RESPUBLIKA TURKMAN MADANIY MARKAZI
Turkmanlar zamonaviy O‘zbekiston hududida qadim zamonlardan beri yashab keladilar. Ular o‘zlarining ko‘pasrlik madaniyati va an’analarini saqlagan holda O‘zbekistonning ko‘pmillatli yagona oilasiga uyg‘un tarzda qo‘shilib ketganlar. Turkmanlarni o‘zbek xalqi bilan tili va tarixiy ildizlarining yaqinligi, shuningdek, ikkala xalq uchun umumiy bo‘lgan epos, afsona va xalq dostonlari birlashtiradi.
Mamlakatimizda yashaydigan 189 mingga yaqin ortiq turkmanlar o‘z milliy madaniyatlari, tili, an’analari va urfodatlarini asrash hamda rivojlantirish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini 2001 yil 7 may kuni tashkil qilingan Respublika Turkman madaniy markazi orqali amalga oshiradi. Bugungi kunga kelib ushbu markazning tarkibiy tuzilmasi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turkman madaniy markazi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari faoliyat yuritib kelmoqda.
Markazlar o‘qitish turkman tilida olib boriladigan 40 dan ortiq maktablarga ko‘maklashadilar, ushbu maktablar uchun mutaxassislar Qoraqalpoq davlat universitetining turkman filologiyasi fakultetida, Beruniy shahridagi pedagogika kollejida tayyorlanadi. Bundan tashqari, respublikada turkman tilida bir qator gazeta va jurnallar chop etiladi.
Yoshlar bilan ishlash dasturlari doirasida markazlar qoshida havaskor badiiy jamoalar tashkil etilgan bo‘lib, ular orasida eng mashhuri Qoraqalpog‘iston Turkman madaniy markazi qoshida faoliyat yurituvchi “Orzu” ansambli hisoblanadi. Ushbu markazda “Mekan” gazetasi ham chop etiladi.
Markaz va uning bo‘linmalari O‘zbekistonning Navro‘z, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni singari umumxalq bayramlarida faol qatnashadilar. Boshqa jamoat va davlat tashkilotlari ishtirokida turkman tilining asoschisi, XVIII asrda yashab o‘tgan buyuk shoir va alloma Mahtumquli, turkman mumtoz shoiri Mollanapes Qodirberdi o‘g‘li kabi insonlarxotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Tadbirlar davomida ushbu arboblarning o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblarining taqdimoti o‘tkaziladi, turkman san’ati va xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish qilinadi.
O‘zaro hurmat, ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan o‘zbekturkman munosabatlarining rivojlanishiga ko‘maklashish barobarida markazlar jamoatchiligi tomonidan har yili o‘zbekturkman do‘stligi kechalari tashkil qilinadi.
O‘zbekiston Turkman madaniyat markazi vakillari har yili Jahon turkmanlarining gumanitar assotsiatsiyasi, Turkman qo‘l gilamdo‘zligini qadrlovchilar umumjahon assotsiatsiyasi konferensiyalarida, Milliy urfodatlar va an’analar xalqaro festivali singari anjumanlarda ishtirok etadi.