O‘ZBEKISTON QOZOQ MILLIY MADANIY MARKAZI

Qozoqlar qadimdan o‘zbeklar bilan yonmayon yashab keladilar, bu holatni ikki xalqning tarixiy yaqinligi va turmush tarzlari turlichaligi bilan izohlash mumkin: ko‘chmanchi hayotga moslashgan qozoqlar, asosan, chorvachilik uchun yaroqli yaylovlarda istiqomat qilishgan bo‘lsa, o‘zbeklar savdo markazlari hisoblangan shaharlarda va dehqonchilik bilan shug‘ullanishga yaroqli hududlarda yashaganlar. Ikkala xalq ham “uyingni toshlar bilan emas, do‘stlaring bilan himoya qil” degan maqolga amal qilgan holda hamjihatlik va totuvlikda yashaganlar.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 800 mingdan ortiq qozoq istiqomat qiladi: bu qozoq etnosining Qozog‘iston tashqarisida, MDH mamlakatlarida yashaydigan eng yirik qismi hisoblanadi. 1992 yilning martida qozoqlarning birinchi qurultoyi o‘tkazilib, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu markaz tarkibida Qoraqalpog‘iston Qozoq milliy madaniy markazi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi uning bo‘linmalari, shuningdek, Toshkent shahar bo‘linmasi ish yuritadi.

Markaz faoliyati qozoq millatiga mansub fuqarolarning madaniy ehtiyojlarini qondirish, qozoq tilini o‘rganishga ko‘maklashish, qozoq xalqining an’analari va urfodatlarini asrash, yoshlarning qozoq tilida ta’lim olishlarini ta’minlash maqsadida oliy va o‘rtamaxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, yosh iqtidorlarni qo‘llabquvvatlash kabi turli yo‘nalishlarda olib boriladi.

Milliy madaniy markazlar qoshida folklor, milliy va estrada ansambllari, vokalraqs va cholg‘u asboblari jamoalari faoliyat yuritadilar. Markaz faollarining tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Konimex tumanida tarixiyetnografik muzey, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Shaxsham” etnografiya muzeyi ochilgan bo‘lib, ularda qadimgi mehnat qurollari, uyro‘zg‘or buyumlari, milliy liboslar va bezaklar namoyish qilingan.

Madaniyma’rifiy tadbirlar doirasida har yili “Aytis” oqinlar musobaqasi, “Altibaqan”, “Tusaukeser”va boshqa milliy bayramlar o‘tkaziladi. Markaz rahnamoligi va ishtirokida qozoq milliy madaniyati, adabiyoti va san’atining Toli bi, Ayteke bi, Qazibek bi, Abay, Jambul, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Gabit Musrepov, Muqog‘ali Makatayev kabi taniqli namoyandalarining yubileylari nishonlanadi.

O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi “O‘zbekiston–Qozog‘iston” do‘stlik jamiyati, Qozoqlar umumjahon assotsiatsiyasi, Qozog‘istondagi o‘zbek madaniy markazlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi va ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib keladi.