O‘ZBEKISTON QIRG‘IZ MILLIY MADANIY MARKAZI
O‘zbekiston Respublikasida 271 mingdan ortiq qirg‘izlar yashaydi. Birinchi viloyatlararo qirg‘iz madaniy markazi 1991 yili Jizzax viloyatida tashkil etilgan edi.Bugungi kunga kelib Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida va ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi — jami oltita markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu markazlarda milliy madaniyat, an’analar, urfodatlar va tilni rivojlantirish bilan birga xalq og‘zaki ijodiyoti, milliy va jahon madaniyatining gavhari bo‘lmish “Manas” dostoniga katta e’tibor qaratiladi: muntazam ravishda oqinlar o‘rtasida musobaqalar, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning taniqli fan va san’at arboblari bilan uchrashuvlar, kitoblar taqdimotlari o‘tkaziladi. Markaz jamoatchiligi jahon adabiyotining buyuk namoyandasi, xalqaro jamoat arbobi, O‘zbekistonning yuksak mukofoti — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan Chingiz Aytmatov bilan bir necha bor uchrashuvlar tashkil etgan. Toshkent shahar qirg‘iz milliy markazi ishtirokida “Chingiz Aytmatov: o‘zbekistonliklar xotirasida mangu” deb nomlangan xotiralar to‘plami nashr qilingan.
Markazda o‘zbek milliy bayramlariga o‘xshash Navruz, Orozoayt, Kurbanayt kabi milliy va diniy bayramlar juda qiziqarli va rangbarang qilib o‘tkaziladi. Markaz sa’yharakatlari bilan qadimgi urfodatlar: beshiktoy — chaqaloqni beshikka yotqizish, tushokesu — bolaning qo‘ygan birinchi qadamiga bag‘ishlangan va boshqa xalq marosimlari qayta tiklandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston mustaqillik kunlari esa haqli ravishda o‘zbekqirg‘iz do‘stligining yorqin namoyishi sifatida nishonlanadi.
Ommaviy xalq sayillari va bayramlarda markazlar qoshida tashkil etilgan milliy folklor ansambllari ijrosidagi qadimgi va zamonaviy qo‘shiqu raqslar ijro etilib, ular tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinadi. Bunday jamoalar qatoriga “Do‘stlik” va “Jash kiyal” (Andijon), “Manas” (Jizzax), “Manas” (Namangan) va“JanJanay” (Sirdaryo) kabi jamoalarni kiritish mumkin.
Qirg‘iz madaniy markazlari o‘z faoliyatida voyaga yetayotgan avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadilar.Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘qitish qirg‘iz tilida olib boriladigan 60 ta maktab mavjud. Qirg‘iz tilidagi darsliklarni tayyorlash va nashr qilish ishlari bilan “O‘zbekiston” nashriyotining maxsus tahririyati shug‘ullanadi. Qirg‘iz maktablarining o‘qituvchilari, jumladan markaz faollari “Yil o‘qituvchisi” respublika ko‘riktanlovida har yili ishtirok etib, sovrinli o‘rinlar bilan taqdirlanadilar.
Qirg‘izlarning O‘zbekistondagi hayoti to‘g‘risida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining qirg‘iz, o‘zbek va boshqa tillarda uzatiladigan “Aychurek” va “Yagona oilada” teleko‘rsatuvlarida, shuningdek, “Eleman”, “Min kiyal” radioeshittirishlarida hikoya qilinadi.