun xayriya tadbirlarini o‘tkazish, ularni zarur doridarmon va tibbiy texnika bilan ta’minlash ishlari ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistondagi turk diasporasining hayoti va turmush tarzi bilan tanishtiruvchi badiiy filmlarning suratga olinishi ham markaz faollarining tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Shuningdek, “Qismat”, “Chin muhabbat”, “Begona bahor”, “Qizg‘aldoq” badiiy filmlari va“Jiyda guli” teleserialida bosh rollarni markaz faollari ijro etishgan.