O‘ZBEKISTON KOREYS MADANIY MARKAZLARI UYUSHMASI
Koreyslarning Buyuk Ipak yo‘liga daxldorligi va u bilan aloqasi Samarqanddagi Afrosiyob devoriy suratlarida ham qayd etilgan bo‘lib, ularda chet davlatlar vakillari qatori koreyalik mehmon ham tasvirlangan. 1937 yildagi deportatsiya vaqtidan beri O‘zbekistonda yashab kelayotgan koreyslar o‘zlarining yangi vatanlari ravnaqi va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Diasporaning o‘nlab vakillari Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lganlar, jumladan, “Polyarnaya zvezda” xo‘jaligining raisi Kim Pen Xva bu mukofot bilan ikki marta taqdirlangan.
Mustaqillik xalq an’analari, urfodatlari va tilining saqlanishi hamda diasporaning yanada hamjihat bo‘lishi uchun yangi imkoniyatlar yaratib berdi. 1991 yilda tashkil etilgan O‘zbekistondagi Koreys madaniy markazlari uyushmasining Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23 ta bo‘linmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda bu markazlarda koreyslar o‘z ona tillarini o‘rganadilar, boshqa etnik birlashmalar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining davlat va milliy bayramlarini hamda Sollal — koreyscha yangi yil, Tano — yoz bayrami va Chusok — hosil bayrami kabi koreys xalqining milliy bayramlarini nishonlaydilar.
Har bir markaz qoshida folklor raqs va qo‘shiq jamoalari tuzilgan, ona tili to‘garaklari, shaxmat va sportning milliy turlari bo‘yicha seksiyalar faoliyat ko‘rsatadi. Undan tashqari, har bir markazda Oqsoqollar kengashi va diniy marosimlarni tashkil qilish bo‘yicha tashkilotlar faol ishlamoqda. Har yili “O‘zbekistonlik koreyslarning an’analari va urfodatlari” respublika konferensiyaseminari o‘tkaziladi. Ushbu anjuman natijalari bo‘yicha mavzuga oid risolalar chiqariladi. Kengash homiyligida “Ariran” pansionati faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xotira va qadrlash kunida esa mehnat faxriylari taqdirlanadi.
Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi, “O‘zbekiston–Koreya” do‘stlik jamiyati bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi uyushma tomonidan har yili xor jamoalarining respublika festivali, Assotsiatsiya qoshida faoliyat yurituvchi “Tinbo” ilmiytexnik jamiyati tomonidan esa ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda ilgari yashagan va hozirgi kunda istiqomat qiluvchi taniqli koreys arboblari haqida kitoblar va ma’lumotnomalar, “Ariran” ijodiy uyushmasi va Cho Men Xi nomli adabiyot klubi tomonidan koreys yozuvchilari va shoirlarining to‘plamlari nashr qilinadi. Assotsiatsiyaning Yoshlar markazi “Vatandoshlar Network” anjumani, koreys an’analari bo‘yicha seminarlar o‘tkazmoqda, markaz faollari xalq bayramlari, xayriya tadbirlarida muntazam ishtirok etmoqdalar. Mamlakatning turli hududlarida “Koryo”, “Kotbonari”, “Samdiyon”, “Syadal” raqs ansambllarining konsertlari san’atsevarlar qalbini rom qilgan.
Assotsiatsiya ishida yoshlarning faol ishtirok etishi — o‘zbek diyorida salkam 80 yildan beri yashab kelayotgan koreys diasporasi farovon hayotining yorqin dalilidir. O‘zbekistonlik koreyslar hayoti “Koryo sinmun” gazetasi va O‘zbekiston televideniyesida “Chinsen” va “Yagona oilada” teleko‘rsatuvlari orqali yoritib boriladi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizning ijtimoiysiyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan bir necha koreyslar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Ular qatorida Vera Pak (O‘zbekiston Qahramoni) va …, …. kabi mashhur vatandoshlarimiz nomlarini sanash mumkin.