OZARBAYJON MILLIY MADANIY MARKAZLARI UYUSHMASI

O‘zbekistonlik ozarbayjonlar xalq an’analari va urfodatlarini hurmatlab, ularni avaylabasrab keladilar. O‘zbekistondagi birinchi Ozarbayjon milliy madaniy markazi — “Gardashlik” 1989 yili Toshkentda tashkil etilgan. Keyinchalik, Samarqand va Buxoroda ham markazlar, 2003 yilda esa — Ozarbayjon milliymadaniy markazlari uyushmasi tuzildi.

Markazda millatidan qat’i nazar, barcha xohlovchilar uchun ozarbayjon tilini o‘rganish kurslari, raqs va kashtachilik to‘garaklari, kompyuter savodxonligi sinfi ochilgan. Amaliy san’at va milliy taomlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish an’anaga aylangan bo‘lib, ushbu tadbirlarda Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Kokab Aliyeva rahbarligidagi “Azerbayjan gizlari” ansambli (Toshkent sh.) ozarbayjon xalq qo‘shiqlari va raqslari bilan tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, Toshkent va respublikaning boshqa shaharlarida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda “Gardashlik”, “Ochag” kabi badiiy jamoalar o‘ziga xos chiqishlari bilan ajralib turadi. O‘zbekistonning umumxalq bayramlari — Mustaqillik kuni va Navro‘zga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ozarbayjonlik san’atkorlar muntazam ishtirok etib keladilar. Ozarbayjon elchixonasi bilan hamkorlikda ozarbayjonlik san’at ustalarining konsertlari tashkil qilinadi.

Millatlararo aloqalarni mustahamlash va rivojlantirishga intilayotgan markaz faollari o‘zbek va ozarbayjon madaniyatlarining o‘zaro almashinuvi va boyitilishiga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.
Markaz binosidagi o‘zbekozarbayjon do‘stligi muzeyiga qo‘yilgan eksponatlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgani haqida hikoya qiladi. Muzeyning eksponatlaridan biri — Farg‘ona vodiysida topilgan miloddan avvalgi II ming yillikka mansub ikkita ilon ko‘rinishidagi toshdan yasalgan tumor Ozarbayjondan topilgan tumorga juda o‘xshab ketishi ham xalqlarimizning qanchalik yaqin ekanligini tasdiqlaydi.
Markazda yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga va oliy ma’lumotga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. Yoshlar teatri xayriya tadbirlarida, bolalar bayramlarini tashkil qilishda, ozarbayjon diasporasining ko‘zga ko‘ringan namoyandalarini, jumladan O‘zbekiston va Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Firudin Safarov, erkin kurash bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Mais Ibadovni qutlash marosimlarida faol qatnashib keladi. Turli loyihalarni amalga oshirishda yordam berayotgan yoshlar yangi do‘stlar orttiradilar, an’anaviy xalq urfodatlari bo‘yicha nikoh to‘ylarini o‘tkazib, oila quradilar.
Markaz tomonidan yengil atletika, minifutbol bo‘yicha musobaqalar, shashka va shaxmat bo‘yicha spartakiadalar, shuningdek, O‘zbekiston sport kurashi assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda yunonrum va erkin kurash bo‘yicha turnirlar o‘tkaziladi.
Bugungi kunda markaz va uning Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi bo‘linmalari kelajagi buyuk davlat qurishdek yuksak maqsadga erishish yo‘lida samarali mehnat qilib kelmoqdalar.